O‘zbekiston sportchilarining ilk tarkibi Qozonga yo‘l olmoqda
Bugun MDH o‘yinlarida Vatanimiz sharafini himoya qiladigan O‘zbekiston sport delegatsiyasining mutaxassislar, shuningdek, boks, erkin va yunon-rum kurashi vakillaridan iborat 70 nafarga yaqin ilk tarkibi joriy yilning 4-11 sentyabr kunlari Rossiyaning Qozon shahrida sportning 17 ta turi bo‘yicha o‘tkaziladigan 1-MDH o‘yinlarida ishtirok etish uchun jo‘nab ketadi.
2018 yili MDH davlat rahbarlari yig‘ilishida tasdiqlangan Nizomga asosan Armaniston, Belarus, Moldova, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Ozarbayjon, O‘zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston davlatlarining1500 nafarga yaqin 14-23 yoshli sportchilari “kichik olimpada” bahslarida 182 ta medallar jamlanmasi uchun bahslashadi. O‘yinlarni muvaffaqiyatli o‘tkazishda, shuningdek, 400 nafar atrofida hakam, 1000 nafardan ziyod volontyor va 100 nafarga yaqin boshqa sport sohasi mutaxassislari qatnashadi.
O‘zbekiston sport delegatsiyasining 65 nafarga yaqin sportchi, murabbiy va boshqa mutaxassislardan iborat 2-tarkibi 3 sentyabr kuni Tataristonga jo‘nab ketsa, 100 nafardan ziyod 3-tarkib 6-7 sentyabr kunlari Qozon shahriga yo‘l oladi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA