O‘zbekiston Prezidenti amaliy tashrif bilan Qozog‘istonda bo‘ladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan 15-may kuni amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari Turkiston shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining “Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish” mavzusidagi norasmiy sammitida ishtirok etadi.
Tadbir davomida ko‘p tomonlama hamkorlikni, birinchi navbatda, savdo-iqtisodiyot, investitsiya, transport-kommunikatsiya va ekologiya sohalarida hamda raqamli infratuzilmani rivojlantirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va sun’iy intellektni amalda qo‘llash borasida yanada kengaytirish xususida so‘z yuritiladi.
Delegatsiyalar rahbarlari xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalarni ham muhokama qiladilar.
Tadbir yakunida Turkiston deklaratsiyasini qabul qilish ko‘zda tutilgan.