O‘zbekiston veterinariya ta’limi tizimi xalqaro miqyosda e’tirof etildi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti European Association of Establishments for Veterinary Education (EAEVE) tashkilotining “Associate Member” (Assotsiatsiya a’zosi) maqomiga ega bo‘ldi.
Tarixga nazar tashlasak, 1929-yilda tashkil etilgan Samarqand qishloq xo‘jaligi instituti negizida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-maydagi qaroriga muvofiq Samarqand veterinariya meditsinasi instituti tashkil etildi. Mazkur qaror mamlakatimizda veterinariya sohasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va sohaning zamonaviy talablarga mos infratuzilmasini shakllantirishda muhim bosqich bo‘ldi.

Keyingi yillarda institut tomonidan veterinariya, chorvachilik, oziq-ovqat xavfsizligi va biotexnologiya sohalarida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Xususan, ta’lim jarayoni xalqaro standartlar asosida takomillashtirildi, xorijiy oliy ta’lim muassasalari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik kengaytirildi, qo‘shma ta’lim dasturlari va xalqaro ilmiy loyihalar yo‘lga qo‘yildi.
Ushbu yutuqlar va sohaning strategik ahamiyatini inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-martdagi qarori bilan Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti tashkil etildi. Universitet maqomining berilishi nafaqat ta’lim yo‘nalishlari va ilmiy salohiyatning kengaygani, balki muassasaning milliy va xalqaro miqyosdagi nufuzi izchil ortib borayotganini ham anglatadi.

Xususan, 2024-yilda Jahon hayvonlar salomatligi tashkiloti (JHST, WOAH)ning 100 yilligi doirasida o‘tkazilgan xalqaro forumlar, akademiklar forumi, xalqaro yozgi maktablar hamda turli ilmiy-amaliy tadbirlarda universitet faol ishtiroki bilan qatnashib, o‘zining xalqaro maydondagi o‘rnini yanada mustahkamladi.
Bugungi kunda universitet veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiya sohalarida Markaziy Osiyodagi yetakchi ta’lim va ilmiy markazlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda
Albatta, bu o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q. Prezidentimiz tomonidan so‘nggi 8 yil ichida veterinariya xizmatining dolzarb masalalari, jumladan, soha uchun kadrlar tayyorlashga qaratilgan bir qator farmon va qarorlar qabul qilinganligi hamda ushbu me’yoriy hujjatlarda belgilangan vazifalar amaliyotda o‘z ijrosini topayotganligi samarasi bu.

Universitetda veterinariya, chorvachilik hamda oziq-ovqat xavfsizligi sohasida yetuk, malakali kadrlar tayyorlashni takomillashtirish, veterinariya ta’limini jahon standartlari darajasida tashkil etish bo‘yicha chora-tabdirlar rejasi ishlab chiqilgan. Ushbu rejaga asosan universitet bir qator xorijiy nufuzli universitetlar, kompaniya va tashkilotlar bilan ta’lim, ilm-fan va boshqa sohalarda o‘zaro hamkorlikda loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.
Shunday loyihalardan biri Amerika Qo‘shma Shtatlarining Minnesota universiteti bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Tvinning dasturi” hisoblanadi. Loyihaning asosiy maqsadi O‘zbekistonda veterinariya ta’limini Jahon hayvonlar salomatligi tashkiloti (WOAH) talablari asosida takomillashtirish, “Veterinariya meditsinasi” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv dasturlarini xalqaro standartlarga moslashtirish hamda professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirishdan iborat.

Loyihadagi xorijiy hamkorimiz Minnesota universiteti qoshida faoliyat yurituvchi Hayvonlar salomatligi va oziq-ovqat xavfsizligi markazi hisoblanadi. Ushbu markaz WOAH buyurtmasi asosida rivojlanayotgan davlatlarda veterinariya ta’limini xalqaro talablar darajasida tashkil etish, ta’lim sifatini oshirish va professor-o‘qituvchilar malakasini yuksaltirish bo‘yicha ko‘mak berib kelmoqda.
Loyiha 2021-yilda boshlangan bo‘lib, dastlab Minnesota universiteti delegatsiyasi vakillari – markaz direktorining o‘rinbosari Mariya Sol Perez hamda ta’lim bo‘yicha mutaxassis Ketrin Obrayn universitetga tashrif buyurdi. Tashrif davomida ular “Veterinariya meditsinasi” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv jarayoni, me’yoriy-huquqiy hujjatlar, ta’lim sifati va talabalar bilimini baholash tizimi bilan atroflicha tanishdi.
Shundan so‘ng universitet professor-o‘qituvchilaridan iborat ishchi guruh tashkil qilinib, xorijiy mutaxassislarning tavsiyalari asosida veterinariya ta’limi tizimini xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirish ishlari boshlab yuborildi. Xususan, veterinariya ta’limi bo‘yicha amaldagi 4 yillik ta’lim muddati jahon veterinariya ta’limi talablariga muvofiq 5 yillik tizimga o‘tkazildi.
Shuningdek, AQSH Veterinariya tibbiyoti assotsiatsiyasi (AVMA), Yevropa veterinariya ta’limi muassasalari assotsiatsiyasi (EAEVE) talablari hamda dunyoning yetakchi veterinariya universitetlari tajribalari asosida “Veterinariya meditsinasi” ta’lim yo‘nalishining takomillashtirilgan 5 yillik o‘quv rejasi ishlab chiqildi va 2022-yildan boshlab ta’lim jarayoniga joriy etildi.
Bugungi kunda universitetda veterinariya sohasi uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida 5 yillik bakalavriat va 2 yillik magistraturadan iborat uzluksiz ta’lim tizimiga amal qilmoqda. Natijada talabalar 7 yil davomida chuqur nazariy bilimlar, mustahkam amaliy ko‘nikma va klinik tajribaga ega bo‘lib, xalqaro standartlarga javob beradigan raqobatbardosh veterinariya vrachlari sifatida shakllanmoqda.
Yevropa veterinariya ta’limi muassasalari assotsiatsiyasi (EAEVE) veterinariya ta’limi sifatini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish va baholash bilan shug‘ullanuvchi eng nufuzli xalqaro tashkilotlardan biri hisoblanadi. Assotsiatsiyaning asosiy vazifasi veterinariya oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifati, ilmiy faoliyat, klinik tayyorgarlik, laboratoriya bazasi, moddiy-texnik ta’minot va boshqaruv tizimlarini Yevropa standartlari asosida baholashdan iborat.
EAEVEga Yevropa va dunyoning boshqa mamlakatlaridagi ko‘plab veterinariya universitetlari a’zo bo‘lib, tashkilot veterinariya ta’limining xalqaro miqyosdagi sifat kafolati tizimi sifatida tan olinadi.
Xo‘sh, Assotsiatsiyaga a’zolik universitetga nima beradi?
EAEVE ga a’zo bo‘lish universitet uchun qator muhim strategik imkoniyatlarni yaratdi. Jumladan, universitetda veterinariya ta’limining sifati xalqaro ekspertlar tomonidan e’tirof etildi va ta’lim jarayonining Yevropa standartlariga mosligi tasdiqlandi. Universitetning xalqaro nufuzi va raqobatbardoshligi sezilarli darajada ortdi. Bu esa xorijiy hamkorlar, talabalar va investorlarning qiziqishini kuchaytiradi. Shuningdek, professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun akademik almashinuv dasturlarida ishtirok etish imkoniyatlari kengayadi. Erasmus+, Horizon Europe va boshqa xalqaro ta’lim hamda ilmiy dasturlar doirasidagi hamkorlik uchun yangi istiqbollar ochiladi.
Qolaversa, bitiruvchilarning xalqaro mehnat bozoridagi raqobatbardoshligi oshadi, ularning xorijiy magistratura va doktorantura dasturlarida tahsil olishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratildi. Universitet veterinariya ta’limi va ilm-fani bo‘yicha xalqaro hamkorlik tarmog‘ini kengaytirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Mazkur yutuq nafaqat universitet, balki O‘zbekiston veterinariya ta’lim tizimining xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga xizmat qiladi.
Albatta, Assotsiatsiyaga a’zo bo‘lish uchun universitet tomonidan keng ko‘lamli va tizimli ishlar amalga oshirildi. Avvalo, EAEVE ekspertlari tomonidan o‘tkaziladigan baholash jarayoniga tayyorgarlik 2022-yildan boshlab bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yildi. Bu jarayonda ta’lim dasturlari va o‘quv rejalari xalqaro talablar asosida takomillashtirildi, amaliy va klinik tayyorgarlik kuchaytirildi, zamonaviy laboratoriyalar hamda ilmiy markazlar tashkil etildi, veterinariya klinikalari faoliyati kengaytirildi.
Universitetning EAEVE (European Association of Establishments for Veterinary Education) tizimiga integratsiyalashuv jarayonining muhim bosqichi sifatida 2025-yilda Assotsiatsiyaga a’zolik uchun rasmiy ariza topshirildi. Shundan so‘ng universitetda EAEVE va ESEVT (European System of Evaluation of Veterinary Training) talablariga muvofiq keng qamrovli tayyorgarlik ishlari izchil davom ettirildi.
2026-yilning 14-15-yanvar kunlari ESEVT/EAEVE direktori professor Per Lekyo universitetga tashrif buyurib, ta’lim jarayoni, ilmiy-tadqiqot faoliyati, klinik baza, moddiy-texnik ta’minot va boshqaruv tizimini atroflicha o‘rgandi hamda tegishli tavsiyalar berdi. Ushbu tashrif natijalari asosida universitetda xalqaro standartlarga muvofiq qator qo‘shimcha takomillashtirish ishlari amalga oshirildi.
2026-yilning 27-30-aprel kunlari EAEVE tomonidan tayinlangan ikki nafar xalqaro ekspert universitetga kelib, ta’lim sifati, o‘quv dasturlari, talabalar tayyorgarligi, klinik faoliyat, ilmiy ishlar, infratuzilma hamda sifat menejmenti tizimini EAEVE va ESEVT mezonlari asosida har tomonlama baholadi. Shuningdek, Day One Competences va One Health tamoyillari ta’lim jarayoniga bosqichma-bosqich joriy qilinib, sifat menejmenti tizimi takomillashtirildi hamda ESEVT talablari asosida keng qamrovli Self Evaluation Report (SER) tayyorlandi. Baholash yakunlari bo‘yicha ekspertlar tomonidan tayyorlangan rasmiy xulosalar EAEVE ofisiga taqdim etildi.
Olib borilgan tizimli ishlar va xalqaro ekspertlarning ijobiy xulosalari natijasida universitet EAEVE tomonidan muvaffaqiyatli baholandi. Joriy yilning 28-may kuni Ispaniyaning Barselona shahrida bo‘lib o‘tgan EAEVEning 39-Bosh Assambleyasi doirasida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetiga “Associate Member” (Assotsiatsiya a’zosi) maqomi berildi hamda tegishli sertifikat tantanali ravishda topshirildi.
Mazkur yutuq universitetda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, ta’lim sifatini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, zamonaviy ilmiy va klinik infratuzilmani rivojlantirish hamda veterinariya ta’limini yangi bosqichga olib chiqish yo‘lidagi izchil sa’y-harakatlarning amaliy natijasi bo‘ldi.
Ayni paytda universitet oldida EAEVE ekspertlari tomonidan berilgan tavsiyalarni bosqichma-bosqich amalga oshirish va veterinariya ta’limi sifatini yanada yuqori bosqichga ko‘tarish vazifasi turibdi. Kelgusida veterinariya klinikalarini yanada rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot infratuzilmasini takomillashtirish, xalqaro ilmiy loyihalar sonini ko‘paytirish, xorijiy professor va mutaxassislarni keng jalb etish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, talabalarning amaliy tayyorgarligini kuchaytirish, raqamli ta’lim texnologiyalarini keng joriy etish hamda veterinariya ta’limining xalqaro standartlarga to‘liq mosligini ta’minlash bo‘yicha ishlar izchil davom ettiriladi.
Umuman olganda, universitet jamoasining strategik maqsadi veterinariya ta’limi va ilm-fani sohasida xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan, zamonaviy, innovatsion va raqobatbardosh ta’lim muassasasini shakllantirish hamda Samarqandni Markaziy Osiyoning veterinariya ta’limi va ilmiy tadqiqotlar markazlaridan biri sifatida rivojlantirishdan iboratdir.
Xudaynazar Yunusov,
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti rektori, professor.
O‘zA