O‘zbekiston va BMT hamkorligining ustuvor yo‘nalishlari
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasida 1 mart kuni mamlakatimiz BMTga a’zo bo‘lganining 29 yilligiga bag‘ishlab, “O‘zbekiston va BMT hamkorligining ustuvor yo‘nalishlari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda deputatlar, BMTning ixtisoslashgan tuzilmalari vakolatxonalari rahbarlari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professor-o‘qituvchilari, yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi 1992 yil 2 martda BMTga a’zo bo‘lgan. Shu kundan e’tiboran mamlakatimiz bayrog‘i BMTning Nyu-Yorkdagi qarorgohi oldida boshqa davlatlar bayroqlari qatoridan joy oldi.
Ma’lumki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti dunyoda kechayotgan har qanday siyosiy jarayonlarni muvofiqlashtirish va boshqarish, mintaqaviy mojarolarni bartaraf etish, tabiiy ofatlarning oldini olish, qashshoqlikka qarshi kurashish kabi keng qamrovli muammolarni hal etish yo‘lida faoliyat yuritib kelmoqda. Tashkilot a’zo davlatlarning barqaror rivojlanishga erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlovchi yagona va eng obro‘li xalqaro tuzilma hisoblanadi.
Tadbirda O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi hamkorlikning bosh maqsadi – dunyoda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, davlatlararo hamjihatlik va do‘stlikni mustahkamlash, xalqaro iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish, inson huquqlari va erkinligini qo‘llab-quvvatlashdan iborat ekani ta’kidlandi.
O‘zbekiston o‘tgan davrda BMTning faol a’zolaridan biriga aylandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 23 sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida global va mintaqaviy ahamiyatga ega tashabbuslarni ilgari surdi.
Davlatimiz rahbari yaqinda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida so‘zlagan nutqida mamlakatimizda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish hamda Inson huquqlari bo‘yicha kengash doirasidagi asosiy vazifalarga to‘xtalib, inson huquqlari bundan buyon ham BMT bilan o‘zaro hamkorligimizning muhim yo‘nalishi bo‘lib qolishini alohida ta’kidladi.
Davlatimiz rahbarining ushbu yuksak minbardagi nutqi mamlakatimiz inson va uning huquqlari yo‘lida o‘zi tanlagan yo‘ldan ortga qaytmasligini, xalqaro huquqning inson huquqlariga oid umume’tirof etilgan prinsip va normalarini qat’iy himoya qilishini va uni faol ilgari surishini yana bir bor namoyon etdi.
O‘zbekiston BMTning 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha qator chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Jumladan, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘la hamohang tarzda ishlab chiqilgan Harakatlar strategiyasi va unga muvofiq har yili qabul qilinayotgan Davlat dasturlari mamlakatimizning halqaro hamjamiyat bilan baravar rivojlanishiga zamin yaratmoqda.
Ushbu maqsadlardan kelib chiqqan holda, Oliy Majlis palatalarining qonun ijodkorligi va parlament nazorati faoliyati doirasida tegishli chora-tadbirlar belgilab olingan. Xususan, parlament tomonidan O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha hukumat tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlari yuzasidan muntazam eshituvlar yo‘lga qo‘yilgan.
Davra suhbatida O‘zbekiston va BMT hamkorligining asosiy ustuvor yo‘nalishlari, mamlakatimizning tashkilot doirasida e’lon qilayotgan tashabbuslari va ularning ijrosi, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashida O‘zbekiston Respublikasi a’zoligining asosiy vazifalari kabi mavzular yuzasidan fikr almashildi.
S.RAHIMOV, O‘zA