O‘zbekiston va Serbiya: hamkorlikning yangi bosqichi
Davlatimiz rahbarining Serbiyaga ilk rasmiy tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni kengaytirish, yangi imkoniyatlar eshigini ochishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Mazkur tashrif mazmuni va ahamiyati haqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulchehra Tojiboyeva o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
— O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Serbiyaga tarixiy tashrifi mamlakatimiz tashqi siyosatidagi muhim voqealardan biri bo‘lib, ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli munosabatlarni yangi, amaliy bosqichga olib chiqish uchun mustahkam zamin yaratdi.
Belgradda Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich bilan o‘tkazilgan oliy darajadagi muzokaralar O‘zbekiston – Serbiya munosabatlarini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. Unda siyosiy muloqot va parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash bilan bir qatorda, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, ta’lim, madaniyat, sport, turizm va mehnat migratsiyasi sohalaridagi hamkorlik masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Ayniqsa, savdo-iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, erkin savdo to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlar alohida ahamiyatga ega. Bu tashabbuslar ikki mamlakat iqtisodiy salohiyatidan yanada samarali foydalanish, tadbirkorlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish va yangi investitsiyaviy loyihalarni hayotga tatbiq etish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Transport va logistika, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, tibbiyot, raqamli iqtisodiyot, elektr texnikasi, elektronika, avtomobil qismlari ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni kuchaytirish uchun katta salohiyat mavjud. Eng muhimi, 2026-2028-yillarga mo‘ljallangan sanoatda sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasining qabul qilinishi mavjud imkoniyatlarni aniq va samarali loyihalarga aylantirishga xizmat qiladi.
Bugungi murakkab va tez o‘zgarayotgan xalqaro sharoitda davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarning mustahkamligi, avvalo, o‘zaro ishonch, ochiq muloqot va amaliy manfaatdorlikka tayanadi. Shu ma’noda O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi hamkorlikning iqtisodiy mazmun bilan boyib borayotgani mamlakatlarimiz uchun yangi imkoniyatlarni ochmoqda.
Tashrif doirasida parlamentlararo forum tashkil etish, hududlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgani ham e’tiborga molik. Zero, parlamentlar o‘rtasidagi muloqot nafaqat qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish, balki xalqlarimiz manfaatlariga daxldor masalalarni muhokama qilish, o‘zaro ishonchni mustahkamlash va davlatlararo kelishuvlarning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ta’lim, madaniyat, sport va turizm sohalarida qo‘shma tadbirlarni yo‘lga qo‘yish esa ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni yanada mustahkamlaydi. Xalqlar o‘rtasidagi yaqin aloqalar qanchalik keng bo‘lsa, davlatlararo munosabatlarning poydevori ham shunchalik mustahkam bo‘ladi.
Tashrifning yana bir muhim yo‘nalishi — mehnat mobilligi va migratsiya sohasida hamkorlikni tizimli yo‘lga qo‘yish. Mehnat mobilligi va migratsiyasi to‘g‘risidagi bitimning qabul qilinishi ushbu sohada huquqiy asoslarni mustahkamlab, fuqarolarning mehnat huquqlari va manfaatlarini himoya qilish, tartibli va xavfsiz mehnat migratsiyasini ta’minlash borasida yangi imkoniyatlarni ochadi.
Erishilgan kelishuvlarni izchil va samarali amalga oshirish maqsadida keng qamrovli “yo‘l xaritasi” qabul qilingani esa tashrifning amaliy ahamiyatini yanada oshiradi. Zero, har qanday davlatlararo kelishuvning haqiqiy samarasi uning hayotga qay darajada tatbiq etilishi bilan belgilanadi.
Parlament vakili sifatida ta’kidlash joizki, bugungi O‘zbekiston tashqi siyosatida mamlakat milliy manfaatlari bilan bir qatorda, xalq farovonligi, yangi ish o‘rinlari yaratish, investitsiyalarni jalb etish, zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish va eksport imkoniyatlarini kengaytirish kabi aniq maqsadlar ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Serbiya bilan hamkorlikning yangi bosqichi ham ana shu maqsadlarga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Umuman, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Serbiyaga tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning siyosiy, iqtisodiy va gumanitar mazmunini yanada boyitib, ularni yangi, amaliy va uzoq muddatli hamkorlik bosqichiga olib chiqdi. Eng muhimi, bu tashrif natijalari qog‘ozdagi kelishuvlar bilan cheklanib qolmasdan, yangi qo‘shma korxonalar, investitsiyaviy loyihalar, savdo hajmining o‘sishi, yangi ish o‘rinlari va xalqlarimiz uchun yangi imkoniyatlarda o‘z ifodasini topishi kerak. Ana shunda bu tarixiy tashrifning haqiqiy amaliy samarasi yanada yaqqol namoyon bo‘ladi.
Muhtarama Komilova yozib oldi, O‘zA