O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida siyosiy maslahatlashuv
2 iyul kuni Toshkentda O‘zbekiston va Pokiston tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarga bag‘ishlangan navbatdagi videokonferensiya bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda O‘zbekiston – Pokiston ko‘p qirrali hamkorligining hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya aloqalarini chuqurlashtirishga tomonlar manfaatdorligi yana bir bor bildirildi. Kun tartibidan Toshkent – Laxor – Toshkent aviaqatnovlarning tiklanishi ham o‘rin oldi. O‘zbekiston va Pokiston davlatlari o‘rtasida o‘zaro turizm sohasini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, iyun oyida Pokiston aviakompaniyasi tomonidan uchta charter parvoz amalga oshirilgani qayd etildi. Ta’kidlash kerak, 2021 yil 14 aprelda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Bosh vaziri Imron Xon o‘rtasida onlayn-uchrashuv bo‘lib o‘tgan edi. O‘shanda mamlakatlararo sheriklikning dolzarb masalalari, shu jumladan, konstruktiv siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo, investitsiyalar, transport va tranzit sohalaridagi hamkorlik dasturlari ilgari surilgan edi. Bugun ushbu sammit yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlar, shuningdek, sog‘liqni saqlash, ta’lim va turizm sohalaridagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish kabi muhim vazifalar belgilab olindi. – Iyul oyi o‘rtalarida Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xonning O‘zbekistonga tashrifi kutilmoqda. Tadbirda tashkiliy ishlar kelishib olindi. Mazkur tashrif doirasida Pokiston tomoni Toshkentda bo‘lib o‘tadigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” xalqaro konferensiyasida ishtirok etadi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston – Pokiston o‘rtasida muzokaralar o‘tkaziladi. Ushbu uchrashuvlar Pokiston uchun nafaqat ikki mintaqa o‘rtasida, balki Markaziy Osiyoda pragmatik tashqi siyosatini yangi bosqichga olib chiqadi, – dedi O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Sidiqov. Konferensiyada mintaqaviy masalalar, birinchi navbatda Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, ijtimoiy-iqtisodiy hamda infratuzilma loyihalarini birgalikda amalga oshirish orqali mamlakat iqtisodiyotini tiklash to‘g‘risidagi masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA