O‘zbekiston – Ozarbayjon: ishonchga asoslangan hamkorlik
Meningcha, Boku sammiti arafasida O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlarga nazar tashlasak, ishonchga asoslangan siyosiy muloqotning aniq iqtisodiy natijalarga aylanayotganini ko‘rish mumkin.
Bugungi murakkab geosiyosiy va geoiqtisodiy sharoitda davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, transport yo‘laklari va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Shu nuqtai nazardan, 2026-yil 15-oktabr kuni Ozarbayjon Respublikasi poytaxti Boku shahrida o‘tkazilishi belgilangan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning yettinchi sammiti muhim xalqaro voqeadir. Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, sammit davlat va hukumat rahbarlarini bir maydonda jamlab, o‘zaro ishonch, tinchlik, xavfsizlik, barqaror taraqqiyot hamda ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qilishga xizmat qiladi.
Yangi O‘zbekistonning ushbu tuzilma doirasidagi yondashuvi doimo amaliy mazmunga ega bo‘lib kelgan. Davlatimiz rahbari Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning 2022-yilgi VI sammitida qit’amizda ishlab chiqarish va logistika zanjirlarini rivojlantirish, transport yo‘laklarini kengaytirish, bilimlar iqtisodiyoti, raqamli texnologiyalar, oziq-ovqat kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surgan edi.
So‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasida izchil rivojlandi. 2026-yil 23-avgust kuni Toshkentda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev tomonidan Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolanishi munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy asosini yanada mustahkamladi. Shuningdek, 2030-yilga qadar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard AQSH dollariga yetkazish bo‘yicha maxsus dastur qabul qilindi.

Iqtisodchi sifatida e’tiborimni tortadigan jihat shundaki, ikki tomonlama munosabatlarda endi faqat savdo hajmini ko‘paytirish emas, balki sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish va qo‘shilgan qiymat zanjirlarini birgalikda yaratish masalasi ustuvor bo‘lib bormoqda.
So‘nggi besh yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi uch barobarga ortgan. Energetika, kimyo, tog‘-kon sanoati, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, shaharsozlik, moliya, qurilish materiallari va turizm kabi sohalarda qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Qo‘shma tashabbuslarni moliyalashtirishda dastlabki kapitali 500 million dollar bo‘lgan O‘zbekiston – Ozarbayjon investitsiya kompaniyasi ham muhim iqtisodiy mexanizm bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, transport va logistika sohasidagi hamkorlik ikki davlat iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega. Markaziy Osiyoni Janubiy Kavkaz orqali Yevropa bozorlari bilan bog‘laydigan Transkaspiy yoki O‘rta yo‘lak imkoniyatlaridan samarali foydalanish eksport geografiyasini kengaytirish, tashish muddati va xarajatlarini maqbullashtirish nuqtai nazaridan katta istiqbolga ega. O‘zbekiston va Ozarbayjon rahbarlari ushbu transport yo‘lagini birgalikda rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratmoqda.
Bu jarayonlarning Namangan viloyati misolida ham amaliy ifodasini ko‘rish mumkin. Xususan, 2024-yilda O‘zbekiston Respublikasining Namangan va Ozarbayjonning Mingechevir shaharlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik to‘g‘risida O‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan. 2026-yil avgust oyida Namangan delegatsiyasining Ozarbayjonga tashrifi davomida Mingechevir rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazilib, sanoat, investitsiya, tadbirkorlik, turizm va savdo sohalarida yangi qo‘shma loyihalarni shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
Bundan ham muhimroq amaliy misol Pop tumanidagi Oqtepa kumush konini o‘zlashtirish loyihasidir. Ozarbayjon bilan hamkorlikda “Great Fortune International” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu investitsiya loyihasining umumiy qiymati 50 million AQSH dollarini tashkil etadi.
Loyiha to‘liq ishga tushgach, yiliga 700 ming tonna ma’danni qayta ishlash imkoniyati yaratilishi, 1000 ta yangi ish o‘rni tashkil etilishi va har yili 50 million dollarlik eksport amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Deputat va iqtisodchi sifatida bu raqamlarga, eng avvalo, aholi manfaati nuqtai nazaridan qarayman. Mingta yangi ish o‘rni bu shuncha oilaning barqaror daromad manbai demak. 50 million dollarlik eksport esa viloyatimiz tashqi savdo salohiyatini oshirish, sanoat tarkibini diversifikatsiya qilish, mahalliy byudjet tushumlari va yondosh xizmatlar rivojiga qo‘shimcha imkoniyat demakdir.
Namangan viloyati singari aholi zich joylashgan va tadbirkorlik an’analari kuchli hudud uchun tashqi investitsiyani oddiy moliyaviy resurs sifatida emas, balki yangi texnologiya, zamonaviy boshqaruv madaniyati, eksport bozori va yuqori unumli ish o‘rinlarini olib keluvchi vosita sifatida ko‘rish muhim.
Shu ma’noda, Namangan – Mingechevir hamkorligini sanoat kooperatsiyasi, to‘qimachilik, meva-sabzavotni chuqur qayta ishlash, qurilish materiallari, turizm va logistika yo‘nalishlarida aniq biznes loyihalari bilan boyitish uchun imkoniyatlar mavjud. Buning uchun hudud tadbirkorlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotini ko‘paytirish, qo‘shma korxonalar tashkil etish va ikki bozorga mahsulot chiqarish mexanizmlaridan keng foydalanish maqsadga muvofiq.
Boku sammiti nafaqat Osiyo qit’asida tinchlik va o‘zaro ishonch masalalarini muhokama qilish, balki mamlakatlar o‘rtasida iqtisodiy bog‘liqlikni kuchaytirish uchun ham muhim muloqot maydonidir. Chunki bugun xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot bir-biri bilan chambarchas bog‘liq: ishonch bor joyda investitsiya keladi, savdo rivojlanadi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi va xalqlar o‘rtasidagi aloqalar mustahkamlanadi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida shakllanayotgan hamkorlik modeli ham aynan shu tamoyilning amaliy ifodasi bo‘lib, uning samarasini mamlakatlar miqyosida ham, Namangan kabi hududlar misolida ham ko‘rish mumkin.
Ma’rufjon Rahmonov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
O‘zA