O‘zbekiston va Chexiya: strategik sheriklikning yangi davri va milliard dollarlik marralar
Munosabat
O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi munosabatlar ildizi uzoq o‘tmish, Buyuk ipak yo‘li davridagi madaniy va savdo aloqalariga borib taqalsa-da, zamonaviy bosqichda bu sheriklik o‘zaro hurmat va strategik manfaatlarning mushtarakligi asosida yangicha mazmun kasb etmoqda.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi diplomatik aloqalar o‘rnatilgan davrdan buyon Chexiya O‘zbekiston uchun Yevropa Ittifoqidagi ishonchli va barqaror hamkor, yurtimiz esa Markaziy Yevropadagi ushbu industrial rivojlangan davlat uchun mintaqadagi muhim siyosiy-iqtisodiy darvoza bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ko‘p yillik tajriba, sanoat kooperatsiyasi va ilmiy-texnikaviy sohalardagi muloqotlar bugungi kunda nafaqat davlatlararo rasmiy aloqalarni, balki ikki xalqning farovonligiga xizmat qiluvchi mustahkam iqtisodiy va gumanitar ko‘priklarni shakllantirib ulgurdi.

Jumladan, joriy yil 30-aprel kuni Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tgan tarixiy uchrashuv nafaqat ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi, balki Markaziy Osiyo va Markaziy Yevropa o‘rtasidagi iqtisodiy ko‘priklar mustahkamligini ham namoyish etdi.
Ushbu uchrashuvning eng muhim jihati shundaki, u shunchaki do‘stona tashrif emas, balki aniq hisob-kitoblar va uzoq muddatli strategik manfaatlarga asoslangan amaliy muloqotga aylandi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bu tashrif O‘zbekiston – Chexiya munosabatlarida sifat jihatidan yangi davrni boshlab berdi. Keyingi yillarda tovar ayirboshlash hajmining ikki barobarga oshgani va yurtimizda Chexiya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 37 taga yetgani buning yorqin isbotidir. Ammo erishilgan natijalar chegara emas, balki kelajakdagi katta yutuqlar uchun poydevordir.
Shu bois, o‘tkazilgan muzokaralarning iqtisodiy o‘zagini o‘zaro savdo hajmini 1 milliard dollarga yetkazish vazifasi tashkil etdi. Bu shunchaki raqam emas, balki yuzlab yangi ish o‘rinlari, yuqori texnologiyalar va yangi bozorlar demakdir. Ayniqsa, Chexiyada O‘zbekistonning birinchi sertifikatlash filiali tashkil etilayotgani va yurtimizda “Yevro-6” standartidagi avtomobillarni sertifikatlash laboratoriyasi qurilayotgani mahalliy mahsulotlarimizning Yevropa bozorlariga chiqishi uchun “yashil yo‘lak” ochadi.
Shuningdek, mashinasozlik, “yashil” energiya, farmatsevtika va kimyo sanoatidagi hamkorlik O‘zbekistonning sanoat salohiyatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Chexiyaning Eksport kreditlarini sug‘urtalash agentligi va Chexiya Eksport bankining loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi esa investitsiyaviy muhitning jozibadorligini yanada oshiradi.
E’tiborlisi, hamkorlik faqat zavod va fabrikalar bilan cheklanib qolmay, balki insonlar hayotini yaxshilashga qaratilgan “aqlli” loyihalarni ham qamrab oldi. “Aqlli” shaharlar yaratish, raqamlashtirish va muhandislik ishi sohalaridagi kelishuvlar O‘zbekistonning zamonaviy qiyofasini shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi.
Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik esa xalqlarimizni yanada yaqinlashtiradi. Qo‘shma diplom dasturlari, talabalar almashinuvi va Toshkent – Praga o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslarning qayta tiklanishi nafaqat ilm-fan, balki turizm sohasida ham yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Xulosa qilib aytganda, muzokaralar yakunida imzolangan Kengaytirilgan hamkorlikni ilgari surish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya va boshqa o‘nlab kelishuvlar ikki davlatning niyati qat’iy ekanini ko‘rsatdi. Elektropoyezdlar yetkazib berishdan tortib, geologiya va metrologiya sohasidagi innovatsiyalargacha bo‘lgan keng ko‘lamli hujjatlar to‘plami ikki tomonlama munosabatlarning “yo‘l xaritasi”ga aylanadi.
Qolaversa, O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi bu siyosiy-iqtisodiy hamkorlik nafaqat ikki mamlakat, balki butun mintaqa barqarorligi hamda taraqqiyoti uchun xizmat qilishi bilan yanada ahamiyatlidir.
Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi.
O‘zA