O‘zbekistonda “Better Work” dasturini amalga oshirish natijalari xalqaro darajada yuksak baholandi
Xalqaro mehnat tashkilotining 114-sessiyasi doirasida Oliy Majlis Senati Raisi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya raisi Tanzila Norboyeva Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktori Jilber Ungbo bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va XMT o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, shuningdek, munosib mehnat, ijtimoiy adolat tamoyillarini yanada ilgari surish va aholining ijtimoiy himoyasini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Jilber Ungbo O‘zbekiston delegatsiyasining Xalqaro mehnat konferensiyasining 114-sessiyasidagi faol ishtirokini yuksak baholadi hamda mamlakatimizda mehnat, bandlik va ijtimoiy himoya sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini qayd etdi.

O‘zbekistonda “Better Work” dasturini amalga oshirish natijalari e’tirof etildi hamda yetakchi xalqaro brendlar va investorlar uchun mamlakatning jozibadorligini oshirishga qaratilgan mazkur tashabbus doirasida hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
2026-2030-yillarga mo‘ljallangan munosib mehnat bo‘yicha yangi mamlakat dasturini kelishib olish zarurligi aytib o‘tildi. Institutsional hamkorlikni yanada mustahkamlash borasidagi navbatdagi qadam sifatida Toshkentda XMT mamlakat ofisining ochilishi muhimligi alohida ta’kidlandi.
O‘zbekiston tomonidan XMTning ratifikatsiya qilingan konvensiyalari to‘liq bajarilishini ta’minlash va mehnat sohasidagi xalqaro majburiyatlarga rioya qilish bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Bundan tashqari, XMT tashabbuslarini mintaqa darajasida ilgari surishda O‘zbekistonning roli ortib borayotgani qayd etildi.
Mamlakatimizning Bandlik va ijtimoiy himoya bo‘yicha global akselerator, Ijtimoiy adolat uchun global koalitsiya kabi xalqaro tashabbuslarni amalga oshirishga qo‘shgan hissasi e’tirof etildi.
Uchrashuv yakunida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash xalqaro mehnat standartlarini ilgari surish va O‘zbekistonning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
N.Abduraimova, O‘zA