O‘zbekiston milliy brendi Xitoyda keng namoyish etildi
O‘zbekistonning eksport salohiyati xalqaro bozorlarda tobora kengayib bormoqda. Ayniqsa, Xitoy bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, milliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga olib chiqish borasida amaliy ishlar izchil davom etmoqda. Bu jarayonda “Made in Uzbekistan” brendi ostida tashkil etilayotgan xalqaro ko‘rgazmalar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xitoy Xalq Respublikasining Sian shahrida 20–25-may kunlari o‘tkazilayotgan Hududlararo forum doirasida “Made in Uzbekistan” milliy brendi ostida ko‘rgazma tashkil etildi.

Mazkur ko‘rgazmada O‘zbekistonning eksportbop 42 turdagi sara va qayta ishlangan mahsulotlari namoyish etilmoqda. Xususan, ziravorlar, margarin mahsulotlari, quritilgan meva-sabzavotlar, dukkakli mahsulotlar, vino mahsulotlari hamda boshqa oziq-ovqat turlari xitoylik tadbirkorlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Ayni paytda O‘zbekistonning 82 ta kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 28 turdagi mahsulot Xitoy davlat reyestridan muvaffaqiyatli o‘tkazilgan. Forum doirasida tashkil etilgan B2B uchrashuvlari natijasida Xitoyning “Randesi”, “Sani”, “Leato” kabi yirik savdo kompaniyalari bilan umumiy qiymati 20 million dollarlik kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev milliy ko‘rgazma paviloni faoliyati bilan yaqindan tanishib, ishtirokchi korxonalar mahsulotlarini ko‘zdan kechirdi. Mazkur ko‘rgazma O‘zbekiston mahsulotlarining xalqaro bozordagi raqobatbardoshligini namoyon etish, eksport hajmini yanada oshirish hamda yangi sheriklar bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA