O‘zbekiston va Finlyandiya: xalqaro bojxona aloqalari kengaymoqda
Bojxona qo‘mitasida Finlyandiya Bojxona xizmatining Qozog‘istondagi aloqa ofitseri, xalqaro va huquqiy masalalar bo‘yicha katta bojxona inspektori Antti Luukkonen bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Finlyandiya o‘rtasidagi bojxona sohasidagi hamkorlikning hozirgi holati hamda uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.
Tomonlar axborot almashinuvini faollashtirish, amaliy hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish va o‘zaro idoralararo aloqalarni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

Uchrashuvda 2008-yil 28-martda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Finlyandiya Respublikasi Hukumati o‘rtasidagi bojxona sohasida o‘zaro ko‘maklashish to‘g‘risidagi Bitim doirasida hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Muzokaralar chog‘ida Skandinaviya mamlakatlari bojxona xizmatlari bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, xalqaro so‘rovlar bo‘yicha axborot almashish, xavflarni boshqarish tizimi, tovarlarni maqsadli nazorat qilish (targeting), kontrabandaga qarshi kurashish, bojxona auditi, kinologiya xizmati, kadrlar malakasini oshirish kabi yo‘nalishlarda tajriba almashish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdi. Finlyandiya tomoni xalqaro so‘rovnoma va axborot almashinuvi sohasida hamkorlikni yanada kuchaytirishga tayyor ekanini alohida qayd etdi.
Ushbu uchrashuv O‘zbekistonning xalqaro bojxona hamkorligini mustahkamlash, zamonaviy ish uslublarini joriy etish va idoralararo salohiyatni oshirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri sifatida baholanmoqda.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA