O‘zbekiston – Ozarbayjon: millat kelajagi – ilmli ayollar qo‘lida
Munosabat
Bugun, 1 aprel kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligida bir guruh senatorlar va Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi Raisi Sahiba Gafarova boshchiligidagi Ozarbayjon parlament delegatsiyasi a’zolari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan izchil islohotlar natijasida O‘zbekiston – Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida ta’kidlandi.
Jumladan, har ikkala davlat parlamentlarining xalqaro aloqalar, siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar, shuningdek, gender tenglik, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya yo‘nalishlarida kelgusida o‘zaro aloqalarni yanada kuchaytirish masalalariga kelishib olindi.
S.Gafarova mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida barcha sohalarda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar va islohotlarni yuksak baholadi. Shu bilan birga, ayni vaqtga qadar ikki davlat o‘rtasida 135 ta hujjat imzolangani, yana 30 ga yaqin hujjat loyihasi imzolanish arafasida turganining o‘zi ham o‘zaro hamkorlikning yangi sifat bosqichiga ko‘tarilayotganiga yaqqol misol ekanini qayd etdi.
Tegishli qo‘mitalar o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish va kelgusida mahalliy Kengashlar vakillari doirasidagi o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashildi.
Mamlakatimizda xotin-qizlar ishtirokida olib borilayotgan tizimli ishlar, xususan ularni har tomonlama ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash, biznes yuritish, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ayollarga subsidiyalar ajratish, ayniqsa, bu borada yaqinda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirishga oid qabul qilingan farmon va qarorlar delegatsiya a’zolarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Shuningdek, delegatsiya rahbari tomonidan boshqaruvda ayollar ulushini oshirish ikki mamlakatning ustuvor vazifalaridan biri ekani, gender tenglikni ta’minlashda milliy qadriyatlarni hisobga olish, boshqaruvda xotin-qizlar ulushini oshirishda, eng avvalo, ularni o‘qitish ishlarini tizimli olib borish, zero ilmli ayollar – bilimli farzandlarni tarbiyalab, millat genofondini sifat jihatidan mustahkamlashda roli alohida ekani aytildi.
Ma’lumki, o‘zbek-ozarbayjon xalqlari o‘z qadriyati, milliy urf-odati, oila muqaddasligi, farzand tarbiyasiga bo‘lgan munosabat, yoshi ulug‘larga hurmat va e’tibor ko‘rsatish borasida mushtarak qarashlarga ega.
Uchrashuvda ana shu milliy ma’naviy boyligimizni hozirgi globallashuv ta’sirida yo‘qotmaslik, milliy qadriyatlar va urf-odatlarimizni kelgusi avlodga singdirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.
Ikkala mamlakatda ayollar tadbirkorligi, hunarmandchilik, oilaviy tadbirkorlik rivojlanganini inobatga olib, kelgusida ushbu yo‘nalishda ham tajriba almashish, tashriflarni amalga oshirish va o‘zaro aloqalarni yanada kengaytirishga kelishib olindi.
Shubhasiz, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash xalqlarimiz, xotin-qizlar va yoshlarimiz manfaatlariga xizmat qiladi.
Malika QODIRXONOVA,
Oliy Majlis Senati
Xotin-qizlar va gender tenglik
masalalari qo‘mitasi raisi