O‘zbekiston xalqiga e’tibor: e’tirof va ehtirom
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Ma’rifat targ‘ibotchilari” jamiyati hamda Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti hamkorligida tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy kecha “Ma’rifat elchilari” loyihasi doirasida o‘tkazildi. Ijtimoiy-siyosiy fanlar doktori, professor, asli Turkiyalik Kamel Yavuz Atamanning “Men tanigan O‘zbekiston” kitobining taqdimotida davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari hamda vakillari, olimlar, ziyolilar, yozuvchi va shoirlar, diplomatik korpus vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, keng jamoatchilik ishtirok etdi. Rayhonning muattar islari ufurib turgan kechada Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur g‘azallari bilan ijro etilgan qo‘shiqlar ko‘ngillarni maftun etdi.
Bir zamonlar venger sharqshunosi, turkologi, sayohatchi va siyosatchisi Herman Vamberi ro‘dapo kiyingan darvish qiyofasida savdo karvonlariga osilgancha Markaziy Osiyoning u tomonidan kirib bu tomonidan chiqqan. U sayohat davomida aholining ijtimoiy va siyosiy munosabatlari, urf-odat va qadriyatlari, ayniqsa, jug‘rofiyasini mufassal o‘rgandi, Markaziy Osiyo tarixiga oid yozma manbalar bilan qiziqdi. Gap shundaki, uning sayohat xotiralari bilan bog‘liq asari, hikoya va maqolalari xalqimizning bir qadar to‘siq ortida saqlangan hayot tarzi bilan butun dunyoni tanishtiribgina qolmay, jo‘g‘rofiy ob’ektlar xususida ham ma’lumotlar berdi. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu ulkan xizmatga hurmat natijasi o‘laroq sayohatchini Angliya qirolichasi Viktoriya muhtasham saroyida qabul qildi.
Oradan bir yarim asrdan oshiqroq vaqt o‘tdi. XXI asrning dolg‘ali davri boshlandi. Ijtimoiy-siyosiy fanlar doktori, professor, asli Turkiyalik Kamel Yavuz Ataman esa mamlakatimiz tarixi, urf-odatlari, qadriyatlarini allaqanday darvish libosida pinhona emas, balki ochiq dillik bilan chuqurroq o‘rganishga, tahlil qilishga ahd qildi. Oshning xushbo‘y zirvagi isi anqiydigan o‘zbekona fayzayob mahallalar, tanbur nolalari yangrab turadigan guzarlar, bedanalar pitbildig‘i huzur bag‘ishlaydigan choyxonalarda zamondoshlarimiz bilan bir piyola issiq choy ustida qurilgan suhbatlar, karnay-surnay sadolarisiz o‘tmaydigan beshik, xatna, nikoh to‘ylari aziz mehmonning qalbini to‘lqinlantirdi.
Intellektual taraqqiyotning buhronlaridan cho‘chimay, ko‘krak kergancha dunyoning bir necha tillarida erkin so‘zlasha oladigan, ilmiy tadqiqotlar olib boradigan, dunyoning eng ilg‘or nanotexnologiyalarini boshqara olish qobiliyati va salohiyatiga ega yoshlar davralari uni hayratlar olamiga yetakladi.
Mamlakatimizda shaharsozlik va bunyodkorlik rejalarining aql va salohiyat bilan tuzilayotganligi, aholining uy-joyga ehtiyoji balandligi, bandlik siyosati hamda daromadlar taqsimotida Amir Temur yanglig‘ adolat bilan ish ko‘rilayotganligini yon daftarlarida qayd etib bordi.
O‘zbekistonda multiplikator va akselerator (ko‘paytiruvchi va tezlashtiruvchi) omillar iqtisodiyotni harakatga keltirayotganini do‘stona qalb bilan ko‘ra oldi. Bu mamlakat aholisi uchun yangidan-yangi ufqlarni ochayotganligi, jamiyatda dadillik kuzatilib, jadal taraqqiyot yo‘liga kirilayotganligi olimning e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Insonning yaralmishi shunday: olam kezib qalbida kechgan savollariga jo‘yali javob topolsa, ko‘rganlari, bilganlari, anglaganlari xususida qog‘ozga tushirmoqni istab qoladi. XXI asr taraqqiyotini aql ko‘zi bilan tahlil qilgan Kamel Yavuz Atamanda ham shunday kechdi. O‘zbekiston xalqi hamda uning donishmand sardori boshchiligida olib borilayotgan yangilanishlar xususida alohida kitob bitmoq niyati paydo bo‘ldi.
Uning bunga ma’naviy haqqi bor edi. Olim “Globallashuvning ijtimoiy-madaniy tafakkur tuzilishi” mavzuida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Globallashuv va Movarounnahrdagi Islom sivilizatsiyasi sohalaridagi tadqiqotlari esa hamon davom etmoqda. Qusam ibn Abbos, Ahmad Yassaviy, Najmiddin Kubro, Mavlono Jaloliddin Rumiy, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur, Alisher Navoiy, Xoja Ubaydulloh Ahror, Sulaymon Hakim ota, Yusuf Xos Hojib, Abdulhasan Nuriy singari buyuk namoyandalar, jadid harakati faoliyati haqida ma’ruzalari, maqolalari va tadqiqotlarining mavjudligi olimga kuch bag‘ishladi. Olimning ma’nan, ruhan xalqimiz bilan yakdilligi bu yo‘lda asos vazifasini bajardi.
Shunday odamlar borki o‘zga mamlakat emas o‘z mamlakati tarixini bilmaydi yoki bilishni istamaydi. Olim asarni yozishga kirishar ekan O‘zbekistonni chinakamiga tanish uchun ikkita asosiy mezonni belgiladi: tarixni chuqur anglash; zamonni to‘g‘ri ko‘ra bilish va idrok etish.
Ikki qismdan iborat asarning birinchi bo‘lagi “Ota makonim, hasratlarim va diydorlashuv” deb nomlanadi. Unda “Sayohatlarim”, “Shaharlar mamlakat ko‘zgusi”, “Olimlar, so‘fiylar makoni va asarlar mahzani”, “Islom sivilizatsiyasi va ma’rifat markazi” deb nomlangan badiiy esselar jamlangan.
“Sayohatlarim”... Yozmishi go‘zalmi yoki tarjimon qalbi shu qadar cho‘g‘limi? “Bir vaqtlar zulm va mustamlaka asoratiga mahkum etilgan, temir pardalar ortidagi eshiklari qulf bo‘lgan Turkiston diyorining – ota makonimizning o‘sha ayanchli ahvoli qalbimizni o‘rtar va bag‘rimizni qon qilardi. U yerdan arang yetib kelgan tarqoq va chala-chulpa xabarlarni bo‘lsa ham izlar, og‘izdan-og‘izga o‘tib yurgan rivoyatlarning ortidan quvardik. Muqaddas ota makonimizga va u yerda yashayotgan qondoshlarimizga qachonlardir yetishishni, oliy visol kunlarini intizorlik bilan kutardik. Eng otashin tuyg‘ularga yug‘rilgan she’rlarni o‘qir, mahzun navolarni tinglar, xushxabar ilinjida ko‘zlarimizni to‘rt qilib, munavvar Turkiston ufqlaridan quyosh balqadigan tonglarni va tong yulduzlari chiqishini poylardik”. Bu dard va hasrat bundan o‘ttiz besh yil oldingi armonlarimiz, hasratidan chang chiqqan nidolarimizga naqadar uyg‘un. Bu faqat bizning emas turkiylarning alamli faryodlari emasmidi? Demak, bu bitiklarni qog‘ozga tushirgan muallif begona emas. Balki ulkan chinorning tomiridan tarqalgan qavmdoshimiz.
Asarning “Anado‘lu xalqi va Turkiston sevgisi”, “Saljuqiylar hamda Usmonlilar tuproqlarida Buxoriy, Samarqandiy, Balxiy va Xorazmiylar”, “Omon ayriliq, yomon ayriliq” kabi esselarni qaroqlarda ko‘z yosh aylanmay o‘qish mushkul. Ularda zanjirband Turkiston xalqlarining ohu nolasi quloqlaringizga chalingandek bo‘ladi. “Bizning qadriyatlar olamimizda Makkai Mukarrama, Madina Munavvara va Quddusu Sharif qanchalar muqaddas sanalsa, ularning uzviy davomi o‘laroq Samarqand va Buxoro shonli zanjirning eng muhim xalqalari sifatida tilga olinardi. ...Biz Turkiston zaminida ro‘y bergan tarixiy voqealarni go‘daklik chog‘imizdan boshlab eshitib katta bo‘ldik. Xoja Ahmad Yassaviy nafasi, Abdulkarim Sotuq Bug‘raxon jasorati, Ergeneko‘ndan chiqqan afsonaviy Ko‘k bo‘rilar va Alp Er To‘nga dostonlari qulog‘imizga muttasil quyib kelindi”.
Asardan joy olgan “Diydorlashuv quvonchi va istiqlol xushxabari”, “Diydor”, “Zulm mangu bo‘lolmas” singari esselarni o‘qigan kitobxonda ajdodlarning hurlik nasimlari bilan bog‘liq asriy orzularining mustajobi aks-sadolari jaranglayotgandek tasavvur uyg‘onadi.
“Yangi O‘zbekiston qiyofasi” deb nom berilgan ikkinchi qismdan joy olgan esselar “Movarounnahr: tuproq – baraka, suv – rahmat” mavzusi bilan boshlanadi. “Bu zaminda og‘ir zulmlar, bosqinlar, istilolar, tazyiqlar, cheksiz azob-uqubatlar va yo‘qchiliklar boshdan kechirildi, ammo baribir daryolar o‘zining barakali o‘zanlariga, daryo suvlari esa o‘z o‘rniga qaytdi. Urug‘lar yorilib, nihollar ko‘kara boshladi, ulkan chinorlar qaytadan bo‘y cho‘zmoqda. Tabiat qonuni shuki, daryolarni aslo ortga oqizib bo‘lmaydi. Xuddi shuningdek, millatlarning ham ertami-kechmi o‘z asliga, o‘z ildizlariga qaytishi muqarrar bo‘lib, bu ilmiy, tarixiy va ijtimoiy haqiqatdir. Yangi O‘zbekiston Movarounnahr, Xuroson va Xorazm zaminida yuksalgan o‘sha buyuk madaniyatning munosib davomchisi bo‘lishga qat’iy ahd qilgan, bu borada qaror qabul qilib bo‘lgan. Buning uchun bugun tinimsiz mehnat qilmoqda, o‘z maqsadlari sari dadil odimlab, bir maromda yuksalmoqda”.
O‘zbekistonda transport va kommunikatsiya imkoniyatlarining kengayishi, internetning ommalashishi, turizmning rivojlanishi hamda yangi ish o‘rinlarining yaratilishi, jamiyatning moddiy jihatdan yuksalayotganligi olimning diqqat markazida bo‘lgan. Xususan, sho‘rolar tuzumidan qolgan turg‘un va og‘ir tuzilmadan mamlakatimiz butunlay forig‘ bo‘lgani, G‘arb davlatlari bilan bir qatorda geografik yaqinlik omili tufayli Xitoydagi texnologik va iqtisodiy o‘zgarishlarning ham bizga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotgani, davlat sarmoya tuzilmalari va boshqa sohalarda milliy manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yayotgani, investitsiyalar borasida dinamik qarorlar qabul qilish va ularni ijro etish mexanizmini shakllantira olgani muallifning hayratini oshirgani asarda yaqqol namoyon bo‘lgan.
Inchunun, “Kuchli strategiya” deb nomlangan esseni o‘qir ekanman quyidagi satrlar qaroqlarimga quvonch yoshlarini joyladi. “Ushbu ajoyib manzaraning ortida tarixiy sub’ektlarni, voqea-hodisalar va geosiyosiy voqelikni juda to‘g‘ri tahlil qila oladigan, o‘zining qat’iy strategik rejasiga ega va poydevori baquvvat davlat siyosati turgani ko‘rinadi. Davlat rahbari muhtaram Shavkat Mirziyoyev kuchli bir strateg sifatida o‘z xalqini, millatini, ilm-fan ahli va biznes olamini, mahalla va shaharlarni eng mayda detallarigacha juda yaxshi tanishi ayon bo‘lmoqda”, deb e’tirof etadi muallif.
Olim O‘zbekiston sarhadlari bo‘ylab kezar ekan Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy majmuasi kabi muazzam koshonalarning har bir jihati, har bir detali juda chuqur o‘ylangani, hisob-kitob qilingani va qayta tiklanayotgan tarixiy obidalar Yangi O‘zbekistonimizning tafakkur dunyosini hamda kelajak yo‘l xaritasini aniq-tiniq ko‘rsatib turganini qayd etadi. Shu bilan birga o‘tmishda og‘ir sinovlar, qiyinchiliklarni boshidan kechirgan va turli tazyiqlarga duchor bo‘lgan davlatning o‘z jug‘rofiy, tarixiy, moddiy va ma’naviy boyligini asrab qolish, ham global o‘zgarishlar qarshisida qudratli refleks shakllantirib, yuksak natija ko‘rsata olish buyuk muvaffaqiyat va tarixiy g‘alaba hisoblanib, bunga erishmoq uchun O‘zbekistonda aqlli, mantiqli, rejali va dasturli siyosiy iroda mavjudligini alohida ta’kidlaydi. Bu olimning yurtimizga bo‘lgan g‘oyat yuksak ehtiromidan dalolat beradi. Kamel Yavuz Atamanning “Men tanigan O‘zbekiston” asari Yangi O‘zbekiston g‘oyasi va nazariyasining ma’naviy targ‘iboti sifatida ham qadrlidir.
Guljaxon Mardonova, filologiya fanlari doktori,
“Maʼrifat targibotchilari” jamiyati aʼzosi, O‘zA