O‘zbekiston va Finlyandiya ekspert doiralari o‘rtasidagi aloqalar kengaymoqda
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining ustuvor yo‘nalishlari bugun jahon hamjamiyati e’tibor markazida.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov Finlyandiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Mariya Ogren bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkin, Mariya Ogren Finlyandiyaning O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmanistondagi Favqulodda va muxtor elchisi bo‘lib, diplomatik faoliyatini Xelsinkidan olib boradi. Diplomat avval Finlyandiya tashqi siyosatini strategik rejalashtirish yo‘nalishida faoliyat yuritgan, shuningdek, qator xorijiy davlatlarda 20 yildan ortiq davr mobaynida diplomatik tajriba orttirgan.
Muloqotda O‘zbekiston – Finlyandiya ekspertlik hamkorligini rivojlantirish, shuningdek, ikki mamlakat tahliliy markazlari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashinuvini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Eldor Tulyakov Markazning 2017-yildan buyon mamlakatdagi strategik islohotlar ijrosini tizimli monitoring qilib kelayotgani haqida ma’lumot berdi. Xususan, hududlarda jamoatchilik fikrini o‘rganish, aholi tomonidan ko‘tarilayotgan dolzarb masalalarni tahlil qilish hamda islohotlar samaradorligini oshirishga qaratilgan taklif va tashabbuslarni ishlab chiqish Markaz faoliyatining muhim yo‘nalishlari ekani qayd etildi.
Shuningdek, davlat organlari, fuqarolik jamiyati, milliy va xorijiy ekspertlar o‘rtasida samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish, ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish va uni O‘zbekistondagi islohotlar jarayoniga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Mariya Ogren O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar sur’atini yuqori baholab, mamlakatdagi iqtisodiy o‘zgarishlar va ularning natijalari yaqqol ko‘zga tashlanayotganini qayd etdi. Diplomat jadal o‘zgarishlar sharoitida davlat va jamiyat o‘rtasidagi samarali muloqot, fuqarolarning fikr-mulohazalarini inobatga olish hamda jamoatchilikni islohotlar jarayoniga keng jalb etish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Elchi “Taraqqiyot strategiyasi” markazining davlat, jamiyat, ekspertlar hamjamiyati, ommaviy axborot vositalari va xalqaro hamkorlar o‘rtasidagi muloqotni ta’minlashdagi roliga yuqori baho berdi.
Uchrashuvda Finlyandiyaning davlat boshqaruvi, mahalliy vakillik organlari faoliyati, raqamlashtirish, suv resurslarini boshqarish, ekologiya va iqlim o‘zgarishi sohalaridagi tajribasini o‘rganish imkoniyatlari yuzasidan ham fikr almashildi.
Xususan, avvalgi yillarda O‘zbekiston delegatsiyasining qator rivojlangan davlatlar, jumladan, Finlyandiyaga tashrifi davomida o‘rganilgan xorijiy tajriba mahalliy Kengashlar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni shakllantirishda amaliy ahamiyat kasb etgani qayd etildi.
Mariya Ogren Markaz bilan aniq yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga tayyorligini ma’lum qildi. U Finlyandiyaning tegishli tashkilotlari, ekspertlari va tahliliy markazlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashishini bildirdi. Shuningdek, Finlyandiya siyosiy va ekspert doiralari vakillarining O‘zbekistonga bo‘lajak tashriflari doirasida Markaz bilan qo‘shma uchrashuv va tadbirlar tashkil etish imkoniyatlari qayd etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Finlyandiya ekspert-tahliliy doiralari o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashinuvini kengaytirish hamda manfaatli yo‘nalishlarda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Abdulaziz RUSTAMOV,
O‘zA