O‘zbekiston MDH davlatlari orasida simli internet tezligi bo‘yicha birinchi o‘ringa chiqdi
O‘zbekiston joriy yil avgust oyida Speedtest Global Index reytingida ham mobil, ham simli internet tezligi bo‘yicha uch pog‘onaga yuqoriladi.
Mobil internet bo‘yicha mamlakatimizda yuklab olish tezligi 62,42 Mbit/s dan 65,27 Mbit/s gacha oshdi. Natijada O‘zbekiston 75-o‘rindan 72-o‘ringa ko‘tarildi.
O‘zbekiston mobil internet tezligi bo‘yicha 5 yilda 65 pog‘onaga yuqoriladi.
Simli internet bo‘yicha yuklab olish tezligi ham bir oy ichida 94,23 Mbit/s dan 94,50 Mbit/s gacha oshdi. O‘zbekistonning reytingdagi o‘rni 76-o‘rindan 73-o‘ringa ko‘tarildi. MDH davlatlari orasida O‘zbekiston simli internet tezligi bo‘yicha yuqori natija qayd etib, birinchi o‘rinda bormoqda.
Shuningdek, 2026-yil boshidan buyon mobil internetning yuklab olish tezligi sakkiz oy davomida 27 foizga oshib, 51,42 Mbit/s dan 65,27 Mbit/s gacha yetdi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA