O‘zbekistonda 172 ming gektar intensiv meva bog‘i barpo etiladi
Mamlakatimizda intensiv mevachilikni rivojlantirish va eskirgan bog‘larni yangilashni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim hujjat qabul qilindi.
Davlatimiz rahbarining joriy yilgi “Sanoat usulidagi intensiv mevali bog‘lar barpo etish va eskirgan bog‘larni yangilashni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan 2026–2028-yillarda mamlakat bo‘ylab 172 ming gektar sanoatlashgan meva bog‘lari barpo etish vazifasi belgilandi.
Farmonga muvofiq, 2026-yil 1-iyuldan boshlab eskirgan bog‘larni yaroqsiz deb topish, ular o‘rnida sanoatlashgan bog‘lar tashkil etish yoki yerlarni haydaladigan yerlar toifasiga o‘tkazish bo‘yicha xulosa berish vakolati Agrosanoatni rivojlantirish agentligiga ham beriladi.
Shuningdek, agentlik tomonidan xulosa berilgan sanadan boshlab 12 oy davomida yangi bog‘ yoki tokzor barpo etilmagan taqdirda, mazkur maydonlar uchun yer solig‘i va suvdan foydalanganlik uchun soliq stavkalari uch baravarga oshiriladi. Agar 24 oy mobaynida ham yangi bog‘lar tashkil etilmasa, ushbu hududlarda suv olish taqiqlanadi.
Farmonda bog‘dorchilik sohasini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari ham nazarda tutilgan. Xususan, tijorat banklari orqali har bir gektar uchun 120 million so‘mgacha bo‘lgan kreditlar 7 yil muddatga, 3 yillik imtiyozli davr bilan va yillik 14 foiz stavkada ajratiladi.
Bundan tashqari, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan meva-sabzavotchilik sohasi uchun ajratiladigan kreditlar bo‘yicha ham yillik 14 foizlik stavka belgilanmoqda.
Yana bir muhim yangilik sifatida, xorijiy davlatlardan “in-vitro” usulida yetishtirilgan va sertifikatlangan meva ko‘chatlarini import qilish uchun tadbirkorlarga har bir ko‘chat uchun 5 AQSH dollarigacha ekvivalentda kredit ajratish tartibi joriy etiladi. Bunday kreditlar 18 oygacha muddatga milliy valyutada va yillik 14 foiz stavkada beriladi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, mazkur chora-tadbirlar mamlakatda yuqori hosildor va eksportbop intensiv bog‘lar maydonini kengaytirish, sohaga investitsiyalarni jalb qilish hamda qishloq xo‘jaligi samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA