O‘zbekiston va Fransiya energetika sohasidagi loyihalarni jadallashtiradi
Mamlakatimizda energetika tizimini modernizatsiya qilish, yangi quvvatlarni ishga tushirish va “yashil” energetikani rivojlantirish maqsadida xorijiy hamkorlar bilan aloqalar kengaytirilmoqda. Bu jarayonda Fransiya kompaniyalari ishtirokidagi loyihalar ham muhim o‘rin tutadi.
Energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev Fransiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ualid Fuk bilan uchrashib, ikki davlat o‘rtasidagi energetika aloqalarining bugungi holati va kelgusi rejalar yuzasidan fikr almashdi.
Muloqotda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar barcha yo‘nalishlarda izchil rivojlanayotgani, energetika sohasidagi hamkorlik esa tobora amaliy mazmun kasb etayotgani ta’kidlandi.
Uchrashuvda Fransiya kompaniyalarining O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha yirik loyihalarni amalga oshirishdagi ishtiroki ham qayd etildi. Jumladan, “TotalEnergies” kompaniyasi bilan hamkorlikda Samarqand viloyatida 100 MVt, “Voltalia” bilan hamkorlikda Xorazm viloyatida 100 MVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyalari ishga tushirildi. Shuningdek, “EDF” kompaniyasi bilan hamkorlikda Sirdaryo viloyatida 1 573 MVt quvvatli issiqlik elektr stansiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Fransiya kompaniyalari ishtirokida yurtimizda amalga oshirilayotgan energetika loyihalarining joriy holati va istiqbollari ham atroflicha muhokama qilindi. Xususan, an’anaviy va “yashil” energetika, shuningdek, neft-gaz sohalaridagi loyihalarni rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Tomonlar mavjud tashabbuslarni amalga oshirishni jadallashtirish, istiqbolli loyihalarni ilgari surish hamda hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash muhimligini qayd etdi.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, muloqot yakunida qo‘shma loyihalarni izchil davom ettirish, mavjud hamkorlikni mustahkamlash va energetika sohasidagi o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA