O‘zbekiston sport delegatsiyasining ishchi guruhi Parijda
«Parij-2024» yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etadigan O‘zbekiston sport delegatsiyasining ishchi guruhi Fransiya poytaxtiga yetib bordi.
O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, Milliy olimpiya mutaxassislaridan iborat ishchi guruh a’zolari rasmiy delegatsiya yetib borgunga qadar barcha tashkiliy ishlarni amalga oshirishga kirishdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi ishchi guruh vakillari «Parij-2024» tashkiliy qo‘mita mas’ullari bilan uchrashib, mamlakatimiz sportchilarini kutib olish, joylashtirish, mashg‘ulot jarayonlarini tashkil etish kabi ko‘plab masalalar xususida fikrlashib oldi.

– O‘zbekiston delegatsiyasi uchun ajratilgan bino atletlarimizni kutib olish uchun tayyor holga keltirilgan. Aytish lozimki, Parij bo‘lajak Olimpiya o‘yinlariga professional tarzda tayyorlangani har qadamda sezilib turibdi, – deydi O‘zA muxbiri bilan telefon orqali muloqotda Ishchi guruh a’zosi, Sport vazirligi bo‘lim boshlig‘i Hikmat Toshmatov.

Bugungacha yozgi Olimpiya o‘yinlarida Vatanimiz sharafini himoya qiladigan futbol, akademik eshkak eshish va kamondan otish bo‘yicha terma jamoalarimiz Parijdagi «Olimpiya shaharchasi»da o‘zlari uchun belgilangan maskanlarga joylashgan holda reja asosida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Fransiyaning Parij shahrida o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarining rasmiy ochilish marosimi 26 iyul kuni tashkil etilsada, bir qancha sport turlaridagi jumladan, futbol bo‘yicha «S» guruhidagi O‘zbekiston – Ispaniya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yin 24 iyul kuni bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA