O‘zbekiston Prezidentining Qirg‘izistonga amaliy tashrifi yakunlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Bishkek shahriga amaliy tashrifi yakunlandi.
Mamlakatimiz yetakchisi Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining yubiley yig‘ilishida ishtirok etgani tashrifning asosiy voqeasi bo‘ldi. Unda SHHTning 25 yillik taraqqiyot yo‘li sarhisob qilinib, o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.

Prezidentimiz sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, transport aloqalari, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish, oziq-ovqat, suv va energetika xavfsizligini mustahkamlash bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi. Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha Bishkek deklaratsiyasi hamda asosiy yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan muhim hujjatlar to‘plami qabul qilindi.

Shuningdek, O‘zbekiston yetakchisi BMTning adolatli ko‘p qutbli dunyo tartibotini shakllantirishdagi roliga bag‘ishlangan “SHHT plyus” formatidagi uchrashuvda nutq so‘zladi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining markaziy va muvofiqlashtiruvchi rolini saqlab qolish zarurligini ta’kidlab, “SHHT plyus”ni mintaqalararo muloqot maydoni sifatida rivojlantirishni taklif qildi.
Sammit doirasida Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish va AQSH Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Bishkekda davlatimiz rahbari rafiqasi bilan birga VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.
Tadbirlar yakunlangach, “Manas” xalqaro aeroportida O‘zbekiston Prezidenti va rafiqasini Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisi – Prezident Administratsiyasi rahbari Adilbek Qasimaliyev va boshqa rasmiylar kuzatib qo‘ydi.
Davlatimiz rahbari Toshkent shahriga qaytib keldi.