O‘zbekiston va Ko‘rfaz arab davlatlari munosabatlari – O‘zA nigohida
O‘zAning mazkur yangi ruknida O‘zbekiston va Ko‘rfaz arab mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikning turli jihatlari – siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy aloqalar, investitsiyaviy loyihalar, madaniy-gumanitar hamda ta’lim va innovatsiya sohalaridagi sheriklik masalalari atroflicha yoritib boriladi. Shu bilan birga, ikki tomonlama munosabatning bugungi holati, amalga oshirilayotgan qo‘shma dasturlar va istiqbolli yo‘nalishlar tahlil qilinadi. Bu esa o‘quvchilarga mazkur hamkorlikning mazmun-mohiyatini chuqurroq anglash, mintaqaviy va global ahamiyatini baholash imkonini beradi.
Kuvayt: yangi investitsiya loyihalari kun tartibida

O‘zbekiston va Kuvayt munosabatlari so‘nggi yillarda sezilarli darajada faollashdi. Joriy yilning 15-iyul kuni mamlakatimiz investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Kuvayt Davlatining yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Turki Xolid Hamad Al-Mikrad bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida tomonlar savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, yangi loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar. Tovar ayirboshlash hajmini oshirish, O‘zbekiston mahsulotlarini Kuvayt bozoriga olib chiqish, biznes-missiyalar va ko‘rgazmalar tashkil etish, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi.
Ayniqsa, bank-moliya sohasi, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, sanoat va xizmatlar yo‘nalishlaridagi loyihalar istiqbolli deb baholandi. Shuningdek, infratuzilma va logistika loyihalarini moliyalashtirish yuzasidan Arab iqtisodiy taraqqiyoti bo‘yicha Kuvayt jamg‘armasi bilan hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Qolaversa, O‘zbekiston – Kuvayt biznes-forumini tashkil etish, Hukumatlararo komissiya faoliyatini faollashtirish hamda uning uchinchi yig‘ilishini joriy yil kuzida o‘lkamizda o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.
Bahrayn: siyosiy ishonch va iqtisodiy hamkorlik mustahkamlanmoqda

O‘zbekiston va Bahrayn munosabatlari o‘zaro hurmat va ishonch tamoyillari asosida rivojlanib bormoqda. Ayniqsa, keyingi yillarda ikki mamlakat o‘rtasida siyosiy muloqotlar yanada faollashib, tashqi ishlar vazirliklari, parlamentlar hamda ishbilarmon doiralar o‘rtasida aloqalar kengaydi.
Xususan, Jidda shahrida o‘tgan “Markaziy Osiyo – GCC” sammitida Bahrayn rahbariyati va O‘zbekiston delegatsiyasi mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish, savdo, investitsiya, transport va logistika sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muloqotlar o‘tkazdi.
Joriy yil mart oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev Bahrayn Podshohi Hamad bin Iso Ol Xalifa bilan telefon orqali muloqot qilib, Yaqin Sharqdagi vaziyat yuzasidan fikr almashdi hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlashga tayyorligini bildirdi.
Ta’kidlash kerakki, Bahraynning moliya xizmatlari, bank tizimi va islom moliyasi sohasidagi boy tajribasi O‘zbekiston uchun muhim ahamiyatga ega. Hozirda islom moliyasi instrumentlarini joriy qilish, investitsiya jamg‘armalari tashkil etish va xususiy kapitalni jalb qilish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilinmoqda.
Qatar: strategik sheriklikni mustahkamlash yo‘lida muhim muloqot

Yaqinda poytaxtimizda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va Qatar elchisi Hasan bin Hamza Hoshim bo‘lajak ikki tomonlama tadbirlar rejasini muhokama qildi.
– Qatar Davlatining mamlakatimizdagi elchisi, janob Hasan bin Hamza Hoshimni qabul qildik, – deb yozdi O‘zbekiston TIV rahbari o‘zining telegram kanalida. – O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, oliy darajadagi muloqotlar doirasida erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirish masalalarini muhokama qildik.
Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-logistika, energetika, turizm va madaniy-gumanitar yo‘nalishlardagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdik.
Shuningdek, bo‘lajak ikki tomonlama tadbirlar jadvali hamda xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikning dolzarb jihatlarini ko‘rib chiqdik.
Elchi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining Qatar Davlati sobiq Amiri Shayx Hamad bin Xalifa Ol Soniy Hazrati Oliylarining vafoti munosabati bilan yaqinda Doha shahriga tashrif buyurib, shaxsan bildirgan hamdardligi va ta’ziyasi uchun Qatar tomonining samimiy minnatdorligini yetkazdi.
BAA: ta’lim va mehnat migratsiyasi sohalarida hamkorlik rivojlanmoqda

Birlashgan Arab Amirliklari bugun diyorimiz iqtisodiyotiga eng ko‘p investitsiya kiritayotgan arab davlatlaridan biri hisoblanadi.
Ayni paytda ushbu o‘lka ishtirokida O‘zbekistonda quyosh va shamol elektr stansiyalari, logistika markazlari, aeroportlar, suv ta’minoti hamda raqamli hukumat sohasida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Yaqinda yurtimizning Abu-Dabidagi Favqulodda va muxtor elchisi Umid Shodiyev BAAning inson resurslari va oliy ta’lim vaziri Abdurahmon Abdulmannon Al Avar bilan uchrashdi.
Ta’kidlanishicha, tomonlar oliy ta’lim va mehnat migratsiyasi sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qilib, qator amaliy kelishuvlarga erishgan.
Ta’lim yo‘nalishida ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, texnologiyalar, muhandislik, tibbiyot, davlat boshqaruvi va innovatsiyalar yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Mehnat migratsiyasi sohasida esa BAA tomoni O‘zbekiston Kasbiy ta’lim agentligi bilan yaqin vaqt ichida videokonferensiya o‘tkazishga tayyorligini bildirdi. Unda O‘zbekiston fuqarolarini BAA mehnat bozoriga tizimli jalb qilish, kasbiy tayyorgarlik sifatini oshirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Saudiya Arabistoni: hamkorlikning yangi sahifasi

Ma’lumki, Saudiya Arabistoni O‘zbekistonning eng muhim strategik hamkorlaridan biri. Bugungi kunda ushbu mamlakat kompaniyalari ishtirokida yurtimizda shamol va quyosh elektr stansiyalari qurilishi, energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish va “yashil” iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Yaqinda O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari Jidda Savdo-sanoat palatasi vakillari bilan uchrashdi. Diyorimizning iqtisodiy imkoniyatlarini taqdim etish, o‘lkamizga Saudiya investitsiyalarini keng jalb qilish maqsadida tashkil etilgan muloqotda o‘zaro sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
“Dunyo” AA yozishicha, uchrashuvda o‘zbekistonlik ishbilarmon ayollarning Saudiya Arabistoniga tashrifini tashkil etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Jidda Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. U mazkur tashrifni “O‘zbekiston–Saudiya Arabistoni ishbilarmon ayollar” birinchi forumi nomi ostida joriy yilning oktabr–noyabr oylarida Jidda shahrida o‘tkazishni taklif qildi.
Ushbu nufuzli tadbir doirasida yurtimizda ishlab chiqarilgan eksportbop mahsulotlarning “Made in Uzbekistan” ko‘rgazmasi, yurtimiz turizmi va milliy hunarmandchilik imkoniyatlarini namoyish etuvchi “Welcome to Uzbekistan” yarmarkasini tashkil etishga kelishib olindi.
O‘mon: savdo, transport va turizm sohalarida yangi kelishuvlar sari

O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasida transport-kommunikatsiya, dengiz logistikasi, savdo hamda turizm sohalarida hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Ayniqsa, Fors ko‘rfazi portlaridan foydalanish, tranzit yo‘laklarini diversifikatsiya qilish va mintaqalararo bog‘liqlikni kuchaytirish masalalari ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi.
Yaqinda O‘mon Savdo-sanoat palatasi direktorlar kengashi a’zolari va yirik biznes vakillaridan iborat delegatsiyaning yurtimizga xizmat safari amalga oshirildi.
Ta’kidlanishicha, O‘mon delegatsiyasi Samarqandda viloyat Savdo-sanoat palatasi rahbariyati hamda mahalliy tadbirkorlar bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazgan. Ular hududdagi yirik ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishib, o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘ydi.
Uchrashuvlarda sanoat, infratuzilma, turizm, oziq-ovqat xavfsizligi va boshqa ustuvor sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Biznes-missiya dasturi Toshkent shahrida davom ettirilib, delegatsiya a’zolari O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi rahbariyati, shuningdek, yetakchi tadbirkorlar bilan uchrashdi.
Muzokaralarda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish va amaliy kelishuvlarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha hamkorlikni yanada faollashtirishga kelishib olindi.
O‘tkir Alimov, O‘zA