O‘zbekiston xalqaro ta’limni baholash tashkiloti a’zosiga aylandi
O‘zbekiston ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorlikning yana bir muhim bosqichiga qadam qo‘ydi. Abdulla Avloniy nomli Pedagogik mahorat milliy instituti Ta’limdagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasi (IEA) Bosh Assambleyasi a’zoligiga qabul qilindi.
Bu haqda tashkilot rasmiy saytida xabar berilgan. Qaror Varshavada o‘tayotgan IEA BA 67-sessiyasida tasdiqlangan. Mamlakatimiz nomidan institut rektori Abduvali Ismoilov rasmiy vakil sifatida belgilandi.

O‘zbekiston IEA bilan hamkorlik doirasida 2021-yildan buyon PIRLS, TIMSS, REDS kabi xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etib kelmoqda.To‘laqonli a’zolik yurtimizga qaror qabul qilish jarayonida bevosita ishtirok etish imkonini beradi.

Varshava sessiyasida diyorimiz ta’lim tizimidagi ijobiy o‘zgarishlar xalqaro hamjamiyatga taqdim etildi. Xususan, pedagoglarning uzluksiz kasbiy rivojlanishi, maktab rahbarlarini tayyorlash, ilmiy-tadqiqot ishlari, shuningdek PISA, PIRLS, TIMSS va TALIS dasturlaridagi ishtirok natijalari xususida ma’lumot berildi.

IEA ijrochi direktori Dirk Xastedt vakillarimizni yangi maqom bilan qutlab, respublikamizning xalqaro tadqiqotlardagi ishtiroki tashkilot faoliyatiga sezilarli hissa qo‘shib kelayotganini ta’kidladi.
O‘zbekistonning IEA Bosh Assambleyasiga a’zo bo‘lishi masalasi 2023-yil ko‘tarilgan. Joriy yil tashkiliy tartib-taomildan so‘ng masala BA muhokamasiga olib chiqildi.
Musulmon Ziyo, O‘zA