O‘zbekiston mahsulotlari uchun Yevropa va AQSH bozorlariga yo‘l ochilmoqda
Chexiyalik eksport treyderi Tomash Mikiska ishtirokida Texnik jihatdan tartibga solish agentligi mutaxassislari tomonidan mahalliy to‘qimachilik mahsulotlarining eksport salohiyatini oshirish hamda uni Yevropa Ittifoqi va AQSH bozorlariga kengaytirish masalalari yuzasidan amaliy ishlar olib borildi.
Mazkur jarayon doirasida Toshkent shahri hamda Toshkent viloyatida faoliyat yuritayotgan “Ideal”, “Diva Teks”, “Uztex” va “Barrier Teks” kabi yirik to‘qimachilik korxonalarida o‘rganish ishlari tashkil etildi. Unda korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlari, mahsulot sifati, xalqaro standartlarga muvofiqlik darajasi, eksport salohiyati hamda logistika imkoniyatlari atroflicha tahlil qilindi.

Ta’kidlanganidek, hozirgi kunda jahon bozorlarida raqobat kuchli bo‘lib, mahsulotlarni eksport qilishda sifat standartlari va sertifikatlashtirish talablari alohida ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtai nazardan, Yevropa Ittifoqi va AQSH bozorlari talablariga mos mahsulotlar ishlab chiqarish, sertifikatlashtirish jarayonlarini takomillashtirish hamda tashqi bozorlarga chiqish mexanizmlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha fikr almashildi.

Uchrashuvlar yakunida mahalliy korxonalar mahsulotlarini Yevropa Ittifoqi va AQSH bozorlariga eksport qilish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, amaliy ishlar va qo‘shma loyihalarni izchil davom ettirishga kelishib olindi.
Bu kabi hamkorlik aloqalari mamlakat to‘qimachilik sanoatining xalqaro bozorlardagi o‘rnini mustahkamlash, eksport geografiyasini kengaytirish hamda raqobatbardosh mahsulotlar ulushini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA