O‘zbekistonda havo ifloslanishiga nisbatan aholi munosabati qanday? — Tadqiqot natijalari taqdim qilindi
So‘nggi paytlarda yer yuzida atmosfera havosining ifloslanishi eng dolzarb ekologik muammolardan biriga aylanib bormoqda. Iqlim o‘zgarishi, sanoat rivoji va turli ko‘rinishdagi chiqindilarning ko‘payishi kabilar bilan chambarchas holda havo tarkibi va sifati o‘zgarib borayotganini o‘zimiz kuzatib, guvohi bo‘lib turibmiz. Chunki bu muammo O‘zbekiston uchun ham begona emas. Ayniqsa, o‘tgan 2025-yilda dunyo bo‘yicha poytaxtimizda bir necha marotaba eng iflos havo qayd etildi.
Mamlakatimizda Jahon banki hamda Buyuk Britaniyaning Toshkentdagi elchixonasi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston fuqarolarini tinglab” (L2CU) tadqiqoti o‘tkazib kelinmoqda. Mazkur tadqiqotda havo ifloslanishiga nisbatan aholining munosabati ham so‘rovnoma asosida o‘rganilgan. Ushbu tadqiqot natijalariga bag‘ishlangan tadbirda ekspertlar so‘rovnoma xulosalarini taqdim etdi.

Tadqiqotchilar va ekspertlarning aytishicha, O‘zbekistonda atmosfera havosi ifloslanishi o‘rganilganda ifloslanish omillarining yarmi O‘zbekiston hududining o‘ziga to‘g‘ri kelsa, qolgan yarmi qo‘shni hududlardan kirib keladigan havo oqimi tarkibidagi chiqindilarga bog‘liq. Havodagi chang miqdori tahlil qilinganda, tuproq changidan ko‘ra ko‘proq sanoat, energetika va isitish tizimlari, avtomobillar va qishloq xo‘jaligidan chiqadigan changlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Yil davomida havoning ifloslanishi bo‘yicha eng ko‘p ifloslanish kuzatiladigan paytlar qaysi mavsumga to‘g‘ri kelishi haqidagi so‘rovnomalarda aholining aksariyati qish faslini aytmagan. Aslida esa qish kunlarida, ya’ni isitish tizimlari ishga tushgan vaqtlarda havo ifloslanishi eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etadi.
Shuningdek, respondentlarning 45 foizi eng ko‘p ifloslanishga chiqindilar sabab bo‘ladi, deb o‘ylashar ekan. Ammo isitish tizimlari eng asosiy ifloslanish manbasi hisoblanadi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, havoning ifloslanishi masalasida uy xo‘jaliklarining qariyb to‘rtdan uch qismi uni salomatlik uchun jiddiy xavf deb hisoblaydi. Shu bilan birga, davlat aralashuvini qo‘llab-quvvatlash darajasi yuqori: uy xo‘jaliklarining 90 foizdan ortig‘i ifloslantiruvchi texnologiyalarni modernizatsiya qilish uchun rag‘batlantirish choralarini hamda barqaror investitsiyalardan foydalanish imkoniyatini yaxshilashni qo‘llab-quvvatlaydi. 80 foizdan ortig‘i esa shaxsan amaliy harakat qilishga tayyorligini bildirgan.
Ushbu natijalar maqsadli siyosiy choralar va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlariga nisbatan jamoatchilik tomonidan aniq talab mavjudligini ko‘rsatadi.
Ekspertlar tadqiqot natijalaridan kelib chiqqan holda atmosfera havosi sifati uchun javobgarlik masalasida aholi va davlat hamkorligi, mahalliy hokimliklar va mahalla darajasidagi sa’y-harakatlar muhimligini e’tirof etdi. Shuningdek, aholi xabardorligini oshirish ham dolzarb ahamiyatga ega ekanligi urg‘ulandi.
Darhaqiqat, mamlakatimizda ekologik siyosat doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar atmosfera havosini yaxshilash va boshqa ekologik muammolar ta’sirini kamaytirish va yumshatishga qaratilgani bilan ahamiyatli. Bu sohada hamkorlikdagi tadqiqotlar, ilmiy xulosa va tahlillar esa amaliy sa’y-harakatlar samaradorligini ta’minlashga zamin bo‘ladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA