O‘zbekiston va AQSH munosabatlarida yangi davr
Mamlakatimizning xalqaro maydondagi o‘rni mustahkamlanib boryapti. Ayni jihat C5+1 formatidagi uchrashuvlar va AQSH delegatsiyasi bilan yuqori darajadagi muzokaralarda yana bir bor namoyon bo‘ldi.
Prezidentimizning Davlat kotibi Marko Rubio bilan uchrashuvi har tomonlama manfaatlidir. Hamkorlik sohalari ro‘yxati ancha kengaygan. Siyosat va xavfsizlik, savdo va investitsiya, innovatsiya va texnologiya, ta’lim va madaniyat asosiy yo‘nalishlar sifatida belgilangan. Ikki mamlakat parlamentlari va yondosh idoralari bevosita munosabat o‘rnatmoqda. Ishbilarmonlar va olimlar o‘rtasidagi ko‘prik mustahkam. Xavfsizlik sohasidagi sheriklik terrorizm, ekstremizm, giyohvandlik va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash kabi og‘riqli nuqtalarga qaratilgani ahamiyatli.
– O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida kengaytirilgan strategik sheriklik muloqoti yo‘lga qo‘yilgani ikki tomonlama munosabatni rivojlantirishda muhim qadamdir, – deydi Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Iqtisodiyot va menejment kafedrasi katta o‘qituvchisi Shohruh Mardonov. – Qator hujjatlar, jumladan koinotni tinch maqsadda o‘zlashtirishga qaratilgan “Artemida” bitimi imzolangani ayni muddao. Yaqin-yaqingacha dunyo bizni asosan paxta, oltin va qadimiy shaharlar orqali tanirdi. Endi esa koinot haqidagi xalqaro kelishuvlarga imzo chekyapmiz. To‘g‘ri, bu darrov raketa uchirish degani emas, balki mamlakat qanday davralardan o‘rin egallayotganini ko‘rsatadigan muhim belgi.

Siyosiy bayonot qanchalik chiroyli bo‘lmasin, haqiqiy ahvolni raqamlar tasdiqlaydi. Yil boshidan buyon ikki mamlakat o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 35 foiz oshirgan. Ishbilarmonlik va investitsiya kengashining birgina yig‘ilishida 12 milliard dollarlik yangi kelishuvlarga erishildi.
Iqtisodiy hamkorlik dasturi doirasidagi loyihalar fuqaro aviatsiyasi, avtomobilsozlik, konchilik, energetika, qishloq xo‘jaligi, raqamlashtirish va moliya sohalarini qamrab olgan. Tegishli ro‘yxatga qarab, sheriklik bir necha tarmoq bilan cheklanmayotgani, iqtisodiyotning deyarli butun tanasiga tomir otayotganini ko‘rish mumkin.
E’tiborli jihati shundaki, hamkorlik nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy sohada ham taraqqiy etmoqda. Toshkentda “Webster” universiteti, Amerika texnologiyalar universiteti va Kolorado konchilik maktabi layoqat markazi faoliyat yuritmoqda. Mamlakatimizga kelayotgan amerikalik sayyohlar soni yil sayin ko‘paymoqda.
Muloqotlar davomida tomonlar kelajak uchun ham reja tuzdi. Strategik ahamiyatga ega muhim minerallar, energetika, transport, sun’iy intellekt va raqamli texnologiya keyingi yillar uchun asosiy yo‘nalishlar sifatida belgilandi. Hududlar aro aloqa va ishbilarmon delegatsiyalar o‘zaro tashrifiga urg‘u berildi. Bu juda to‘g‘ri qaror. Zero, jarayonni faqat poytaxt emas, viloyatlar ham his qilishi zarur.
Yer osti boyligini xom holda sotish oson. Ashyoni qayta ishlab, tayyor mahsulotga aylantirish esa ish o‘rni, malaka, soliq tushumi, texnologiya va yuqori qo‘shilgan qiymat demakdir. O‘zbekiston ko‘p yil birinchi yo‘ldan yurdi. Hozir ikkinchisi tanlangani ayon.
Respublikamizning temir yo‘l infratuzilmasi va tranzit salohiyati o‘sib boryapti. Dengizga chiqish yo‘li bo‘lmagan mamlakat uchun temir yo‘l shunchaki transport turi emas, tashqi dunyoga ochilgan eshik. Shu bois lokomotiv zaxirasini yangilash va kengaytirish masalasi kun tartibidagi dolzarb band.
Shohruh Mardonovning so‘zlariga ko‘ra, muhokama etilgan mavzu e’tiborga loyiq. Lokomotiv Amerika moliya institutlari ko‘magida uzoq muddatli servis xizmati bilan birga yetkazib berilishi rejalashtirildi. Bundan tashqari yurtimizda texnik xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, butlovchi qism ishlab chiqarish va mutaxassis tayyorlash masalasi ham muhokama qilindi. Boshqacha aytganda, gap texnikani faqat sotib olish emas, balki o‘zimizda saqlash va ta’mirlash ko‘nikmasini shakllantirish haqida ketyapti.
Tog‘-kon korxonalari texnikasiga xizmat ko‘rsatish markazi tashkil etish va dizel-generator qurilmasi bo‘yicha hamkorlik mavzusi ham ko‘tarildi. Yana minerallar mavzusiga qaytamiz: kon bor joyda texnika bor, texnika bor joyda esa xizmat kerak.
Davlatimiz rahbari “Franklin Templeton” kompaniyasi prezidenti va bosh ijrochi direktori Jenni Jonsonni qabul qilganda mazkur kompaniya bilan hamkorlikning asosiy mavzusi sifatida yirik davlat korxonalarini transformatsiya qilish masalasi hamda shunday ishlarning dastlabki samarasi tahlil qilindi.
Milliy investitsiya jamg‘armasi aksiyasi London va Toshkent birjasiga joylashtirildi. Bu – mamlakatimiz tarixidagi ilk xalqaro IPO. Natijada qariyb 700 million dollar jalb etildi, talab taklifdan to‘rt barobar ko‘proq oshdi. Moliya tilida ayni holat xorijiy investorlar davlatimizga ishonayotgani, shu ishonch uchun pul to‘lashga tayyorligini anglatadi.
Jamg‘arma ko‘magida muayyan kompaniyalarni transformatsiya qilish orqali aholi farovonligini oshirish, xizmat sifati va ishonchliligini yaxshilash ko‘zda tutilgan. Endi aksiya joylashtirish jarayonida oddiy fuqarolar ishtirokini kengaytirish muhimligi ta’kidlandi. Agar reja amalga oshsa, yirik korxonalar egalari qatori oddiy o‘qituvchi, shifokor yoki dehqon ham hissadorga aylanadi. Demak, iqtisodiy islohot mevasini yanada ko‘proq oddiy odamlar his etadi.
Go‘zal Sattorova,
O‘zA