O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n sakkizinchi yalpi majlisi to‘g‘risida AXBOROT
2026-yilning 7-avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n sakkizinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.
Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, mahalliy Kengashlarning deputatlari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.
O‘n sakkizinchi yalpi majlisning birinchi ish kunini senatorlar “Bozor nazorati to‘g‘risida”gi qonunni muhokama qilishdan boshladi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, ichki bozorda muomalaga chiqarilayotgan mahsulotlar xavfsizligini ta’minlash hamda tadbirkorlik sub’ektlari uchun adolatli va shaffof raqobat muhitini shakllantirishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, amalda bozorda inson hayoti, sog‘lig‘i, mol-mulki hamda atrof-muhit uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan nooziq-ovqat mahsulotlarini aniqlash, ularni muomaladan chiqarish va vakolatli davlat organlarining o‘zaro hamkorligini ta’minlash bilan bog‘liq munosabatlarni yagona huquqiy asosda tartibga soluvchi alohida qonun mavjud emasligi qayd etildi.
Qonun bilan bozor nazorati sohasida yagona huquqiy mexanizm joriy etilmoqda. Jumladan, bozor nazoratini amalga oshirishning asosiy prinsiplari, vakolatli davlat organlari hamda iqtisodiy operatorlarning huquq va majburiyatlari, bozor nazorati tadbirlarini o‘tkazish tartibi hamda ta’sir choralarini qo‘llashning aniq huquqiy asoslari belgilanmoqda.
Shuningdek, qonun bilan bozor nazoratini xavf-xatarlarni baholash asosida tashkil etish, nazorat xaridlarini amalga oshirish, mahsulotlarni laboratoriya sinovlaridan o‘tkazish, xavfli mahsulotlarni muomaladan chiqarish va chaqirib olish hamda iste’molchilarni tezkor xabardor qilish mexanizmlari joriy etilmoqda.
Ayniqsa, iqtisodiy operatorlarning huquqlari kafolatlanib, ularga bozor nazorati tadbirlarida ishtirok etish, nazorat materiallari bilan tanishish, audio va videoyozuvlarni amalga oshirish, shuningdek, vakolatli organlar qarorlari ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqi berilayotgani tadbirkorlik sub’ektlarining qonuniy manfaatlarini yanada ishonchli himoya qilishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Senatorlarning fikricha, qonunning qabul qilinishi ichki bozorda faqat xavfsiz va belgilangan talablarga javob beradigan mahsulotlar muomalada bo‘lishini ta’minlash, iste’molchilarning huquqlarini yanada samarali himoya qilish, davlat nazoratining ochiqligi va shaffofligini oshirish, halol tadbirkorlik muhitini mustahkamlash hamda mamlakatimizda bozor nazoratining zamonaviy va samarali tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.
Senatorlar qonunni ma’qulladi.
Shuningdek, yalpi majlisda “Mahsulotlarning umumiy xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
[gallery-30781]
Bugungi kunda jahon iqtisodiyotida globallashuv jarayonlari, elektron tijoratning jadal rivojlanishi, transchegaraviy savdoning kengayishi hamda mahsulotlar turlarining ortishi mahsulotlar xavfsizligi sohasida mutlaqo yangi yondashuvlarni talab qilmoqda.
Ushbu qonun mamlakatimizda texnik jihatdan tartibga solish tizimini tubdan isloh qilish, mahsulotlar xavfsizligini ta’minlash hamda iste’molchilar huquqlarini samarali himoya qilishga qaratilgan.
Qonun Jahon savdo tashkilotining Savdodagi texnik to‘siqlar to‘g‘risidagi bitimi hamda xalqaro ilg‘or amaliyot talablariga muvofiq ishlab chiqilgan.
Bozorga chiqariladigan barcha mahsulotlar xavfsiz bo‘lishi shart. Ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va iqtisodiy operatorlar mahsulotning xavfsizligi uchun bevosita mas’ul hisoblanadi.
Shuningdek, iqtisodiy operatorlarga mahsulot xavfini baholash, texnik hujjatlarni yuritish, mahsulotni identifikatsiya qilish, iste’molchilardan kelib tushgan murojaatlarni hisobga olish hamda xavfli mahsulotlarni bozordan qaytarib olish bo‘yicha aniq majburiyatlar yuklatilmoqda.
Qonun bilan bozor nazoratining xavflarga asoslangan yangi mexanizmi joriy etilib, xavfli mahsulotlarni tezkor aniqlash va ularni muomaladan chiqarish bo‘yicha milliy axborot almashuvi tizimi tashkil etiladi.
Senatorlarning fikricha, qonun aholi hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, mahalliy mahsulotlar raqobatbardoshligi va eksport salohiyatini oshirish, shuningdek, mamlakatimiz texnik jihatdan tartibga solish tizimini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, ichki bozorga kiritilayotgan mahsulotlar xavfsizligini kafolatlash, iste’molchilarni xavfli mahsulotlardan himoya qilish va ularning bozorga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash uchun huquqiy asos yaratiladi.
Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qulladi.
Shundan so‘ng “Harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) va ular oila a’zolarining davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, xizmatni munosib rag‘batlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Mazkur qonun ana shu islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, harbiy xizmatchilar hamda ularning oila a’zolarining davlat pensiya ta’minotini milliy qonunchilik asosida kompleks tartibga solishga xizmat qiladi.
Muhokamada qayd etilganidek, shu vaqtga qadar mazkur sohadagi munosabatlar asosan sobiq Ittifoq davrida qabul qilingan huquqiy hujjatlar hamda ayrim xalqaro kelishuvlar asosida tartibga solib kelingan. Yangi qonun esa mazkur munosabatlarni O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va milliy qonunchiligi talablari asosida huquqiy jihatdan mustahkamlaydi.
Birinchi marta davlat pensiya ta’minoti huquqiga ega bo‘lgan shaxslar doirasi, xizmat yillari uchun pensiya, nogironlik pensiyasi va boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini tayinlash shartlari, ularni hisoblash, qayta hisoblash va to‘lash tartibi yagona qonun darajasida belgilab qo‘yilmoqda.
Shuningdek, uzoq yillar davomida halol xizmat qilgan harbiy xizmatchilarni ijtimoiy rag‘batlantirishga qaratilgan muhim yangiliklar nazarda tutilgan. Xususan, kalendar hisobida 30 yildan ortiq xizmat qilgan shaxslar uchun pensiyani hisoblashning eng yuqori miqdori 75 foizdan 100 foizgacha oshirilmoqda.
Muhimi, mazkur ijtimoiy kafolatlar faqat kelgusida pensiyaga chiqadigan harbiy xizmatchilarga emas, balki bugungi kunda pensiya olayotgan, kalendar hisobida 30 yildan ortiq xizmat qilgan harbiy xizmatchilar, xodimlar va ularning oila a’zolariga ham tatbiq etiladi.
Qonunda Vatan himoyasi yo‘lida xizmat qilgan insonlarning oilalarini ijtimoiy muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini tayinlashning huquqiy asoslari takomillashtirilib, harbiy xizmatchi xizmatni o‘tash davrida halok bo‘lgan yoki xizmat davrida olgan jarohati yoki kasalligi oqibatida vafot etgan hollarda uning oila a’zolarining davlat tomonidan pensiya bilan ta’minlanishiga oid kafolatlar mustahkamlanmoqda.
Ta’kidlanganidek, mazkur qonun harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish, ularning xizmatini munosib qadrlash hamda oila a’zolarining huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.
Senatorlar qonunni ma’qulladi.
Yalpi majlisda “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga pensiya tayinlash tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Oxirgi yillarda mamlakatimizda pensiya tayinlash tartibini soddalashtirish, sohani raqamlashtirish orqali ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, pensiya ta’minoti tizimida davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifatini yaxshilash, ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlash borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur qonun ham nogironligi bo‘lgan shaxslarning pensiya sohasidagi huquq va manfaatlari himoyasini yanada mustahkamlash maqsadlarini nazarda tutadi.
Qonun bilan fuqaroga I yoki II guruh nogironligi belgilanishi munosabati bilan nogironlik pensiyasini proaktiv shaklda tayinlash hamda pensiya tayinlanganidan keyin kamida bir yil ish stajiga ega bo‘lsa, ushbu pensiya turini har ikki yilda bir marotaba fuqaroning murojaatini talab etmagan holda proaktiv shaklda qayta hisoblab chiqish tartibi joriy etilmoqda.
Shuningdek, pensiyadan chegirma qilinganidan so‘ng fuqaroga to‘lanadigan pensiya miqdori eng kam iste’mol xarajatlari miqdoridan kam bo‘lmasligi belgilanmoqda.
Senatorlarning fikricha, qonun fuqarolarga nogironlik pensiyasini tayinlash tartibini soddalashtirishga va ularga ushbu sohada ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qulladi.
Senatning 18-yalpi majlisida “Reklama to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun ham muhokama qilindi.
Keyingi yillarda respublikamizda sug‘urta xizmatlari va kredit-moliya masalalari bo‘yicha iste’molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, aholi, shu jumladan, tadbirkorlar uchun qo‘shimcha yengilliklar yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga aholining, shu jumladan, tadbirkorlarning sug‘urtaga oid savodxonligini mustahkamlash uchun ommaviy axborot vositalari orqali keng qamrovli targ‘ibot ishlarini yo‘lga qo‘yish, kredit mahsulotlari reklamasida o‘z to‘lov qobiliyatini to‘g‘ri baholay olmaslik va qarz majburiyatlarini bajarmaslik moliyaviy xatarlarni yuzaga keltirishi mumkinligi to‘g‘risida iste’molchilar uchun ogohlantirish berilishini ta’minlash zarurati ham yuzaga kelmoqda.
Qonun bilan sug‘urta savodxonligini oshirishga qaratilgan axborot ham ijtimoiy axborot tarkibiga kirishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, sohalardagi vakolatli organlar ham ijtimoiy axborotning reklama beruvchilari jumlasiga kiritilib, moliyaviy xizmatlar reklamasida mazkur xizmatlardan foydalanish va qarz majburiyatlarini bajarmaslik moliyaviy xatarlarni yuzaga keltirishi mumkinligi to‘g‘risida ogohlantirish mavjud bo‘lishi kerakligini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Senatorlar ta’kidlaganidek, qonun aholida sug‘urta xizmatlariga bo‘lgan ishonch darajasini oshirishga hamda kredit bilan bog‘liq moliyaviy xatarlar to‘g‘risida aholining, shu jumladan, tadbirkorlarning xabardorligini oshirishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qulladi.
Shuningdek, Oliy Majlis Senatining 18-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada mamlakatimizda milliy va umuminsoniy qadriyatlar, davlatchiligimiz rivojining tarixiy tajribasiga tayangan holda davlat hokimiyati va boshqaruvining samarali tizimi yaratilgan. Davlat hokimiyatining tashkil etilishi, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati asoslari alohida boblarda batafsil bayon etilgan.
Konstitutsiyaning XIX bobi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga oid bo‘lib, unda Prezident davlat boshlig‘i maqomida davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini ta’minlashi, shuningdek, uning mamlakat boshqaruvi va taraqqiyotini ta’minlashdagi muhim vakolatlari mustahkamlangan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘z vakolatlarini amalga oshirishni tashkiliy, huquqiy, tahliliy jihatdan ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasini shakllantirishi, Prezident Administratsiyasining huquqiy maqomi, asosiy vazifalari, faoliyatini tashkil etish tartibi va vakolatlari qonun bilan belgilanishi nazarda tutilgan.
Mazkur qonun O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi talablaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, Prezident Administratsiyasining davlat boshqaruvi tizimidagi o‘rni, huquqiy maqomi va faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini konstitutsiyaviy qonun darajasida belgilashga qaratilgan.
Qonunda Administratsiyaning maqomi, faoliyatining asosiy prinsiplari, tarkibiy tuzilishi va faoliyatini tashkil etish tartibi, uning davlat hokimiyati organlari va tashkilotlari bilan o‘zaro aloqalari, Administratsiyaning mansabdor shaxslari, boshqaruv va xizmatchi xodimlari faoliyatining kafolatlari aniq belgilab berilmoqda.
Bundan tashqari, Administratsiyaning davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorligi hamda aloqalari huquqiy tartibga solinmoqda.
Qonunni tayyorlash jarayonida bir qator xorijiy davlatlar, xususan, AQSH, Finlyandiya, Chexiya, Slovakiya, Ruminiya, Latviya, Qozog‘iston va boshqa davlatlar tajribalari o‘rganilgan hamda tahlil qilingan.
Qonunni ma’qullash jarayonlari Senatning rasmiy internet platformalari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda namoyish etildi va senatorlar tomonidan keng muhokama qilindi.
Senatorlarning fikricha, Konstitutsiyaviy qonunning qabul qilinishi Prezident faoliyatini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlashning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirishga, davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga hamda boshqaruv jarayonlarining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qulladi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n sakkizinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati