O‘zbekiston va Janubiy Koreya qishloq xo‘jaligida yangi loyihalarni amalga oshiradi
Qishloq xo‘jaligiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, malakali kadrlar tayyorlash va oziq-ovqat sanoatida yangi loyihalarni amalga oshirish borasida O‘zbekiston–Janubiy Koreya hamkorligi kengaymoqda.
Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.Xo‘jayev boshchiligidagi delegatsiya Janubiy Koreyada qishloq xo‘jaligi, ta’lim va oziq-ovqat sanoati yo‘nalishlarida qator uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi mas’ullari DICA (Dankook International Cooperation in Agriculture) prezidenti Lee Dong Jin bilan muzokaralarda O‘zbekistonda “Korea–Uzbekistan AgriTech University”ni tashkil etish loyihasini muhokama qildi.
Loyiha doirasida “3+1” ta’lim modeli asosida smart qishloq xo‘jaligi, agrar menejment, biologiya va oziq-ovqat texnologiyalari yo‘nalishlarida mutaxassislar tayyorlash ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, universitetning moddiy-texnik bazasini shakllantirish masalalari ko‘rib chiqilib, loyiha bo‘yicha hamkorlik kelishuvini imzolashga kelishib olindi.
Muzokaralarda qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish va zamonaviy texnologiyalar asosida ishlab chiqarish samaradorligini oshirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, TG kompaniyasi bilan uchrashuvda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan “Aqlli qishloq xo‘jaligi” loyihasi muhokama qilindi.
Unda aqlli ferma tashkil etish, ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish, soha uchun mutaxassislar tayyorlash va ularning Janubiy Koreyada malakasini oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, issiqxonalarda koreys sabzavot va poliz ekinlari navlarini sinovdan o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi, deyiladi Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotida.
Tashrif doirasida oziq-ovqat sanoatidagi hamkorlik istiqbollari ham muhokama qilindi. Sungshin L&P va Dongwon F&B kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvda O‘zbekistonda kimchi hamda dengiz o‘tlaridan tayyorlanadigan chips kabi yangi turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Jeju mandarinlarini import va eksport qilish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi. Dongwon F&B mahsulotlari ayni paytda O‘zbekistonda “Korzinka” savdo tarmog‘i orqali sotilayotgani qayd etilib, ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni kengaytirish rejalari belgilandi.
M.HOJIAKBAROVA,
O‘zA