O‘zbekiston Qahramoni o‘zi o‘qigan maktabda bo‘ldi
1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni
Qashqadaryolik O‘zbekiston Qahramoni Muhabbat Sharopova o‘quvchilik yillari o‘tgan, keyinchalik uzoq yillar o‘zi o‘qituvchilik qilgan Qarshi shahridagi 5-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabiga bordi.
Muhabbat Sharopova uzoq yillar shu maktabda matematika fanidan o‘quvchilarga saboq bergan va ko‘plab shogirdlar yetishtirgan. Matematika bo‘yicha maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilari qo‘lga kiritayotgan yutuqlarda uning ham hissasi beqiyos.
Maktabning sobiq o‘quvchisi va o‘qituvchisi har gal maktabga kelar ekan, shogirdlar bir pasda o‘rab olishadi. Ustoz maktabdagi ta’lim jarayoni, o‘quvchilarning yutuqlari bilan qiziqadi.
– Hozir nafaqada bo‘lsamda, baribir maktabdan ko‘nglimni uza olmayman, – deydi M.Sharopova. – O‘quvchilarni sog‘inaveraman. Shu bois tez-tez kelib turaman, hatto ba’zan darslar ham o‘taman. Bilimdon o‘quvchilarning yutuqlaridan quvonaman. Ular bilan shug‘ullanib, matematik masalalar, misollar ustida ishlasam, yengil tortaman. Uzoq yillik pedagogik faoliyatim davomida ta’lim tizimining hamma pastu balandini ko‘rdik. Mashaqqatli damlar ham ko‘p bo‘ldi. Lekin davlat rahbari boshchiligida bugungidek ta’limga e’tibor va g‘amxo‘rlik hech bir davrda bo‘lmagan. Bunday imkoniyat va qulayliklardan foydalanish, yanada yuqori marralarni zabt etish kerak. Ilm olishda ozgina dangasalik qilgan o‘quvchilarni ko‘rsam, shunday maslahatlar beraman.
[gallery-13759]
Aslida ushbu maktabda “ustoz-shogird” an’anasi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Shu bois 5-maktab milliy reyting natijalariga ko‘ra, nafaqat viloyatda, balki respublikada ham yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda.
Maktab o‘qituvchilarining 60 foizidan ortig‘i oliy, birinchi va ikkinchi toifa sertifikatiga ega. Mana uch yildirki, bitiruvchi sinf o‘quvchilarining oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichi 60-70 foizni tashkil etmoqda. Ko‘plab o‘quvchilar ingliz tilidan xalqaro sertifikatlarni ham qo‘lga kiritgan. Har yili maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladigan fan olimpiadalarining shahar, viloyat, respublika bosqichlari g‘oliblari orasida mazkur maktab o‘quvchilari ham bor.
Ma’lumot uchun: maktab 1955 yilda tashkil topgan bo‘lib, 720 o‘ringa mo‘ljallangan. Bugungi kunda ta’lim dargohida 1 ming 768 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Ularga 100 nafarga yaqin tajribali o‘qituvchi fan sirlarini o‘rgatib kelmoqda.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari.