O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishi jadal davom etmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimiz markazida barpo etilayotgan O‘zbekiston Milliy muzeyining qurilish jarayonini ko‘zdan kechirdi.
Ushbu yirik loyiha Prezidentimizning 2025-yil 1-iyuldagi tegishli qaroriga asosan amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari o‘tgan yil avgust oyida mazkur inshoot qurilishiga tamal toshi qo‘ygan edi.

Mamlakatimiz yetakchisi muzey hududida olib borilayotgan keng ko‘lamli qurilish-montaj ishlari, ob’ektlar poydevori va muhandislik infratuzilmasini barpo etish jarayoni bilan tanishdi. Majmua yurtimizning boy tarixi, madaniyati va kelajak intilishlarini namoyon etadigan muhim madaniy maskan bo‘lishi ta’kidlandi.
Muzeyning me’moriy qiyofasi va mazmun-mohiyati dunyodagi ilg‘or tajribalar asosida shakllantirilgan. Loyiha mashhur yaponiyalik me’mor Tadao Ando tomonidan yaratilgan, ekspozitsiya konsepsiyasi esa Germaniyaning “Atelier Brückner” tashkiloti tomonidan tayyorlangan.

Majmuaning umumiy maydoni 3,9 gektarni, bino maydoni esa 40 ming kvadrat metrdan ortiqni tashkil etadi. Inshoot 3 qavatli asosiy bino hamda 2 qavatli yer osti qismidan iborat bo‘ladi.

Muzey maydonining 60 foizi ta’lim va ilmiy faoliyatga ajratiladi. Bu yerda ko‘rgazma zallari, boy kutubxona, restavratsiya laboratoriyalari va konferensiya zallari joylashadi. Oilalar va yoshlarning mazmunli hordiq chiqarishi uchun restoranlar hamda bolalar maydonchalari ham tashkil etiladi.

Ushbu madaniy maskan bir vaqtning o‘zida 3 ming 500 nafargacha tashrif buyuruvchini qabul qila oladi. Bu yerda 10 mingga yaqin tarixiy va san’at eksponatlari namoyish etiladi.
Bino qurib bitkazilgach, atrofidagi Abulqosim madrasasi, Xalqlar do‘stligi saroyi va Milliy bog‘ bilan birgalikda yaxlit me’moriy ansamblni hosil qiladi.

Fransiyaning Luvr, AQSHning Metropoliten va Britaniya muzeylari kabi dunyoning nufuzli madaniy muassasalari bilan qo‘shma ko‘rgazmalar o‘tkazish bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

Prezidentimiz mutasaddilarga qurilish ishlarini belgilangan muddatlarda va yuqori sifat standartlari asosida bajarish bo‘yicha topshiriqlar berdi.