O‘zbekiston – Serbiya: Siyosiy muloqotdan ko‘p qirrali amaliy sheriklik sari
Xalqaro munosabatlarda shunday tashriflar bo‘ladiki, ular diplomatik taqvimdagi navbatdagi uchrashuv sifatidagina emas, balki ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarning kelgusi istiqbolini belgilab beradigan siyosiy voqea sifatida ham ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchichning taklifiga binoan joriy yil 7-8-sentyabr kunlari ushbu mamlakatga rasmiy tashrifi ham ana shunday mazmun kasb etadi.
Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda Toshkent va Belgrad o‘rtasidagi munosabatlarda sezilarli jonlanish kuzatilmoqda. Siyosiy muloqot faollashib, hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asosi kengaydi, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalar esa muntazam tus ola boshladi. Endilikda kun tartibidagi asosiy vazifa mavjud siyosiy ishonchni aniq iqtisodiy natijalarga — savdo, investitsiya, sanoat kooperatsiyasi, transport-logistika va xalqlar o‘rtasidagi barqaror aloqalarga aylantirishdan iborat.
Shu ma’noda, Belgradda bo‘lib o‘tadigan muzokaralar O‘zbekiston-Serbiya munosabatlarida siyosiy yaqinlashuvdan amaliy sheriklikka o‘tishning muhim bosqichi bo‘lishi kutilmoqda.
- O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1995-yil 18-yanvarda o‘rnatilgan. O‘tgan davrda aloqalar izchil davom etgan bo‘lsa-da, ayniqsa so‘nggi yillarda ularning sur’ati va mazmunida sifat jihatidan yangi o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmoqda, - deydi Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti o‘qituvchisi Mashhura Normayeva. – Siyosiy muloqotlarga e’tibor qaratsak, 2023-yilda Serbiya tashqi ishlar vazirining yurtimizga ilk rasmiy tashrifi bo‘lib o‘tdi. 2025-yil oktyabr oyida esa Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan keldi.
Diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligiga to‘g‘ri kelgan ushbu tashrif ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik tarixida ilk oliy darajadagi sammit sifatida alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Toshkentdagi muzokaralar yakunida davlat rahbarlari Qo‘shma deklaratsiyani imzoladi. Shu bilan birga, investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish, iqtisodiy hamkorlik, tibbiyot, turizm, ta’lim, fan va madaniyat, muhandislik, ilg‘or texnologiyalar va sun’iy intellekt, diplomatik kadrlar tayyorlash, mehnat migratsiyasi hamda sport sohalarini qamrab olgan qator hujjatlar imzolandi.
Toshkent va Belgrad o‘rtasida sheriklik aloqalari o‘rnatilgani esa ikki tomonlama munosabatlarni markaziy hukumatlar darajasidan hududlararo hamkorlik bosqichiga olib chiqish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratdi.

Aslida, 2025-yilda imzolangan ana shu hujjatlar bugungi hamkorlikning zarur huquqiy poydevorini yaratdi. 2026-yilda esa asosiy e’tibor mazkur kelishuvlarni amaliy loyihalar bilan to‘ldirishga qaratildi. Fevral oyida poytaxtimizda ikki mamlakatning 80 dan ortiq tadbirkorini birlashtirgan biznes-forum o‘tkazilgani, may oyida Serbiya tashqi ishlar vaziri Marko Jurichning diyorimizga tashrifi, o‘sha oyning o‘zida Boku shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Aleksandr Vuchichning uchrashuvi O‘zbekiston-Serbiya munosabatlari endi alohida diplomatik aloqalar emas, balki muntazam siyosiy muloqot shakliga o‘tayotganidan darak beradi. Shu bois bo‘lajak tashrif so‘nggi ikki yilda shakllangan siyosiy yaqinlashuvning tabiiy va mantiqiy davomidir.
Iqtisodiy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar
M.Normayevaning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi siyosiy muloqot faollashuvi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitish uchun mustahkam zamin yaratdi. Endilikda ikki tomonlama aloqalarning muhim vazifalaridan biri ana shu siyosiy ishonch va yaratilgan huquqiy imkoniyatlarni aniq iqtisodiy loyihalar, yangi savdo yo‘nalishlari va sanoat kooperatsiyasi bilan uyg‘unlashtirishdan iborat.
Serbiya Statistika boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 37,7 million yevroni tashkil etgan. Shundan Serbiyaning O‘zbekistonga eksporti 23,6 million, O‘zbekistondan importi esa 14,1 million yevroga teng bo‘lgan. Mazkur ko‘rsatkichlar ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar allaqachon shakllanganini ko‘rsatish bilan birga, ularni yanada kengaytirish uchun katta salohiyat mavjudligidan dalolat beradi. Zero, O‘zbekiston ham, Serbiya ham tashqi savdo aloqalarini faol diversifikatsiya qilayotgan, yangi bozorlar va yangi hamkorlik yo‘nalishlarini izlayotgan mamlakatlardir.
2025-yilda O‘zbekistonning umumiy tashqi savdo aylanmasi 81 milliard dollardan oshgani, Serbiyaning tashqi savdosi esa 84 milliard dollardan yuqori bo‘lgani ikki iqtisodiyotning xalqaro savdo tizimidagi salohiyatini yaqqol ko‘rsatadi. Ana shu salohiyat O‘zbekiston–Serbiya savdo-iqtisodiy hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi. Bu yerda masala faqat o‘zaro savdo hajmini oshirish bilan cheklanmaydi. Hamkorlik istiqboli savdo tarkibini boyitish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushini ko‘paytirish, korxonalar o‘rtasida ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va ikki mamlakat kompaniyalarining uchinchi bozorlar bilan ishlash imkoniyatlarini kengaytirishda namoyon bo‘ladi.
Buning uchun zarur dastlabki zamin shakllangan: 2025-yil kuzida O‘zbekistonda Serbiya kapitali ishtirokidagi 9 ta korxona faoliyat yuritayotgani qayd etilgan. O‘sha yil oktyabrda Toshkentda o‘tkazilgan biznes-forumda ikki respublikaning 100 dan ortiq tadbirkori qatnashgan. Yurtimizning 50 dan ziyod kompaniyasi farmatsevtika, kimyo, konchilik, qurilish, qishloq xo‘jaligi, avtomobilsozlik, to‘qimachilik va charm sanoatidagi imkoniyatlarini namoyish etgan.
Endi hamkorlik faqat tayyor mahsulotlar savdosi bilangina emas, balki qo‘shma ishlab chiqarish, texnologik almashinuv, investitsiyalar va uchinchi mamlakatlar bozorlariga birgalikda chiqish kabi yo‘nalishlar bilan ham boyishi mumkin.
Shu ma’noda, bugungi kunning asosiy vazifasi mavjud iqtisodiy salohiyatdan yanada samarali foydalanish, biznes doiralari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va siyosiy muloqotda erishilgan yuqori darajani uzoq muddatli amaliy sheriklik bilan to‘ldirishdan iborat.
Ikki mintaqani yaqinlashtirayotgan yangi imkoniyatlar
O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollariga nazar tashlar ekanmiz, ularni faqat ikki tomonlama savdo yoki alohida iqtisodiy loyihalar doirasida baholash yetarli emas. Bir qarashda bir-biridan olisdek ko‘ringan Markaziy Osiyo va Bolqon hududida joylashgan bu ikki davlatni bugun tobora yaqinlashtirayotgan muhim omil bor: ularning geografik o‘rni, iqtisodiy taraqqiyot yo‘nalishlari va tashqi aloqalarni kengaytirishga qaratilgan intilishlari bir-birini ko‘p jihatdan to‘ldiradi.
Serbiya Bolqon yarimorolining markaziy qismida, Yevropaning turli hududlarini bog‘lovchi muhim yo‘nalishlar tutashgan makonda joylashgan. Mamlakat Yevropa Ittifoqiga a’zolikka nomzod sifatida a’zolik muzokaralarini olib bormoqda. Ayni paytda Serbiyaning Yevropa iqtisodiy makoni bilan aloqalari ancha chuqur shakllangan: 2024-yilda YEI davlatlari mamlakat umumiy tashqi savdosining 58,3 foizini tashkil etgan.
Yurtimizning Yevropa mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarini izchil kengaytirib borayotgani nuqtayi nazaridan qaraganda, Serbiya bilan sheriklik ushbu jarayonni yangi yo‘nalishlar bilan boyitishi mumkin. Shu nuqtayi nazardan, Serbiya bilan yaqin aloqalar O‘zbekiston korxonalari uchun Yevropa ishlab chiqarish madaniyati va texnologik tajribasi bilan yaqindan tanishish, yangi biznes aloqalarini yo‘lga qo‘yish, distribyutorlik tarmoqlari bilan ishlash hamda Bolqon yo‘nalishida o‘z iqtisodiy ishtirokini kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ochadi.
Respublikamizning geografik joylashuvi ham alohida e’tiborga molik. Markaziy Osiyoning barcha davlatlari hamda Afg‘oniston bilan chegaradosh yagona mamlakat sifatida O‘zbekiston mintaqa ichidagi savdo, ishlab chiqarish va transport aloqalarining tabiiy chorrahasida joylashgan. So‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik muhitining mustahkamlanishi, o‘zaro savdo va transport aloqalarining faollashuvi esa bu geografik ustunlikka yangi iqtisodiy mazmun bag‘ishlamoqda. Aynan shu jihatlar O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi hamkorlikka kengroq geografik nigoh bilan qarash imkonini beradi. Serbiyaning Bolqon va Yevropa iqtisodiy makoni bilan tutashuvi O‘zbekistonning g‘arbiy yo‘nalishdagi aloqalarini boyitsa, O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi o‘rni Serbiya ishbilarmon doiralari uchun jadal rivojlanayotgan mintaqamiz bilan yangi aloqalar o‘rnatishga xizmat qiladi.
Shu bois, Toshkent–Belgrad o‘rtasidagi sheriklik ikki alohida bozorning oddiy tutashuvi sifatida emas, balki imkoniyatlari va tajribasi bir-birini to‘ldiradigan ikki iqtisodiy makonning yaqinlashuvi sifatida namoyon bo‘ladi.
Shu nuqtada mamlakatlarimizni yaqinlashtiradigan yana bir jihat alohida ahamiyatga ega. O‘zbekiston ham, Serbiya ham dengizga bevosita chiqish imkoniyatiga ega emas. Bir qarashda geografik cheklovdek tuyulgan bu holat aslida transport yo‘llarini diversifikatsiya qilish, yangi logistika zanjirlarini yaratish va Sharq bilan G‘arb o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarning yangi yo‘nalishlarini izlash borasida mushtarak ehtiyojni yuzaga keltiradi.
Belgradga tashrif qanday bosqichni ochib berishi mumkin?
- Ta’kidlash kerakki, 7-8-sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan mazkur tashrif dasturidan oliy darajadagi muzokaralar hamda ikki mamlakat rasmiy va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokidagi biznes-forum o‘rin olgan, - deydi M.Normayeva. - Rasmiy kun tartibidan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, transport, mashinasozlik, yengil va oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika hamda axborot texnologiyalari sohalaridagi qo‘shma loyihalar, tartibli mehnat migratsiyasi, hududlararo va madaniy-gumanitar aloqalar masalalari ko‘zda tutilgan. Sammit yakunida hukumatlararo va idoralararo kelishuvlarning salmoqli to‘plami qabul qilinishi kutilmoqda. Kun tartibining o‘ziyoq tashrifning asosiy mazmun-mohiyatini ko‘rsatib turibdi.
Zamonaviy xalqaro munosabatlarda davlatlarni yaqinlashtiradigan asosiy mezon kilometrlar emas. Manfaatlarning tutashishi, yo‘llarning bog‘lanishi, biznesning bir-biriga ishonchi va siyosiy kelishuvlarning kundalik iqtisodiy foydaga aylanishi geografik masofadan ko‘ra muhimroq ahamiyat kasb etadi.
Shu ma’noda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Serbiyaga tashrifi ikki tomonlama munosabatlarning yangi sahifasini ochish bilan cheklanib qolmay, so‘nggi yillarda shakllangan siyosiy yaqinlikni uzoq muddatli, amaliy va o‘zaro manfaatli sheriklikka aylantirish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Ushbu imkoniyat esa kelgusida aniq loyihalar asosida O‘zbekiston-Serbiya hamkorligi nafaqat Toshkent va Belgradni, balki Markaziy Osiyo bilan Bolqon iqtisodiy makonlarini bog‘laydigan yangi hamkorlik ko‘priklaridan biriga aylanishi shubhasiz.
Go‘zal Sattorova,
O‘zA