O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston san’at ustalarining do‘stlik konserti
Poytaxtimizdagi "O‘zbekiston" Xalqaro anjumanlar saroyida O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston san’at ustalari ishtirokidagi qo‘shma konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.
Tantanali tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xodjayev mazkur dastur Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsuxning mamlakatimizga davlat tashrifi doirasida tashkil etilganini ta’kidladi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston jahon mamlakatlari bilan ochiq, konstruktiv, o‘zaro ishonch va samimiyatga asoslangan do‘stona munosabatlarni yo‘lga qo‘ygani ona-Vatanimizdagi ijobiy o‘zgarishlarni jahonga to‘laqonli namoyon etish imkonini bermoqda.
Bu jihatlar mamlakatimizning Mo‘g‘uliston Respublikasi bilan do‘stona munosabatlarida ham o‘zining yorqin ifodasini topmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux 23-26 iyun kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘lib turishi jarayonida ham bu jihatlar yana bir karra o‘zining yorqin dalilini topdi.
Tashrif asnosida yuksak martabali mehmon O‘zbekistondagi yangilanishlar, ijobiy o‘zgarishlar bilan batafsil tanishdi. Taraqqiyot sari shiddatli odimlayotgan O‘zbekistondagi ilg‘or tashabbuslar, ezgu sa’y-harakatlarni yuksak e’tirof etdi.

Oliy darajadagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha ommaviy axborot vositalari uchun taqdim etilgan bayonotda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Mo‘g‘uliston Prezidentining ikki tomonlama munosabatlar tarixidagi birinchi tashrifi O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston do‘stligini mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga bo‘lgan o‘zaro intilishning tasdig‘i bo‘lganini qayd etdi.
Ushbu yuqori darajadagi muloqotlar davomida endilikda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar iqtisodiyot, sanoat, ishbilarmonlik bilan birga innovatsion texnologiyalar, madaniyat, ta’lim, ilm-fan, sayyohlik va boshqa sohalarda ham tobora kengroq rivojlanishining yangi istiqbollari belgilandi.
Mo‘g‘uliston Bosh vazirining o‘rinbosari Saynbuyangiyn Amarsayxan ushbu dastur sabab yig‘ilganlarga Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsuxning iliq va samimiy salomini yetkazishdan mamnun ekanini e’tirof etdi.
Ta’kidlanganidek, xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalar qadim tarixga ega. 1992 yildan O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilgach, hamkorligimiz o‘zaro hurmat va manfaatlarni hisobga olish asosida rivojlanib bormoqda.
Konsert dasturida Mo‘g‘ulistonning "Morin xuur" filarmonik orkesti hamda O‘zbekiston Davlat xalq cholg‘ulari orkestri ikki xalq musiqalaridan namunalarni ijro etdi.
Aytish kerakki, 2008 yili YUNESKOning Butunjahon nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan "Morin xuur" filarmonik orkestri mo‘g‘ul tarixi, madaniyati, o‘ziga xosligini namoyish etishi bilan ahamiyatli.
Ikki xalq san’at ustalari ishtirokidagi do‘stlik konserti samimiy, baland ruhda o‘tdi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri