O‘zbekiston-Xitoy Hukumatlararo hamkorlik rivojlanmoqda
Joriy yilning 18 avgust kuni Hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Xitoy Hukumatlararo qo‘mitasining 6-majlisi videokonferens-aloqa shaklida bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi siyosiy byurosi a’zosi, XKP MQ siyosiy-huquqiy komissiyasi kotibi Go Shenkun raisligida o‘tgan majlisda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Mazkur majlis bo‘lajak Oliy darajadagi muzokaralar kun tartibini mazmunan boyitishga xizmat qilishi kerakligi qayd etildi.
Tobora yuqori sur’at bilan rivojlanayotgan ikki tomonlama munosabatlarning bugungi darajaga ko‘tarilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin o‘rtasidagi ishonchli va do‘stona munosabatlar muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi.
[gallery-8382]
Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, ilmiy-texnik, xavfsizlik, madaniy-gumanitar sohalarida hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Qayd etilganidek, Xitoy mamlakatimizning yetakchi va ishonchli hamkorlaridan biridir. Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik jadal rivojlanmoqda. 2021 yil yakuniga ko‘ra, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb 8 milliard dollarni tashkil etdi. Qisqa muddatlarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazish kutilmoqda.
Yig‘ilishda shuningdek, strategik mintaqaviy loyihalar –“Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishini amalga oshirishni boshlash to‘g‘risidagi uch tomonlama bitim loyihasini imzolashni tezlashtirish, “Toshkent – Pekin – Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha muntazam avia-qatnovlarni paritet asosda tiklash bilan bog‘liq masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish doirasida O‘zbekiston-Xitoy Hukumatlararo hamkorlik qo‘mitasi 6-majlisining bayonnomasi hamda umumiy qiymati bir milliard dollardan ortiq bo‘lgan hujjatlar imzolandi.
Nosirjon HAYDAROV (surat), O‘zA.