O‘zbekiston-Qozog‘iston: Arxiv sohasida hamkorlik rivojlanish bosqichida
Qozog‘iston Respublikasi Ostona shahrida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi hamda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti arxivi o‘rtasida arxiv ishi va ish yuritish sohasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan anglashuv memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Qayd etilganidek, mazkur hujjat ikki mamlakat arxiv muassasalari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash, tajriba almashish mexanizmlarini takomillashtirish hamda arxiv ishini zamonaviy talablar asosida rivojlantirishga xizmat qiladi. Memorandum arxiv hujjatlarini saqlash, ulardan foydalanish, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash va sohaga innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha hamkorlikning yangi istiqbollarini belgilab beradi.

Marosimda tomonlar arxiv sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, raqamlashtirish jarayonlari hamda milliy arxiv fondlarini saqlash va ulardan foydalanish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan fikr almashdi. Ta’kidlanganidek, tarixiy hujjatli merosni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yetkazish masalasi bugungi kunda xalqaro hamkorlikni talab etuvchi ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.
Marosimdan so‘ng delegatsiyalar o‘rtasida ikki tomonlama muzokaralar tashkil etildi. Muzokaralar davomida arxiv hujjatlarini raqamlashtirish va elektron fondlarni shakllantirish, raqamli arxiv texnologiyalarini joriy etish, mutaxassislarning malakasini oshirish va stajirovkalar tashkil etish, qo‘shma ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar va davra suhbatlarini o‘tkazish masalalari batafsil muhokama qilindi.
Shuningdek, tomonlar tarixiy ahamiyatga ega hujjatlarni aniqlash, ularni ilmiy muomalaga kiritish, arxiv fondlaridagi ma’lumotlardan samarali foydalanish hamda arxiv xizmatlari faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirish, tajriba almashish dasturlarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda arxiv sohasi mutaxassislari o‘rtasidagi professional aloqalarni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.
Mazkur anglashuv memorandumining imzolanishi O‘zbekiston va Qozog‘iston arxiv muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, tarixiy hujjatli merosni saqlash va undan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
G.Boboyeva, O‘zA