O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanmoqda
O‘zbekiston tashqi savdo munosabatlarini kengaytirib, Yevropa Ittifoqidan GSP+ maqomini olgach, Yevropa mamlakatlariga eksport hajmi oshdi. Mazkur maqomning 2027 yilgacha uzaytirilishi ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish imkonini beradi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda 1000 dan ortiq yevropa kompaniyalari, jumladan, 610 ta to‘liq Yevropa kapitaliga ega korxonalar faoliyat yuritmoqda. O‘tgan yili Yevropa Ittifoqidan jalb etilgan investitsiya va kreditlar 4,1 milliard dollarni tashkil qilib, oldingi yilga nisbatan 77 foizga yuqoriladi. Jami investitsiyaviy portfel 30 milliard yevrodan oshdi.

Bu yo‘nalishda O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi munosabatlar ham jadal sur’atlar bilan rivojlanib bormoqda. 2024 yilda o‘zaro savdo hajmi uch barobarga oshib, 382 million dollarga yetdi.
Madaniy-gumanitar va ta’lim sohalaridagi hamkorlik ikki mamlakatni tobora bir-birga yaqinlashtirmoqda. Xususan, “Polshada ta’lim” dasturi doirasida 2100 nafar o‘zbekistonlik talaba Polsha oliy ta’lim muassasalarida tahsil olmoqda. Polshaga aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilganidan so‘ng ushbu mamlakatdan sayyohlarning O‘zbekistonga tashrifi 7 barobarga oshdi.

Yevropa va Osiyo mamlakatlari o‘rtasida mintaqalararo hamkorlikni chuqurlashtirish, dolzarb masalalar yuzasidan fikr va tajriba almashish, hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan aniq takliflarni ishlab chiqishga xizmat qiluvchi ekspertlik maydonini yaratish maqsadida
Polshaning Torun shahrida XII Xalqaro Osiyo kongressi tashkil etildi. Unda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi faxriy mehmon sifatida ishtirok etdi.
Tadbir Polsha Tashqi ishlar vazirligi, “Marshalek-Xolding” kompaniyasi, Nikolay Kopernik nomidagi Torun universiteti, Varshava universiteti huzuridagi Siyosatshunoslik instituti, “Polsha–Sharq hamkorligi jamiyati”, Polsha integratsiya va hamkorlik jamiyati, Kuyavsko-Pomor voyevodaligi va Torun shahar hokimligi hamkorligida tashkil etildi.

Unda Yevropa va Osiyo davlatlari diplomatik missiyalari rahbarlari, deputatlar, vazirlik va idoralar vakillari, Polsha universitetlari rektorlari, tahlil markazlarining tadqiqotchi-ekspertlari, ommaviy axborot vositalari hamda biznes hamjamiyati vakillari ishtirok etdi, deyiladi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ma’lumotida.
XII Xalqaro Osiyo kongressining plenar yig‘ilishida markaz ijrochi direktori E.Tulyakov va O‘zbekistonning Polshadagi elchisi A.A’zamxo‘jayevlar o‘z taqdimotlari bilan qatnashdi.
Jumladan, E.Tulyakov “O‘zbekistonning iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati” mavzusida taqdimot qilib, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati, mamlakatdagi yangi imkoniyatlar va polshalik hamkorlar uchun istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari haqida atroflicha so‘z yuritdi.
Shuningdek, O‘zbekistonning iqtisodiyotni liberallashtirish orqali shaffoflik, samaradorlik va strategik boshqaruv tamoyillariga asoslangan islohotlar yo‘lidan borayotgani alohida e’tirof etildi.
Unda ta’kidlanishicha, hozirda xizmat ko‘rsatish va sanoat tarmoqlari YAIMning 70 foizdan ziyodini tashkil etmoqda, bu esa iqtisodiyotning diversifikatsiyalashuvini ko‘rsatadi.
XII Xalqaro Osiyo kongressi doirasida, shuningdek, “O‘zbekiston kuni” tashkil etildi. Unda mamlakatimizning milliy va madaniy boyliklari, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati namoyish etildi.
Abdulaziz RUSTAMOV,
O‘zA