O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasida yerosti suvlarini raqamli monitoring qilish loyihasi amalga oshiriladi
Poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan «InnoWeek-2026» xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi doirasida Namangan davlat texnika universiteti hamda Vengriyaning «GeoGold Kárpátia Environmental and Engineering Expert Ltd.» kompaniyasi o‘rtasida qiymati 1 million AQSH dollariga teng ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini o‘tkazish bo‘yicha shartnoma imzolandi.
Ikki tomonlama hamkorlik aloqalari 2025-yilda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, Innovatsion rivojlanish agentligi delegatsiyasining Vengriyaga tashrifi chog‘ida «GeoGold Kárpátia» kompaniyasi bilan tegishli memorandum imzolangan edi.
Mazkur shartnoma erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosiga qaratilgan bo‘lib, unga muvofiq «Farg‘ona vodiysidagi yerosti suvlarini boshqarish» loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Loyiha doirasida yerosti suvlarini monitoring qilish uchun 245 ta raqamli mini-stansiya barpo etish rejalashtirilgan. Ushbu jarayon qurilmalarning texnik dizaynini ishlab chiqish, dasturiy ta’minotni yaratish, tajriba namunalarini sinovdan o‘tkazish va bosqichma-bosqich seriyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni o‘z ichiga oladi.
Besh yilga mo‘ljallangan ushbu tashabbus yerosti suvlarini monitoring qilish tizimiga zamonaviy raqamli yechimlarni joriy etish hamda O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi ilmiy-texnikaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Aziza Alimova, O‘zA