O‘zbekiston va Kanada universitetlari o‘rtasida ta’lim hamkorligi kengaymoqda
Xalqaro ta’lim hamkorligini rivojlantirish, iqtidorli yoshlar uchun xorijiy oliy ta’lim muassasalariga kirish imkoniyatlarini kengaytirish va pedagoglar malakasini oshirish ta’lim tizimining muhim yo‘nalishlaridan hisoblanadi.
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligida Kanada universitetlari vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Agentlik direktori Sevara Shokirova hamda Kanadaning Saint Mary’s, Simon Fraser va York universiteti vakillari ishtirokidagi muloqotda o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar davomida agentlik tizimidagi Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablar bitiruvchilari uchun Kanada universitetlariga qabul imkoniyatlarini kengaytirish, ta’lim grantlarini ajratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Kanada o‘rtasida o‘quvchilar uchun yozgi oromgohlar tashkil etish, talabalar tashriflarini yo‘lga qo‘yish hamda ta’lim sohasidagi almashinuv dasturlarini rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishi pedagoglarning kasbiy salohiyatini oshirish bilan bog‘liq. Shu ma’noda, maktab maslahatchilari va STEM fanlari o‘qituvchilari uchun xalqaro tajriba asosida maxsus treninglar tashkil etish masalasi muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida uchala universitet bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va tegishli memorandumlarni imzolash imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.
M.HOJIAKBAROVA, O‘zA