O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasida savdo hajmi ikki barobar oshgan
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov qarorgohi Moskva shahrida joylashgan Ispaniya Qirolligining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Markos Gomes Martinesni qabul qildi.
Muloqot chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikning bugungi holati va aloqalarni yanada faollashtirish istiqboli muhokama qilindi.
So‘nggi 5 yilda iqtisodiy munosabat jadallashgani, o‘zaro savdo hajmi ikki barobar oshgani qayd etildi. O‘zbekistonda Ispaniya ishtirokidagi qo‘shma korxonalar soni muntazam ko‘payib boayotgani, shu bilan birga tomonlarda hamkorlikni yanada kengaytirish uchun foydalanilmagan salmoqli salohiyat mavjudligi e’tirof etildi.

Xususan, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik sanoati, energetika, infratuzilmaviy qurilish va qurilish materiallari ishlab chiqarishda qo‘shma loyihalar amalga oshirish uchun katta imkoniyat borligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi va Ispaniya Qirolligi o‘rtasida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya bu borada samarali vosita ekani ma’qullandi. Tez orada Toshkent shahrida Komissiyaning birinchi yig‘ilishi va uchrashuv doirasida biznes-forum o‘tkazish rejalashtirilgan.
Uchrashuv yakunida muhokama qilingan tashabbus va hamkorlik yo‘nalishlarini ilgari surish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar kelishib olindi.
O‘zA