O‘zbekistonda go‘shtning narxi qancha?
Bugun bozorlarimizda go‘shtning narxi qancha? Masalan, “Farhod dehqon bozori”da suyaksiz go‘shtlar 125-130 ming so‘mdan sotilmoqda. Boshqa bozorlarda ham shunday o‘rtacha narx 125-140 ming so‘mni tashkil etadi.
Albatta bu eng avvalo go‘shtning sifati, turiga ham bog‘liq. Chunki, xaridorlar ko‘pincha eng sara go‘shtni olishni istaydi. Shuning uchun suyakli go‘shtlar 30-40 ming so‘m arzonroq sotiladi.
Bundan tashqari import qilib olib kelinayotgan go‘shtlar xaridorlarga suyaklisi 65 ming so‘mdan va suyaksizi 80 ming so‘mdan taklif etilmoqda. Ularning narxi arzon bo‘lsada mahalliy yetishtirilgan chorva mahsulotlariga bo‘lgan talab xalqimizda yuqori.
Shu bilan birga poytaxt bozorlari bilan respublikamizning turli hududlarida sotilayotgan go‘shtning narxi biroz farq qiladi. Chunki, Toshkent shahridagi arzonlashtirilgan rastalardagi 65-75 ming so‘mlik go‘shtning bir kundagi sotilishi 15-18 foizni, tadbirkorlar rastasidagi 90-95 ming so‘mlik ro‘zg‘orbop go‘shtlar 82-85 foizni,110-130 ming so‘mlik suyaksiz (lahm) go‘sht 1-2 foizni tashkil etadi.
Shu o‘rinda mahsulot yetkazib beruvchi chorvadorlar ham bugungi bozor talab va taklifidan kelib chiqib, o‘z xarajatlarini chegirib tashlab, narx belgilaydilar.
Mamlakatimizda o‘tgan yili chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirish uchun umumiy qiymati 5 trillion 800 milliard so‘mlik 1 ming 300 dan ortiq loyiha amalga oshirildi. Buning natijasida mahsulot ishlab chiqarish hajmi oshdi.
Ushbu davrda 2 million 900 ming tonna tirik vaznda (1 million 700 ming tonna so‘yilgan vaznda) go‘sht ishlab chiqarildi. Shuning barobarida jami 93 ming tonna go‘sht import qilindi.
Ya’ni, ishlab chiqarilgan go‘shtga nisbatan import salmog‘i 5.4 foizni tashkil etdi. Import qilingan go‘shtning 70 foizi qayta ishlash korxonalariga yo‘naltirilgan bo‘lsa, qolgan qismi Toshkent shahri dehqon bozorlaridagi arzonlashtirilgan savdo rastalarida sotildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 30 yanvardagi “Yaylovlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Chorvachilik va parrandachilikni qo‘llab-quvvatlash, sohada yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinishi ham endilikda soha uchun ko‘plab qulayliklarni yaratib berdi.
Respublikamizda chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida so‘ngi besh yilda chorvachilik korxonalarida chorva mol bosh soni ikki barobarga, mahsulot ishlab chiqarish uch barobarga oshirildi.
Naslchilik korxonalarining soni 400 tadan 1900 taga va zoti yaxshilangan qoramollar salmog‘i 30-35 foizdan 70-75 foizga yetkazildi.
Respublikamiz aholisini go‘sht bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha hukumatimiz tomonidan tasdiqlangan dasturlar asosida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining joriy yilda qabul qilgan Farmon va qarorlari mamlakatda yaylov xo‘jaligini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqishi, sohada boshqaruvning ixcham va samarali tizimini joriy etishda, chorvachilik xo‘jaliklarining yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarini e’tirof etish borasidagi masalalarni hal qilishda muhim ahamiyatga ega.
Albatta boshlangan islohotlar kelgusida aholi sevib iste’mol qiladigan go‘sht va sut mahsulotlari tannarxining arzon bo‘lishiga, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish hamda tarmoqda faoliyat
olib borayotgan insonlarning moddiy manfaatdorligining oshishiga xizmat qiladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/5Tap-K4brXQ" title="O‘zbekistonda go‘shtning narxi qancha?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Abror Sodiqov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA