O‘zbekiston yangi xalqaro tashabbuslar markaziga aylanmoqda
Bugun olam ko‘z o‘ngimizda transformatsiya jarayonlarini boshdan kechirmoqda. Ularning ko‘lami va qamrovi shu qadarki, faqat dunyo tartiboti o‘zgargan davrlar bilan qiyoslash mumkin. Avvalgi “o‘yin qoidalari” o‘tmishda qolmoqda.
Yangilari esa endigina shakllanyapti va davlatlarni noaniq sharoitlarda ish yuritishga majbur qilmoqda. Global iqtisodiyot tebranib turibdi, jahon siyosiy xaritasida yangidan-yangi “qaynoq nuqta”lar paydo bo‘lyapti. Xalqaro munosabatlar esa muvozanatda bo‘lsa-da, arzimagan noto‘g‘ri harakat butun boshli mintaqalar hayotining izdan chiqishiga olib keladigan darajada o‘ta beqaror holatda.
Bu o‘zgarishlarning qanchalik sezilayotganini O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yaqinda bo‘lib o‘tgan hududlarning turizm salohiyatini yanada kengaytirish hamda xorijiy hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini jadallashtirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishida aytgan so‘zlaridan ham anglash mumkin. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, jahon iqtisodiyotida favqulodda vaziyat kuzatilmoqda, uch-to‘rt kun ichida xalqaro moliya bozorlarida 10 trillion dollar mablag‘ yo‘qotildi. “Bu tebranishlar bizga ta’sir qilmaydi, deb o‘ylaganlar adashadi”, dedi Prezident. Bu so‘zlar nafaqat ogohlantirish, balki siyosiy vazifa hamdir: O‘zbekiston dunyoda yuz berayotgan hodisalarga faqat nekbinlik bilan emas, sovuqqon hushyorlik bilan ham nazar soladi.
Vaziyat Yevropadan Yaqin Sharqqacha, Janubiy Osiyodan Afrikagacha bo‘lgan ulkan hududda davom etib kelayotgan va birdan lov etib yonib ketishi mumkin bo‘lgan ziddiyatlar tufayli yanada murakkablashmoqda. Yangi tanglik o‘choqlari, jumladan, chegaralarimizdan unchalik uzoq bo‘lmaganlari, bizga betaraflik va barqarorlik abadiy emasligini eslatib turibdi. Sarhadlarni mustahkamlash va muhofaza qilish lozim.
Hamma eshitayotgan ovoz
Bugungi global noaniqlik sharoitida Shavkat Mirziyoyev prezidentligining ilk yillaridan olib borayotgan tashqi siyosat strategiyasining ahamiyati, ayniqsa, yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Bu yerda so‘z, eng avvalo, Markaziy Osiyoning mintaqaviy integratsiyalashuvi Qoyasi haqida bormoqda. Bu balandparvoz formula emas, balki kollektiv barqarorlik, xavfsizlik va taraqqiyotning amaliy vositasidir.
Mintaqa davlatlarining o‘zaro yaqinlashuvi bo‘yicha qadamlar juda ehtiyotkorlik bilan qo‘yildi. Biroq bunday vazminlik ortida uzoqni ko‘zlab chuqur o‘ylangan siyosat yotardi. O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo qarama-qarshiliklar ummonidagi “barqarorlik orolchasi” maqomini saqlab qolmoqchi ekan, u hech bo‘lmaganda barcha eshitishi kerak bo‘lgan umumiy ovozga ega bo‘lishi kerakligini yaxshi anglagan edi.
Va bu ovoz eshitildi.
Bugungi kunda biz mintaqaning yangi sub’ekt sifatida shakllangani haqida ayta olamiz. Markaziy Osiyo endi avvalgidek kimningdir ta’siri ostida bo‘lgan chekka o‘lka, buyuk davlatlar o‘rtasidagi “bufer” emas. U — mustaqil, jipslashgan tashqi siyosat aktori. Uning nufuzi nafaqat jug‘rofiyasi (Markaziy Osiyo mamlakatlari jami 4 million kvadrat kilometr maydonni egallab, hudud jihatdan dunyoda 7-o‘rinda turadi) va demografiyasi (aholisi 80 million kishi atrofida, bu esa — dunyo bo‘yicha birinchi yigirmatalikka kiradi, degani), balki dunyo davlatlari, xususan, global o‘yinchilar bilan shakllantirayotgan munosabatlarining sifati bilan ham belgilanadi.
“Markaziy Osiyo plyus” formatidagi uchrashuvlar buning yaqqol isboti bo‘ldi: kuchli strategik irodaga ega bo‘lgan, o‘z manfaatlari va ularga erishish yo‘llarini yaxshi anglagan mintaqalar bilan tenglik asosida muloqotlar yo‘lga qo‘yildi. Toshkent tomonidan ilgari surilgan tashabbusni mintaqa davlatlari qo‘llab-quvvatladi va bugun uning samarasini inkor etib bo‘lmaydi.
“Markaziy Osiyo plyus” formatidagi uchrashuvni birinchi bo‘lib Hindiston 2022 yil 27 yanvarda o‘tkazdi. Keyin — Rossiya (sammit Ostonada 2022 yil oktyabrda bo‘lib o‘tdi) va Xitoy (Sian shahrida 2023 yil 19 mayda). Shundan so‘ng bu jarayonga Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi (Jidda, 2023 yil 19 iyul), AQSH (Nyu-York, 2023 yil 19 sentyabr), Germaniya (Berlin, 2023 yil 29 sentyabr) va Yevropa Ittifoqi (Samarqand, 2025 yil 4 aprel) qo‘shildi.
Alohida qayd etish joizki, Markaziy Osiyo — YeI sammitining aynan O‘zbekistonda o‘tkazilishi ramziy ma’noga ega. Tarixiy tamaddunlar chorrahasi bo‘lmish Samarqand teng huquqli, pragmatik va natijaga yo‘naltirilgan yangi turdagi diplomatiya sahnasiga aylanmoqda. O‘zbekiston Prezidenti Samarqand sammitida aytib o‘tganidek, Buyuk Ipak yo‘lining asosiy yo‘nalishlari chorrahasida joylashgan ushbu shonli shahar sivilizatsiyalar muloqoti hamda Sharq va G‘arb o‘rtasidagi diplomatiya, savdo va madaniy almashuvlarning muhim markazi bo‘lgan.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, mintaqa mamlakatlari o‘rtasida ishonch va yaxshi qo‘shnichilik mustahkamlanayotir, keng ko‘lamli hamkorlik va kooperatsiya aloqalari kengaymoqda. Markaziy Osiyoning ochiqligi va barcha sheriklar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikka tayyor ekani mintaqada xavfsizlik va farovonlikni ta’minlashning eng muhim shartiga aylandi.
Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen sammitda nutq so‘zlar ekan, Samarqandning tarixiy rolini ta’kidlab, u ko‘p asrlar davomida Markaziy Osiyoning urib turgan yuragi, ulkan savdo yo‘lining markazi bo‘lib kelganini, bu qadimiy shahar yangi hamkorlik va do‘stona kelishuvlarga ham guvoh bo‘lganini aytdi.
— Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi birinchi sammitda ishtirok etish — bu bizning uzoq muddatli do‘stligimizda yangi sahifa ochish imkoniyatidir, — dedi u. — Yangi global to‘siqlar paydo bo‘lmoqda. Ammo biz Markaziy Osiyoda boshqa yo‘l borligini ko‘rsatmoqdamiz. Markaziy Osiyo faxrli, suveren davlatlar mintaqasi bo‘lib, ko‘hna tarix va katta maqsadlarga ega. Mintaqadagi strategik joylashuv global savdo yo‘llari va investitsiyalar oqimini ochishi mumkin. Va bu yangi investitsiyalar suverenitetni mustahkamlashga yordam beradi. Bular sizning iqtisodiyotingizni mustahkamlaydi. Va eng muhimi, ular yangi do‘stlikka turtki bo‘ladi, odamlarni birlashtiradi. Biz yevropaliklar bu yangi bobda sizning ming yillik tarixingizdagi hamkorlaringiz bo‘lishni xohlaymiz.
Ilgari bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi sammitlarni sanaganda, ayrimlari rejalashtirilgan, ammo hech kimga bog‘liq bo‘lmagan holda o‘tkazilmay qolganini ham eslab o‘tish kerak. Yaponiya, Janubiy Koreya rahbarlari bilan, o‘tgan dam olish kunlarida esa Italiya rahbari bilan uchrashuvlar bo‘lishi kerak edi. Bu ham bir ko‘rsatkich. Negaki, shu tashabbuslar ortidagi maqsad va niyatlar o‘z kuchida qoldi. Yaponiyada, nufuzli “Nikkei” gazetasida qayd etilganidek, Markaziy Osiyoni, shu jumladan, O‘zbekistonni yangi iqtisodiy imkoniyatlar ochib beruvchi strategik jihatdan muhim mintaqa, deb hisoblashadi.
Nashrda Yaponiya hukumatining Markaziy Osiyo bilan munosabatlarni faollashtirishga tayyor ekani ta’kidlanadi. Unda eslatilishicha, 2024 yilga rejalashtirilgan “Markaziy Osiyo — Yaponiya” birinchi sammiti Yaponiyada kuchli zilzila yuz berish xavfi sababli sobiq Premer-ministr Fumio Kishida tomonidan qoldirilgan ekan.
Gazetadagi ma’lumotlarga ko‘ra hukumat yangi rahbari Shigeru Ishiba ma’muriyati bu tashabbusni hamda Yaponiyaning mintaqadagi ishtirokini kuchaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
“Markaziy Osiyoda, ayniqsa, O‘zbekistonda keyingi paytda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida Yaponiyaning siyosiy doiralarida Markaziy Osiyoni strategik jihatdan muhim mintaqa, deb hisoblash tendensiyasi kuzatilmoqda”, deb yozadi “Nikkei” gazetasi muxbiri.
Chegaralar — to‘siq emas, ko‘priklardir
Xo‘sh, Markaziy Osiyoga va bizning mamlakatimizga bo‘lgan qiziqish asosida nima yotadi? Eng avvalo — mintaqaning siyosiy jihatdan yetukligi, muloqot va islohotlar uchun ochiqligi, chegara masalalarining tartibga solingani. Bunda ham O‘zbekistonning yetakchi rolini e’tirof etmaslik mumkin emas. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida davlatimiz har bir bahsni diplomatik yo‘l bilan hal qilish tarafdori, bunda mas’uliyat va oqilona harakatlar namoyish etilmoqda.
31 mart kuni Xo‘jandda uyushtirilgan uchrashuv nafaqat diplomatik voqea bo‘ldi, balki u Markaziy Osiyoning yangi mintaqaviy arxitekturasini mustahkamladi. O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi tarixiy shartnoma imzolangani — bu sobiq ittifoq makonidagi eng davomiy va nozik jarayonlardan birining tugatilganidir. Bu qaror nafaqat Farg‘ona viloyatining murakkab etnografik sharoitidagi tarixiy keskinlik o‘chog‘ini bartaraf etdi, balki ushbu mintaqaning yetukligi, o‘zaro da’volardan voz kechib, endi manfaatlarning umumiy geografiyasiga o‘tishga tayyorligini namoyish qildi.
O‘zbekiston bu safar ham mintaqaviy yaqinlashuvning tashabbuskori bo‘ldi. Rasmiy Toshkent 2016 yildan boshlab yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini nafaqat ilgari surib keladi, balki endi ularni institutsional me’yorga aylantirdi. Uch tomonlama bitimning imzolanishi Qirg‘iziston, Tojikiston, Qozog‘iston va Turkmaniston bilan ilgari imzolangan strategik shartnomalarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Boshqacha aytganda, Markaziy Osiyoning siyosiy jihatdan o‘zini ta’minlay oladigan mintaqa ekanini, bu yerda xavfsizlik va taraqqiyot bo‘yicha jiddiy masalalar tashqi bosim orqali emas, balki ichki kelishuv asosida hal etilishini tasdiqladi.
Ushbu voqeaga xalqaro hamjamiyatning munosabati dunyo Markaziy Osiyoning transformatsiya jarayonlarini diqqat bilan kuzatib borayotganini ko‘rsatdi. Chegara masalalari tartibga solinishi bo‘yicha turli davlatlar tomonidan berilgan ijobiy baho mintaqaning barqarorlik makoniga aylanganining e’tirofidir.
— Xitoy Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonni hududiy masalalar to‘liq hal etilgani va umumiy chegara to‘g‘risidagi shartnoma imzolangani bilan tabriklaydi, — deb bayonot berdi XXR tashqi ishlar vazirining rasmiy vakili Go Szyakun.
Turkiya Tashqi ishlar vazirligi yozma bayonot berib, unda Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston tomonidan uch davlat chegaralari kesishgan joyni belgilash haqidagi bitim imzolanganini olqishladi.
“Biz ushbu kelishuv Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va hamkorlikka xizmat qiladi, deb hisoblaymiz”, deb e’tirof etdi Turkiyaning tashqi siyosat mahkamasi vakili.
Muhimi, barcha munosabatlar yagona tezisga asoslangan — hududiy bahslarni muloqot orqali va diplomatik mexanizmlar yordamida hal etish Markaziy Osiyodagi yangicha siyosiy madaniyat tufayli yuz berdi. Shunday madaniyatki, uni ko‘proq aynan O‘zbekiston shakllantirmoqda.
— Bu voqea mintaqaviy hamkorlikning juda muhim bosqichini anglatadi. Kelishmovchiliklar davrini yengib o‘tish, chegara masalalari hamda Farg‘ona vodiysida suv zaxiralarini taqsimlash bo‘yicha bitimga erishish uch mamlakat o‘rtasida hamkorlik uchun qulay sharoit yaratdi, — deb e’tirof etdi Rossiya Fanlar akademiyasining Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar instituti sektor mudiri Stanislav Pritchin.
Ekspertning fikricha, Farg‘ona vodiysini o‘zaro taqsimlab olgan Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston uzoq vaqt yaxshi qo‘shni va do‘st mamlakatlar sifatida emas, balki antagonistlardek qabul qilingan. Ammo 2016 yildan vaziyat yaxshi tomonga o‘zgara boshladi. Davlat rahbarlarining uchrashuvi tutash nuqta to‘g‘risidagi kelishuvni mustahkamlab, chegara masalalarini hal etishda so‘nggi akkord bo‘ldi.
Markaziy Osiyo sharoitida biz nafaqat chegaralarni tartibga solish haqida gapiramiz, balki bu — mintaqaviy sub’ektlikning yangi darajasidir. Chegaralarni kesib o‘tish jarayoni soddalashtirilgani, ijtimoiy va iqtisodiy aloqalar qayta tiklangani, etnik va ma’muriy tutashuvlardagi xavf darajasining kamayishi — bularning hammasi o‘zaro munosabatlarning yangicha modelini yaratadi. Markaziy Osiyo “muammoli” mintaqa obrazidan chiqdi, endi ko‘p tomonlama sharoitlarda o‘zaro ishonch modeli sifatida mustahkamlanadi.
“Chegara to‘siq emas, balki ko‘prikdir” degan formula shior emas, balki amaliyotga aylandi. Va bu, albatta, O‘zbekistonning mintaqa kelajagi uchun qo‘shgan katta hissasidir.
Milliy ustuvorliklar va global trendlar
Yaqinda bo‘lib o‘tgan yana bir muhim voqeaga to‘xtalmaslikning iloji yo‘q. 1889 yili asos solingan eng ko‘hna xalqaro tashkilot — 181 ta milliy parlament va 15 ta mintaqaviy assotsiatsiyani o‘zida birlashtirgan Parlamentlararo Ittifoqning assambleyasi ilk bor bizning yurtimizda bo‘lib o‘tdi. Aynan Toshkent uning 150-yubiley anjumanini qabul qildi, bu esa O‘zbekiston global siyosatning faol qatnashchisi sifatida tan olinganligini anglatadi.
Poytaxtimizga tashrif buyurgan ko‘plab parlament a’zolari shu tadbirning o‘tkazilishini yuksak xalqаро ishonch, qolaversa, O‘zbekistonda kechayotgan demokratik transformatsiya jarayonlarining e’tirofi sifatida baholashdi. Sanoqli yillar ichida mamlakatimizda parlamentarizmning mustahkam institutsional asoslari shakllandi, qonun chiqaruvchi organning vakolatlari kengaytirildi, parlament diplomatiyasi esa tashqi siyosatning samarali vositasiga aylandi.
— Bilamanki, bunday yig‘ilishlarni tashkil etish oson emas. Shu sababli, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentidan bizni o‘z mamlakatida qabul qilgani uchun minnatdormiz. Shu bilan birga, Senat Raisiga barcha tashkiliy masalalarni puxta amalga oshirgani uchun ham rahmat aytmoqchiman, — dedi Parlamentlararo Ittifoq raisi Tuliya Ekson. — Yana bir bor ta’kidlamoqchimanki, bunday assambleyaga mezbonlik qilish mamlakatning PI an’analariga sodiqligi va faol ishtirokini anglatadi. Bizning bu yerda bo‘lishimiz O‘zbekistonning tashkilot faoliyatiga qo‘shgan ko‘p yillik hissasini anglatadi.
Anjuman 140 ga yaqin mamlakatlardan kelgan 2 mingdan ortiq delegatlarni bir joyga to‘pladi va Toshkentni haqiqiy global muloqot markaziga aylantirdi. Aynan shu yerda, Markaziy Osiyoning yuragida, barcha qit’alardan kelgan parlament a’zolari diqqat bilan tinglagan so‘zlar yangradi. Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida butun dunyo uchun dolzarb bo‘lgan kun tartibini aniqlab berdi. Ular kelishmovchiliklarni diplomatik yo‘l bilan tartibga solishdan tortib kambag‘allikka qarshi kurashish, ayollar teng huquqligi, yoshlarni siyosiy hayotga jalb etish va sun’iy intellektdan foydalanish etikasigacha bo‘lgan masalalarni o‘z ichiga oladi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston tomonidan barcha darajada ilgari surilayotgan qadriyat — ijtimoiy adolat masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Yubiley assambleyasining “Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati!” dasturiy shiori mamlakatimizning ichki kun tartibi va tashqi siyosatdagi maqsadlari bilan hamohang bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Parlamentlararo Ittifoq doirasida Yoshlar parlamentlari global platformasini tashkil etish va uning ta’sis forumini O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qildi. Bu ham Toshkentning xalqaro maydondagi sub’ekt sifatida o‘sib borayotganini yana bir bor tasdiqladi.
Prezident nutqi nafaqat milliy ustuvorliklar, balki global trendlarga ham tegishli bo‘ldi. Undagi fikrlarga ko‘ra so‘nggi yillarda dunyoda yuzaga kelgan beqarorlik, murakkab xalqaro vaziyat, kuchayib borayotgan xavf-xatarlar sharoitida parlament diplomatiyasi o‘zaro ishonch, muloqot va konstruktiv hamkorlikning asosiy mexanizmi bo‘lib qolmoqda. O‘zbekiston faqat anjumanni qabul qilayotgan tomon bo‘lib qolmasdan, balki forumning g‘oyaviy drayveri sifatida aniq takliflar kiritdi.
— O‘zbekistonning jadal taraqqiyoti katta taassurot qoldiradi. Mamlakat infratuzilmani modernizatsiya qilishdan tortib, ijtimoiy va iqtisodiy yo‘nalishlardagi katta yutuqlarigacha bo‘lgan barcha sohada rivojlanish sari intilmoqda. Islohotlar faol amalga oshirilayotgani, mamlakat yangi Qoyalar uchun ochiq va global muammolarni hal etishda hamkorlikka tayyorligi ko‘rinib turibdi, — dedi Chexiya parlamentining Deputatlar palatasi a’zosi Viktor Voytko. — Ayniqsa, O‘zbekistonda hukm surayotgan muhitni alohida aytish joiz. Bu yerda qadriyatlar ulug‘lanadi, shu bilan birga, kelajakka ishonch bilan qarab, odamlar va biznes uchun yangi imkoniyatlar taqdim qilinadi. O‘zbekiston taraqqiyot va ertangi kunga bo‘lgan ishonch muhitida o‘zining yangi rivojlanish bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Aminmanki, bunday yondashuv tufayli mamlakat yanada oldinga siljishni davom ettiradi hamda shu orqali butun dunyoning e’tibori va hurmatini o‘ziga jalb qiladi.
Bunday keng ko‘lamli tadbirning O‘zbekistonda o‘tkazilishi tasodif emas, balki mamlakatimizning xalqaro tashabbuslar markaziga aylanishi bo‘yicha izchil strategiyaning mantiqiy davomidir. Keyingi yillarda Toshkent va Samarqand tez-tez muhim uchrashuvlar, muzokara va anjumanlar uchun maydon vazifasini o‘tamoqda. O‘zbekiston dunyo xaritasida konstruktiv muloqot nuqtasi sifatida mustahkamlanmoqda. Parlamentlararo Ittifoq assambleyasi buning yana bir tasdig‘i bo‘ldi.
O‘zbekiston shunday qilib — tinchlik, adolat, barqaror taraqqiyot va o‘zaro hurmatga asoslangan muloqot qadrlanadigan yangicha xalqaro qiyofasini shakllantirib, o‘zining ta’sir doirasini kengaytirmoqda. Rasmiy Toshkentning nuqtai nazari global miqyosdagi bahslarda tobora faolroq yangrayapti. Mamlakatimiz yangi zamon kun tartibida nafaqat ishtirok etishga, balki uni shakllantirishga ham tayyor.
Albatta, dunyoda yuz berayotgan o‘zgarishlarni qabul qilishi qiyin bo‘lgan siyosatdon va ekspertlar doim topiladi. Kimdir o‘tmishda qolib ketgan “ta’sir doirasi”, “nazorat”, “manfaatlar to‘qnashuvi” kabi tushunchalar bilan fikrlaydi. Kimdir esa avvaldan o‘rganib qolgani bois Markaziy Osiyoni hamkor sifatida tan ololmaydi va uni bosim o‘tkazish ob’ekti, deb hisoblaydi. Bunday yondashuvlar vaqti kelib yo‘q bo‘lib ketishi turgan gap. Chunki zamonaviy O‘zbekiston va butun mintaqamiz o‘z tashqi siyosatini xalq manfaatlaridan kelib chiqqan holda, pragmatizm va o‘ziga ishonch asosida, ortiqcha ehtiroslarsiz va kamsitishlarsiz qurmoqda.
Xalqaro munosabatlarda kim boshqalarni hurmat qilishni bilsa va o‘zaro manfaatli muloqot tashkil eta olsa, o‘sha yutadi. Negaki, qo‘pollik — bu doimo no‘noqlik bilan yashirilgan axloqiy, irodaviy va siyosiy kuchsizlik belgisidir. O‘zbekiston esa yangi geosiyosiy sharoitda barqarorlik, sub’ektlik va o‘zaro hurmat — eng muhim qadriyatlar ekanini tushungan holda o‘z yo‘lidan dadil va xotirjam bormoqda.
Aynan shuning uchun O‘zbekistonning siyosiy nufuzi ortib boryapti. O‘ziga o‘ta yuqori baho bergani uchun emas, balki yechimlar taklif qilish qobiliyati tufayli. Bosim qilgani uchun emas, balki izchil davom ettirilayotgan ishlar tufayli. Bizdan qo‘rqishayotgani uchun emas, balki bizni tinglashni boshlaganliklari tufayli.
Bu esa mamlakatimiz to‘g‘ri yo‘nalishda borayotganining, puxta o‘ylangan barqarorlik strategiyasini amalga oshirayotganining yaqqol isbotidir.
Niyatlari ulug‘, qadami qutlug‘,
Fidoyi insonni ko‘rishsin ular.
Talpingan qalblarda mehrlar o‘tlug‘,
Yonma-yon, yelkadosh yurishsin ular.
Odamiylik nurin diliga joylab,
Borar zakovat va yuksak qalb bilan.
Millat ertasini nurafshon aylab,
Borar ona yurt va aziz xalq bilan.
Baxtga yorlik etsa qilmay andisha,
Qo‘lni-qo‘lga bergan quchadi zafar.
Tinchlik solnomasin bezab hamisha,
Asrlar oshadi bu oliy xabar.
Toki ko‘ngil uyi to‘lsin ziyoga,
Toki xayollarda nur yoysin chaman.
Ezgulik-la boqsin ko‘zlar dunyoga,
Uni asraganni asrasin Vatan!
O‘tkir RAHMAT.