O‘zbekiston olimpiya harakati mutasaddilari OOK yig‘ilishida qatnashdi
Xitoyning Sanya shahrida Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) Ijroiya qo‘mitasining 109-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda ishtirok etgan OOK vitse-prezidenti, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov hamda bosh kotibi Oybek Qosimov tadbir davomida Osiyo olimpiya harakati rahbarlari, Xalqaro sport tashkilotlari mutasaddilari bilan manfaatli hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish istiqbollari haqida suhbatlashdi. Bir qator kelishuvlarga erishildi.

"Sanya-2026" Osiyo sohil o‘yinlari arafasida tashkil qilingan mazkur yig‘ilishda bo‘lajak musobaqaga tayyorgarlik ishlari, shuningdek, "Aichi-Nagoya-2026" yozgi Osiyo o‘yinlariga ko‘rilayotgan hozirlik yuzasidan taqdimotlar namoyish etildi.

Shu bilan birga, yig‘ilishda OOKning turli bo‘limlari hisobotlari tinglanib, 2030-yilgi Jang san’ati va yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlariga mezbonlikka nomzod davlatlarning takliflari ko‘rib chiqildi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA