O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirmanchi yalpi majlisi to‘g‘risida AXBOROT
2-oktabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirmanchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.
Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, mahalliy Kengashlarning deputatlari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.
Yigirmanchi yalpi majlisning birinchi ish kunini senatorlar “Oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonunni muhokama qilishdan boshladi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda aholini sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining sifati va raqobatbardoshligini oshirish, eksport salohiyatini yuksaltirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, amaldagi qonunchilikda tadbirkorlik sub’ektlarining oziq-ovqat mahsulotlarini doimiy ravishda xavfsiz holda ishlab chiqarish, saqlash va muomalaga kiritish borasidagi majburiyatlari hamda mas’uliyatini aniq belgilovchi normalarni yanada takomillashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Qonun bilan aholini xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, sohada davlat nazorati samaradorligini oshirish va mahsulot xavfsizligining yagona tamoyillari xalqaro talablar asosida belgilanmoqda.
Shuningdek, sohada vakolatli davlat organining vakolatlari, vazifa va majburiyatlari aniqlashtirilib, zarur gigiyena, ishlab chiqarish, chorvachilik va qishloq xo‘jaligi amaliyoti kabi huquqiy tushunchalar qo‘shimcha qilinmoqda.
Shu bilan birga, oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi sohasida davlat nazoratini amalga oshirishning asoslari, tartibi va shakllari xalqaro bitim talablari bilan uyg‘unlashtirilmoqda.
Qonunda O‘zbekiston Respublikasining kelib chiqishi hayvonotga mansub bo‘lgan va xavf darajasi yuqori mahsulotlarga nisbatan qo‘yiladigan talablari vakolatli organning rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi nazarda tutilmoqda.
Senatorlarning ta’kidlashicha, qonunning qabul qilinishi aholining xavfsiz va sifatli oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan huquqini ishonchli ta’minlashga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini kuchaytirish, oziq-ovqat sanoatining investitsiyaviy jozibadorligini yuksaltirish hamda mamlakatning eksport salohiyatini yanada oshirish uchun mustahkam huquqiy zamin yaratiladi.
Senatorlar qonunni ma’qulladi.
Senatning 20-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, yangilangan Konstitutsiya normalarini amaliyotga tatbiq etish va fuqarolarning konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish zaruriyati ushbu qonunni qabul qilishni taqozo etmoqda.
Amaldagi qonunchilikda raqamli texnologiyalardan foydalanish va murojaatlarni dastlabki ko‘rib chiqish borasida muayyan huquqiy bo‘shliqlar mavjud edi.
Konstitutsiyaviy qonun bilan quyidagi eng muhim yangiliklar kiritilmoqda.
Sud faoliyatiga axborot tizimi joriy etilib, murojaatlarni elektron shaklda yuborish, jarayonni onlayn kuzatish, videokonferensaloqa va mobil ilova orqali sudda ishtirok etish hamda ochiq sud majlislarini internet orqali jonli efirga uzatish imkoniyati yaratilmoqda.
Fuqarolar va yuridik shaxslarning ovoragarchiligiga chek qo‘yish va muddatlarni aniq belgilash maqsadida kelib tushgan murojaatlarni 15 kunlik muddatda dastlabki tarzda o‘rganish, taalluqli bo‘lmagan murojaatlarni vakolatli organlarga yuborish yoki qabul qilishni rad etish haqida ajrim chiqarish tartibi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Konstitutsiyaviy sud qarorlarining ijro mexanizmi kuchaytirilmoqda. Konstitutsiyaga zid deb topilgan normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan organ ushbu hujjatni 3 oy muddatda Konstitutsiyaga muvofiqlashtirishi shartligi hamda bunday hujjatlar asosida chiqarilgan sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqish tartibi aniq belgilanmoqda.
Sud kadrlari tarkibini mustahkamlash va xolislikni ta’minlash uchun Sudyalar oliy kengashi bilan birgalikda Konstitutsiyaviy sud sudyaligiga nomzodlar zaxirasini shakllantirish mexanizmi mustahkamlanmoqda.
Senatorlar fikricha, qonun fuqarolar va tadbirkorlarning konstitutsiyaviy huquqlarini ishonchli himoya qilish, sud shaffofligini oshirish va fuqarolarning odil sudlovga erishish imkoniyatini tubdan yaxshilashga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida Senat a’zolari qonunni ma’qulladi.
Yalpi majlisda “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Mamlakatimizda bolalarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, ularni tazyiq va zo‘ravonlikdan muhofaza qilish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ammo amaliyot tahlili voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilayotgan jinsiy va jismoniy zo‘ravonlik holatlariga qarshi jazo muqarrarligini ta’minlash hamda protsessual himoya mexanizmlarini yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda.
Qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Jinoyat-ijroiya va Mehnat kodeksiga hamda bir qator qonunlarga prinsipial va qat’iy o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Xususan, 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar uchun uzoq muddatga – 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi joriy etilmoqda.
Ushbu toifadagi jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortish va hukmni ijro etish muddati o‘tib ketganligi qo‘llanilmaydi, shuningdek, bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan shartli hukm qilish va muddatidan ilgari shartli ozod qilish taqiqlanadi.
Sud va tergov jarayonlarida bolalarni qayta ruhiy jarohatlanishdan himoya qilish maqsadida zo‘ravonlikdan jabrlangan voyaga yetmaganlarni so‘roq qilish jarayonini videoyozuv orqali qayd etish, jabrlanuvchi bola va ayblanuvchi o‘rtasidagi yuzlashtirishni faqat surishtiruvchi, tergovchi yoki prokurorning qarori yoxud sudning ajrimi bilan o‘tkazish hamda bolaga protsessual jarayon boshidanoq davlat hisobidan bepul advokat ajratish tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Shuningdek, ta’lim va tarbiya muassasalari xodimlari tomonidan bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilganda, ular bilan mehnat shartnomasini bekor qilish asosi kiritilmoqda.
Ota-onalarning bolalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatmasligi, shahvoniy shilqimlik, nikoh yoshini buzish hamda bolalarni sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilmaganlik uchun ma’muriy jazolar keskin kuchaytirilmoqda.
Senatorlar ushbu qonun jamiyatda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga chek qo‘yishga, sodir etilgan qilmish uchun jazoning muqarrarligini ta’minlashga hamda har bir bolaning xavfsiz va adolatli muhitda kamol topishiga xizmat qilishini alohida qayd etdi.
Senat a’zolari qonunni ma’qulladi.
Bundan tashqari, Senatning yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki faoliyati yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga, bozor mexanizmlarini rivojlantirishga, banklar va to‘lov tizimlarining barqarorligini kuchaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga Markaziy bank tomonidan pul-kredit siyosatini amalga oshirish, kredit tashkilotlari uchun prudensial normativlarni belgilash va to‘lov tizimlarini tartibga solish sohasidagi vakolatlarni xalqaro tamoyillardan kelib chiqqan holda samarali tarzda amalga oshirish, moliya bozorida yuzaga keladigan favqulodda vaziyatlar sharoitida tezkor huquqiy choralar ko‘rish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga Markaziy bankning institutsional mustaqilligini yanada mustahkamlashga, uning normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish hamda qabul qilish bilan bog‘liq faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan tuzatishlar kiritilmoqda.
Jumladan, Markaziy bank, uning hududiy bosh boshqarmalari va tasarrufidagi tashkilotlar faoliyatini tekshirish Oliy Majlis Senatining qarori asosida yoki qonunda nazarda tutilgan hollarda amalga oshirilishi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, banklarda korporativ boshqaruvni va ichki auditni tashkil etish, aholining qarz yukini tartibga solish, pul-kredit siyosatini amalga oshirish, tizimli moliyaviy inqiroz yuzaga kelishining oldini olish hamda to‘lovlarni va to‘lov tizimlarini tartibga solish yuzasidan Markaziy bankning yuridik xizmatining ijobiy xulosasi berilgan normativ-huquqiy hujjatlar soddalashtirilgan tartibda o‘n kun ichida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi belgilanmoqda.
Senatorlarning fikricha, mazkur qonun banklar va to‘lov tizimlarining barqarorligini mustahkamlashga, banklar va to‘lov tizimlarini rivojlantirish borasida ilg‘or xalqaro amaliyotni yanada keng joriy etishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qulladi.
Senatning yigirmanchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda aholini xavfsiz va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligiga oid talablarni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikni qayta ko‘rib chiqish, huquqbuzarliklarni aniq tasniflash, mahsulotni realizatsiya qilganlik bilan bir qatorda uni sotish uchun qabul qilganligi sababli ham javobgarlik belgilash, takroriy huquqbuzarliklarga nisbatan kuchaytirilgan choralarni joriy etish zarurati yuzaga kelmoqda.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga iste’mol muddati o‘tgan oziq-ovqat mahsulotlarini, shuningdek, ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilishi shartligi belgilangan oziq-ovqat mahsulotlarini ularni ko‘rsatmagan holda realizatsiya qilish hamda sotish uchun qabul qilganligi sababli javobgarlik kuchaytirilishini nazarda tutuvchi tuzatishlar kiritilmoqda.
Qayd etilganidek, javobgarlikni kuchaytirishdan asosiy maqsad aholi salomatligiga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan mahsulotlarni savdo aylanmasidan barvaqt chiqarish va bunday holatlarning oldini olishdan iborat.
Senatorlarning fikricha, ushbu qonunning qabul qilinishi fuqarolarning hayotiga va sog‘lig‘iga zarar yetkazilishi bilan bog‘liq holatlarning oldini olishga, iste’molchilarning huquqlarini yanada samarali himoya qilishga xizmat qiladi.
Senatorlar qonunni ma’qulladi.
Senatning yalpi majlisida “Xalqaro mehnat standartlari milliy qonunchilikka implementatsiya qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda kamsitishning oldini olish, mehnat munosabatlarida tenglik va adolat tamoyillarini ta’minlash hamda xalqaro mehnat standartlarini milliy amaliyotga izchil joriy etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Xalqaro mehnat tashkiloti konvensiyalari qoidalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish orqali mehnat sohasidagi huquqiy baza bosqichma-bosqich takomillashtirilmoqda.
Qonun bilan Mehnat kodeksiga “terisining rangi” hamda “siyosiy qarashlari” kabi belgilar mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitish sifatida baholanadigan holatlar hisoblanishini, shuningdek, mehnat va mashg‘ulotlar sohasida shahvoniy shilqimlikka yo‘l qo‘yilmasligini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritilmoqda.
Senatorlarning fikricha, qonun mehnat sohasida barcha fuqarolar uchun teng imkoniyatlar yaratish, har qanday ko‘rinishdagi kamsitishlarning oldini olish hamda fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qulladi.
Shu bilan birga, Senatning 20-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga uyushgan jinoyatchilik va jamoat tartibiga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Mamlakatimizda keyingi yillarda huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash va oldini olish, jamoat tartibini ta’minlash hamda fuqarolarning tinch va osoyishta hayotini muhofaza qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, jinoyat sodir etish usullarining o‘zgarib borishi, uyushgan jinoyatchilikning yangi shakllari paydo bo‘lishi javobgarlik choralarini zamonaviy tahdidlarga mos ravishda takomillashtirishni taqozo etmoqda.
Qonun bilan uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashishning huquqiy mexanizmlarini kuchaytirishga qaratilgan qator muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Jumladan, Jinoyat kodeksi jinoiy uyushma faoliyatini moliyalashtirganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi yangi norma bilan to‘ldirilmoqda. Shuningdek, jinoiy uyushma tashkil etilishi yoki uning tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni yashirishga hokimiyat yoki mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish orqali homiylik qilganlik uchun ham alohida javobgarlik belgilanmoqda.
Bundan tashqari, uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan bezorilik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda. Jinoyat sodir etgunga qadar 14 yoshga to‘lgan shaxslarning uyushgan guruh tarkibida bezorilik sodir etganligi uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.
Qonun bilan bezorilik oqibatida qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, shuningdek, jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan og‘ir shikast yetkazish uchun javobgarlikni kuchaytirish ham nazarda tutilmoqda.
Yana bir muhim yangilik. Jangovar sport turlari bo‘yicha sport musobaqalarini qonunga xilof ravishda tashkil etish yoki o‘tkazish uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda. Bunday musobaqalarda ishtirok etganlik uchun esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda alohida javobgarlik chorasi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, mazkur jinoyatlar bo‘yicha dastlabki tergovni qaysi organlar amalga oshirishiga oid protsessual normalar ham aniqlashtirilmoqda.
Senatorlar o‘z chiqishlarida qonunning jinoiy uyushmalarning moliyaviy manbalarini cheklash, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, yoshlarni jinoiy muhit ta’siridan himoya qilish va og‘ir oqibatlarga olib keluvchi zo‘ravonlik jinoyatlarining oldini olishdagi ahamiyatini ta’kidladi.
Senatorlar qonunni ma’qulladi.
Senatning yalpi majlisida “Davlat veterinariya nazorati takomillashtirilishi munosabati bilan “Veterinariya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Mazkur qonun veterinariya-sanitariya xavfsizligini ta’minlashning kafolatli tizimini joriy etish, davlat veterinariya nazoratini yanada takomillashtirish hamda veterinariya to‘g‘risidagi qonunchilikni Jahon savdo tashkilotining qoidalariga muvofiqlashtirishga qaratilgan.
Shu bilan birga, hayvonlar kasalliklarining oldini olish, profilaktika tadbirlarining davolash ishlariga nisbatan ustuvorligi hamda hayvonotga mansub mahsulot va xomashyo xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq normalar mustahkamlanmoqda.
Qonun bilan “Veterinariya to‘g‘risida”gi qonunga veterinariya sohasidagi asosiy prinsiplarni belgilash, davlat, idoraviy va ishlab chiqarishdagi veterinariya xizmatlari hamda xususiy veterinariya faoliyatini muvofiqlashtirish, davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovarlarni ishlab chiqarish, tayyorlash, qayta ishlash, saqlash, tashish va realizatsiya qilish bilan bog‘liq xavfni tahlil qilish va boshqarishga qaratilgan tuzatishlar kiritilmoqda.
Shuningdek, sohaga oid milliy qonunchilikni xalqaro normalarga, shu jumladan, Jahon savdo tashkilotining qoidalari va normalariga uyg‘unlashtirish ham nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, hayvonlarning yuqumli kasalliklari bo‘yicha hududlar va kichik hududlarni (kompartmentlarni) ajratish, ularning xavfsizlik toifalarini belgilash, veterinariya-sanitariya choralarini xavf tahlili asosida qo‘llash hamda davlat veterinariya xizmati nazoratidagi tovarlarni zarur hollarda laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazishga oid tartib ham mustahkamlab qo‘yilmoqda.
Senatorlar fikricha, qonun milliy qonunchilikni xalqaro normalarga uyg‘unlashtirish, mamlakatimizda veterinariya osoyishtaligi va veterinariya nazoratidagi tovarlarning xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qulladi.
Senatning yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda suv resurslarini samarali boshqarish, suv monitoringi, hisobi va hisobotini yuritish, shuningdek, suv xo‘jaligi ob’ektlari xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga, suvning davlat hisobini yuritish, suv xo‘jaligi ob’ektlaridan va qurilmalaridan foydalanishda bevosita mas’ul bo‘lgan shaxslarning javobgarligini belgilash, oqova suvlarni chiqarib yuborish tartibiga rioya etilishini ta’minlash, shuningdek, suv iste’molchilariga qulayliklar yaratish zarurati yuzaga kelmoqda.
Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Suv kodekslariga suvlarning davlat hisobini yuritish hamda suv xo‘jaligi ob’ektlaridan va qurilmalaridan hamda oqova suvlarni chiqarish tarmoqlaridan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishini, shuningdek, suvdan foydalanish to‘g‘risidagi shartnomalar maxsus axborot tizimida avtomatlashtirilgan holda elektron shaklda ro‘yxatdan o‘tkazilishini nazarda tutuvchi tuzatishlar kiritilmoqda.
Senatorlarning fikricha, qonunning qabul qilinishi suv resurslaridan samarali foydalanishga, sohada huquqbuzarliklarning oldini olishga va suv resurslarining muhofaza qilinishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Senatorlar qonunni ma’qulladi.
Shuningdek, Senatning yigirmanchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, amaldagi qonunchilikda tegishli maqomga ega bo‘lgan shaxslarning daxlsizligiga oid normalar turli sohaviy qonunlarda tarqoq holda mavjud bo‘lib, ularni qo‘llashda yagona protsessual tartibning yo‘qligi amaliyotda muammolarni keltirib chiqarayotgan edi.
Qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslar hamda “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi va boshqa qonunlarga muhim tuzatishlar kiritilmoqda.
Jumladan, Jinoyat-protsessual va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslar yangi boblar bilan to‘ldirilib, daxlsizlikka ega shaxslar doirasi (deputatlar, sudyalar, Ombudsman, prokurorlar, komplayens xizmati xodimlari, advokatlar va boshqalar) aniq tizimlashtirildi.
Ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish, rozilik olish, ushlab turish, qamoqqa olish, tintuv va tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazishning vakolatli sub’ektlari va qat’iy tartibi belgilanmoqda.
Senatorlarning ta’kidlashicha, ushbu qonun mansabdor va tegishli maqomga ega shaxslarni asossiz ta’qib va bosimlardan himoya qilish, ularning o‘z xizmat vazifalarini mustaqil bajarishini ta’minlash hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida suiiste’mollikning oldini olishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida Senat a’zolari qonunni ma’qulladi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirmanchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati