O‘zbekistonda ham pulli yo‘llar joriy etiladimi? (+video)
Ushbu savolga O‘zbekiston Milliy axborot agentligining @uza_uz telegram kanali orqali “Yo‘l-loyiha byurosi” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan hamkorlikda o‘tkazilgan ovozli chat orqali Avtomobil yo‘llarini loyihalash bo‘limi loyiha bosh muhandisi Behzodjon Xoliqov batafsil javob berdi.
– Pulli yo‘llarni tashkil qilish O‘zbekistonga ham kirib kelmoqda, –deydi B.Xoliqov. – Hozir loyihalash ustida harakatlar boshlangan. Pulli yo‘llarni tashkil qilish xalqaro loyiha tashkilotlari tomonidan belgilangan.
Asosan pulli yo‘llarni hozircha “Toshkent – Samarqand” va “Toshkent – Andijon” yo‘nalishida loyihalash ko‘zda tutilgan. “Toshkent – Samarqand” pulli yo‘l qurilishi Turkiyaning “Cengiz Enerji Sanayii ve Ticaret A.S”, “KaneH” va “Komm” kompaniyalari konsorsiumi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
“Toshkent – Andijon” yo‘nalishi Buyuk Britaniyaning “Arup” kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Ushbu loyiha tashkilotlari hozirgi vaqtda texnik-iqtisodiy asoslash bosqichini amalga oshiryapti. Soha mutaxassislari o‘tkazgan bir nechta taqdimotda ishtirok etdim. Ayni paytda ular trassani tanlash, yo‘nalishni belgilash, uning afzalliklari va noqulayliklari nimadaligi ustida izlanishyapti.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/tzr_HvqxUJc" title="O‘zbekistonda ham pulli yo‘llar joriy etiladimi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>– Yo‘lsozlik talabi bo‘yicha shahar markazlaridagi ko‘chalarning eni necha metr bo‘lishi kerak?
– Shahar ko‘chalarining eni qancha bo‘lishi bo‘yicha belgilangan normalar bor. Har bir shahar ko‘chasi loyihalashtirilayotganda shaharsozlik tashkiloti bilan hamkorlikda kelishib, loyiha chizamiz. Chunki ularda shaharning 100-150 yillik loyihalari mavjud. Undan tashqari avtomobillar soniga, piyodalar hamda velosipedlar uchun mo‘ljallangan yo‘laklar, ko‘kalamzorlashtiruvchi yashil maydonlarga qarab loyiha chizamiz.
Ayrim ko‘chalar 5-10 metr, ba’zi joylar juda katta masofa talab qiladi. Magistral ko‘chalarda bitta avtomobil yurishi uchun 3,75 (3 metr 75 santimetr) mo‘ljallangan. Tezkor yo‘llarimiz 3 metr 50 santimetr, mahalliy ahamiyatdagi yo‘llar 3 metr yoki 3 metr 25 santimetr bo‘lishi mumkin.
N.Rahmonova, A.Sodiqov (video), O‘zA