O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida IT sohasidagi hamkorlik yanada kengayadi
Koreya Respublikasi bilan hamkorlikning eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri aynan raqamli va axborot texnologiyalari sohasi etib belgilanmoqda.
Ma’lumki, ushbu davlat elektron hukumat, axborot texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha dunyoda yetakchilardan sanaladi. Yillar davomida Koreya mazkur yo‘nalishda mustahkam zamin yaratgan. Bu esa sohada ulkan marralarni zabt etishda muhim ahamiyat kasb etgan.
Hozir infratuzilma yaratish bo‘yicha Koreya – O‘zbekiston qo‘shma korxonasi faoliyat yuritmoqda. Mamlakatimizda barcha xonadonlar, ijtimoiy ob’ektlarga o‘tkazilayotgan optik tolali kabelni o‘zimizda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Keyingi yil tayyor mahsulot hajmini kamida ikki barobar oshirish rejalashtirilgan. Bu esa importni kamaytirish bilan birga, eksportga chiqish imkonini yaratadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 16-18 dekabr kunlari Koreya Respublikasiga davlat tashrifi doirasida IT-Park bilan KOIKA tashkiloti o‘rtasida 4,5 million dollarlik grant bo‘yicha hujjat imzolandi. O‘zbekistonlik yoshlarni axborot texnologiyalari sohasi bo‘yicha o‘qitish, joylardagi IT markazlarida KOIKA ko‘magida yangi, zamonaviy ta’lim uslublarini joriy etishga kelishildi. Yana bir muhim yo‘nalish sifatida yoshlarimizga koreys tilini mukammal o‘rgatish belgilandi. Bu orqali Koreya bozoriga muayyan xizmatlarni eksport qilish imkoniyatimiz kengayadi.
Toshkentdagi Inha universitetida ta’lim yo‘nalishlarini kengaytirish, jumladan, sun’iy intellekt, axborot xavfsizligi o‘quv dasturlarini ko‘paytirish zarurligi ma’qullandi. Shuningdek, Koreyaning Davlat boshqaruvi va Axborot texnologiyalari fanini rivojlantirish vazirliklari bilan hamkorlikda ish olib borishga kelishib olindi.
Ma’lumki, barcha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida axborot texnologiyalari keng joriy etilishi Koreyada davlat xizmati ko‘rsatish sifatini yuqori darajaga olib chiqishga ko‘maklashgan. Mazkur tajribani qo‘llash orqali O‘zbekistonda elektron hukumat tizimini rivojlantirishga erishish maqsadida hamkorlik qilish rejalashtirilmoqda. Qolaversa, ishlab chiqarish va boshqa turli tarmoqlarda iqtisodiy samaradorlikni ta’minlashda aynan axborot texnologiyalarini joriy etish muhim ahamiyat kasb etadi.
Bir so‘z bilan aytganda, davlatimiz rahbarining Koreya Respublikasiga davlat tashrifi axborot texnologiyalarini rivojlantirish, xususan, IT-Park kadrlari salohiyatini yuqori darajaga ko‘tarishga katta hissa qo‘shadi. Bundan tashqari, IT-Park rezidentlarining yangi bozorlarda o‘z yo‘nalishlarini ochishiga, sohada yangi xizmatlar joriy etilishiga zamin yaratadi.
Sherzod SHERMATOV,
axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri.
O‘zA