O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston: Sport sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi
O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston rasmiylari o‘rtasida jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirishdagi o‘zaro hamkorlik mavzusida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot jarayonida Mo‘g‘uliston prezidenti maslahatchisi Sharxu Amarsayxan boshchiligidagi delegatsiya hamda O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi va MOQ rahbariyati jismoniy tarbiya va sport, Olimpiya harakati yo‘nalishlarida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashish hamda qo‘shma loyihalarni ko‘rib chiqish masalalarini muhokama qildi.

Shuningdek, uchrashuv davomida kelasi oy Toshkentda o‘tadigan boks bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatiga tayyorlanayotgan O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston terma jamoalari ishtirokida qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari haqida ham so‘z bordi.
Yakunda tomonlar mavjud aloqalarni yanada mustahkamlash va uni yangi bosqichga olib chiqish borasida ma’lum bir kelishuvlarga erishdi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA