O‘zbekiston va Koreya: hamkorlikda raqamli taraqqiyot sari
Oliy Majlis Senatiga Koreya Respublikasi Ichki ishlar va xavfsizlik vaziri Yun Xo Chjun boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashuvda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlarining bugungi holati va ularni yanada chuqurlashtirish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Tomonlar raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini davlat boshqaruviga keng joriy etish, elektron hukumat tizimini takomillashtirish hamda mazkur sohalarda zamonaviy qonunchilik bazasini rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Muloqotda iqlim o‘zgarishi oqibatida ortib borayotgan tabiiy ofatlar va favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ularga tezkor va samarali javob qaytarish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Shu nuqtai nazardan, Koreya Respublikasining ilg‘or tajribasi asosida favqulodda vaziyatlar xavfini barvaqt aniqlash, aholini o‘z vaqtida xabardor qilish, evakuatsiya jarayonlarini samarali tashkil etish va jamoat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan raqamli yechimlarni hududlar hamda mahallalar darajasida joriy etish imkoniyatlari muhokama qilindi. Bunda mahalliy kengashlar deputatlarining mazkur tashabbuslarni joylarda samarali amalga oshirishdagi o‘rni va mas’uliyati alohida qayd etildi.
Tomonlar mamlakatimizdagi koreys diasporasining O‘zbekiston va Koreya xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari, madaniy-gumanitar aloqalar va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashdagi beqiyos hissasini yuksak baholadi. 2027-yilda O‘zbekistonda koreys diasporasi yashab kelayotganining 90 yilligi keng nishonlanishi ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik va o‘zaro hurmatning yorqin ifodasi ekani ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida parlamentlararo va hududlararo hamkorlikni yanada faollashtirish, o‘zaro manfaatli tashabbus va loyihalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, amaliy sheriklikni yangi mazmun bilan boyitib borishga e’tibor qaratilib, tomonlar O‘zbekiston–Koreya munosabatlarini izchil rivojlantirish va strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqishga qat’iy tayyor ekanliklarini bildirdi.
N.Abduraimova,
O‘zA