O‘zbekiston va BMT: 489 million AQSH dollaridan ziyod bo‘lgan 341 dan ortiq loyiha hayotga tatbiq etildi
BMT Taraqqiyot dasturining Gender tenglikka erishish strategiyasini qo‘llab-quvvatlash va institutsional o‘zgarishlarni targ‘ib qilish uchun loyiha kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zosi Malika Qodirxonova ishtirok etdi.
Tadbirda davlat organlarida gender tenglikni ta’minlash, institutsional o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlash hamda O‘zbekistonning 2030-yilgacha gender tenglikka erishish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha ishlar natijalari muhokama qilindi.
BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistonda 2026 - 2030-yillarga mo‘ljallangan Mamlakat dasturi hamda BMTning Barqaror rivojlanish bo‘yicha hamkorlik doirasi (UNSDCF) asosida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, davlat boshqaruvini takomillashtirish va gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlar yuzasidan ham ma’lumot berildi.

BMT Taraqqiyot dasturi 1993-yildan buyon O‘zbekistonning ishonchli hamkori sifatida ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot, davlat boshqaruvini takomillashtirish, kambag‘allikni qisqartirish, ekologik barqarorlik va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qaratilgan keng ko‘lamli tashabbuslarni amalga oshirib kelmoqda. Shu davr mobaynida mamlakatimizda umumiy qiymati 489 million AQSH dollaridan ziyod bo‘lgan 341 dan ortiq loyiha hayotga tatbiq etildi.

Yig‘ilishda gender tenglik sohasida amalga oshirilayotgan loyihalarning natijalari, davlat idoralarida ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etish, davlat xizmatchilari salohiyatini oshirish hamda mazkur yo‘nalishdagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Tadbir ishtirokchilari gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini yanada kengaytirish hamda davlat boshqaruvi tizimida samarali institutsional mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha hamkorlikni izchil davom ettirish muhimligini ta’kidladi.
N.Abduraimova,
O‘zA