O‘zbekiston Prezidenti Toni Bler bilan hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-iyun kuni Buyuk Britaniyaning sobiq Bosh vaziri, Global o‘zgarishlar instituti raisi Toni Blerni qabul qildi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni ekspertlik jihatidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida Global o‘zgarishlar instituti bilan amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Toni Bler Yangi O‘zbekistondagi izchil va keng ko‘lamli transformatsiya jarayonlariga yuksak baho berdi. Yaqinda bo‘lib o‘tgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi yurtimiz investitsiyaviy jozibadorligini mustahkamlash, ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish va istiqbolli tashabbuslarni ilgari surish uchun samarali xalqaro maydon bo‘lgani e’tirof etildi.

Iqtisodiyotning muhim tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, yetakchi xalqaro texnologik kompaniyalar va yirik strategik investorlarni jalb etish hamda raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish, jumladan, ilg‘or innovatsion yechimlarni joriy qilish kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.