O‘zbekiston va Malayziya: ilmiy-ma’rifiy hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Malayziya Milliy universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Marosimda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, Malayziya Milliy universiteti rektori, professor Dato Sufian Jusoh, universitet huzuridagi “Institut Islam Hadhari” direktori professor Fariza Md Sham, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Komiljon Shermuhamedov hamda ikki mamlakatning ilmiy-akademik doiralari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni ochib bergan F.Abduxoliqov so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi munosabat barcha sohada izchil rivojlanayotganini ta’kidlab, o‘tgan oy Malayziya qirolichasi Roja Zarit Sofiyaning O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar rivojida muhim voqea bo‘lganini alohida qayd etdi.
Yig‘inda so‘z olgan Malayziya Milliy universiteti rektori professor Dato Sufian Jusoh ikki o‘lka olimlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma tadqiqotlar olib borish va akademik almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Shuningdek, ”Institut Islam Hadhari“ direktori professor Fariza Md Sham va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori K.Shermuhamedov ham zamonaviy ilm-fan va islom ma’rifati uyg‘unligi, umumiy ilmiy loyihalarni amalga oshirish hamda xalqaro tadqiqot platformalarini rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr bildirdilar.
Tomonlar imzolangan memorandum O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi ilmiy-ma’rifiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi, ikki mamlakat olim va tadqiqotchilari uchun yangi imkoniyat yaratishiga ishonch bildirdilar.
Dilshod Hakimov,
Asliddin Alijonov (surat),
O‘zA