O‘zbekiston tarvuzi eksporti ortib bormoqda
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish salohiyatini yil sayin mustahkamlab bormoqda. Milliy statistika qo‘mitasining 2025 yil yanvar–iyun oylari bo‘yicha dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatimiz xorijga qiymati 29,9 million AQSH dollariga teng 130,6 ming tonna tarvuz eksport qilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 52,7 ming tonnaga ko‘p bo‘lib, 67,7 foizlik o‘sishni ifodalaydi.
Bilamizki, O‘zbekiston iqlimi va tabiiy sharoitlari tarvuz yetishtirish uchun juda qulay. Ayniqsa, Farg‘ona vodiysi, Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand va Sirdaryo viloyatlari bu borada yetakchi hisoblanadi. Mavsum davomida mazali va sifatli tarvuz yetishtirib, uni eksport qilish O‘zbekiston dehqonlari va tadbirkorlari uchun barqaror daromad manbaiga aylangan.
Tarvuz eksportining 67,7 foizga o‘sishiga bir necha omillar sabab bo‘lgan. Avvalo, eksport va logistika tizimining soddalashtirilishi. Qolaversa, dehqon, fermer va eksport qiluvchi sub’ektlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarning tuzilgani va mahsulotni saqlash, qadoqlash va yetkazib berishdagi zamonaviy texnologiyalarning joriy etilishi bunga sabab bo‘la oladi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston 2025 yilning dastlabki olti oyida quyidagi davlatlarga eng ko‘p tarvuz eksport qilgan:
Rossiya – 66 ming tonna
Qozog‘iston – 44 ming tonna
Qirg‘iziston – 19 ming tonna
Shuningdek, Belarus (968 tonna), Mo‘g‘uliston (618 tonna), Latviya (76 tonna), Gruziya (66 tonna), Polsha (61 tonna) va boshqa davlatlar ham O‘zbekiston tarvuzining xaridorlari qatoridan joy oldi.
Bu ko‘rsatkichlar O‘zbekiston tarvuzining nafaqat MDH, balki Sharqiy Yevropa va Osiyo bozorlarida ham o‘z iste’molchilariga ega bo‘layotganini anglatadi.
Eksport hajmining oshishida transport-logistika infratuzilmasining yaxshilanishi muhim rol o‘ynadi. Tarvuz – tez buziladigan mahsulot bo‘lgani uchun ularni o‘z vaqtida va sifatini saqlagan holda yetkazish zarur. Shu bois, so‘nggi yillarda sovutgichli konteynerlar, yangi eksport markazlari, muzlatkich omborlari faoliyati kengaytirilmoqda.
O‘zbekiston tarvuzining eksportdagi hissasi tobora oshib borayotgani nafaqat agrar soha, balki mamlakat iqtisodiyotining eksport salohiyati kuchayib borayotganini ko‘rsatadi. Yaqin yillarda mahsulotni organik sertifikatlash, yangi bozorlarga kirish orqali bu raqamlarni ikki-uch baravarga oshirish imkoniyati mavjud. Shubhasiz, O‘zbekiston tarvuzining dunyo bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lishi – dehqon mehnati, davlat qo‘llovi va eksport siyosatining uyg‘unligini ko‘rsatadigan namuna bo‘la oladi.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA