O‘zbekiston milliy terma jamoasi ketma-ket uchinchi xalqaro turnir g‘olibiga aylandi
Endilikda O‘zbekiston terma jamoasini yana bir katta turnir Jahon chempionati kutib turibdi.
Fabio Kannavaro boshchiligidagi terma jamoamiz a’zolari CAFA va “Al-Ain Cup” chempionligidan so‘ng endi FIFA tomonidan tashkil etilgan FIFA Series-2026 turnirining ham bosh sovrinini qo‘lga kiritdi.
Dastlab 29-avgustdan 8-sentabrga qadar poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan "CAFA Nations Cup-2025" musobaqasida azaliy raqib Eron milliy terma jamoasini 119-daqiqada qanot himoyachimiz Hojiakbar Alijonov tomonidan kiritilgan yagona gol evaziga taslim etib, ilk bor musobaqa g‘olibligini qo‘lga kiritgan edi.

2025-yilning noyabr oyida "oq bo‘rilar" Birlashgan Arab Amirliklarining Al-Ayn shahrida "Al-Ain Cup" xalqaro turnirida ishtirok etdi. Dastlab yarim finalda Muhammad Saloh yetakchiligidagi Misr terma jamoasi Oston O‘runovning dubli evaziga mag‘lub etildi. Finalda esa yana o‘sha Eron terma jamoasi raqiblik qiladigan bo‘ldi. Bellashuvda Abduqodir Husanov qizil kartochka olib maydonni tark etgan bo‘lsa-da, vakillarimiz raqibdan ustun ekanini isbotladi. Bahsda g‘olib nomi penaltilar seriyasida aniqlanadigan bo‘ldi. Lotereyada esa terma jamoamiz 4:3 hisobida g‘alaba qozonib, turnir g‘olibligini tantana qilgan. Bu Fabio Kannavaro uchun milliy jamoamiz boshqaruvidagi ilk sovringa aylandi.

Joriy yilning 27-30-mart kunlari yurtimiz mezbonlik qilgan "FIFA Series-2026" xalqaro turnirida ham vakillarimiz nimalarga qodir ekanini ko‘rsatib qo‘ydi. Dastlab, Eldor Shomurodov, Jahongir O‘rozov va Alisher Odilovning gollari evaziga Gabon terma jamoasi taslim etildi. Hal qiluvchi bahsda esa "oq bo‘rilar"ga Lotin Amerikasi vakili Venesuela terma jamoasi raqiblik qildi. Uchrashuv nursiz durang bilan yakuniga yetdi va musobaqa reglamentiga ko‘ra, g‘olib nomi penaltilar seriyasida aniqlandi. Futbol lotereyasida esa terma jamoamiz 5:4 hisobida g‘alaba qozonib, chempionlikni qo‘lga kiritdi.

Endilikda O‘zbekiston terma jamoasini yana bir katta turnir Jahon chempionati kutib turibdi.