O‘zbekiston-Xitoy: to‘qimachilik sohasi vakillari hamkorlikni rivojlantiradi
"O‘zto‘qimachiliksanoat" uyushmasida Xitoyning "Adsale" kompaniyasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda to‘qimachilik sanoatida texnologik hamkorlikni rivojlantirish va yangi biznes aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda zamonaviy to‘qimachilik texnologiyalari va innovatsion yechimlar taqdim etildi. Xususan, funksional va kompozit matolar ishlab chiqarish, ekologik yechimlar, intellektual ishlab chiqarish tizimlari hamda to‘qimachilik aksessuarlari uchun in’eksion qoliplash texnologiyalari haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, 2027-yil Xitoyning Shenchjen shahrida o‘tkaziladigan “CHINAPLAS-2027” xalqaro ko‘rgazmasi haqida ma’lumot taqdim etildi.
Muloqot davomida O‘zbekiston to‘qimachilik korxonalari vakillarining mazkur ko‘rgazmada ishtirok etishi, zamonaviy texnologiyalar bilan tanishishi va xorijiy kompaniyalar tajribasini o‘rganishi masalalari ko‘rib chiqildi. Xitoy kompaniyalari bilan B2B uchrashuvlar o‘tkazish, yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va biznes imkoniyatlarini kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Uyushma axborot xizmatiga ko‘ra, tadbir yakunida texnologik tajriba almashish, ilg‘or ishlab chiqarish yechimlarini o‘zlashtirish hamda to‘qimachilik sanoatida yangi hamkorlik loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Mazkur muloqot ikki mamlakat korxonalari o‘rtasidagi texnologik va ishbilarmonlik aloqalarini yanada kengaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA